Koraeva Zamiraxon Abdulxamidovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Munchoqtepa qabristonidan topilgan taqinchoqlar va ularning farg‘onaliklar madaniy hayotidagi o‘rni (V-VIII asrlar)”, 07.00.06 - Arxeologiya (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar784
Ilmiy rahbar: Matbabaev Bokijon Xoshimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01.
Rasmiy opponentlar: O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Shirinov Temur Shirinovich va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Ilyasova Saida Ravilevna
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Munchoqtepa qabristonidan topilgan taqinchoqlarni kompleks o‘rganish va ularning Farg‘ona aholisining V asrdan VIII asr boshlarigacha bo‘lgan madaniy hayotida tutgan o‘rnini aniqlashdan iborat
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Munchoqtepa I va Munchoqtepa II qabristonidan topilgan taqinchoqlar hamda pardoz-andoz buyumlari tizimli tipologik jihatdan tahlil qilindi. Natijada shisha va pastadan tayyorlangan 19 983 ta munchoq umumiy taqinchoqlarning 98,39 foizini, boshqa turdagi xomashyolardan ishlangan 327 ta buyum esa 1,61 foizini tashkil etishi aniqlandi. Shulardan 4 908 ta shisha va pasta munchoq morfologik belgilariga ko‘ra o‘rganilib, 47 ta tipga ajratildi hamda V-VIII asrlar davomida taqinchoqlar tarkibida yuz bergan o‘zgarishlar aniqlandi: V-VI asrlarga oid majmualarda mineral xomashyodan tayyorlangan buyumlar nisbatan ko‘proq uchrasa, VII-VIII asrlarda shisha va pasta munchoqlarning ulushi ortib borganligi asoslangan;
ilk bor ilk o‘rta asrlar Farg‘onasi dafn majmualarida organik va hayvonot xomashyosidan tayyorlangan noyob taqinchoq va buyumlar toifalari aniqlanib, ilmiy muomalaga kiritildi. Ular jumlasiga 122 ta teshilgan Bodhi daraxti urug‘i, 15 ta kurkuma ildizpoyasi, 48 ta baliq umurtqasidan tayyorlangan munchoq, Markaziy Osiyo toshbaqasi (Testudo horsfieldii Gray, 1844) suyagidan ishlangan ikkita munchoq, shuningdek, kauri chig‘anoqlari kiradi. Ularning asosan ayollar va bolalar dafnlarida uchrashi, dafn inventaridagi o‘rni hamda qiyosiy ma’lumotlar ushbu buyumlarni nafaqat bezak unsurlari, balki himoyaviy, davolovchi-magik va ramziy ma’no tashuvchi predmetlar sifatida talqin qilish mumkinligi aniqlangan;
ilk bor 3 088 ta taqinchoq namunasi asosida ularning Munchoqtepa I va Munchoqtepa II dagi yakka turdagi qabrlar hamda sag‘analar bo‘yicha taqsimlanish xususiyatlari aniqlanib, dafn etilganlarning jinsi va yoshiga bog‘liq farqlar belgilandi. 1 628 ta buyum yakka qabrlardan (52,72 foiz), 1 460 tasi esa sag‘analardan (47,28 foiz) topilgani aniqlandi. Shisha, pasta va organik xomashyodan tayyorlangan munchoqlar, shuningdek, kosmetik qutichalar va pardoz-andoz buyumlari asosan ayollar va bolalar dafn majmualarida uchrashi, erkaklar qabrlarida esa ayrim yirik tosh munchoqlarning qayd etilishi aniqlandi. Taqinchoqlarning bo‘yin, ko‘krak, qo‘l, bel sohasi hamda kiyimning ayrim qismlarida joylashuvi ularning dafn libosi bilan bog‘liqligini aniqlash va ilk o‘rta asrlar Farg‘onasi aholisida taqinchoqlardan foydalanishning jins-yoshga xos xususiyatlarini belgilash imkonini berishi dalillangan;
tabiiy-ilmiy tadqiqotlar natijasida Munchoqtepa taqinchoqlarining xomashyo tarkibi va texnologik xususiyatlari aniqlashtirildi. Metall taqinchoqlar va pardoz-andoz buyumlarining rentgen-fluorestsent tahlili ularda qo‘llanilgan qotishmalar tarkibini aniqlash hamda buyumlarni tayyorlash texnologiyasining ayrim xususiyatlarini konkretlashtirish imkonini berdi. Munchoqtepa I qabristonidagi 1, 2, 5 va 6-sonli qabrlardan olingan 55 ta shisha namunasining LA-ICP-MS usulidagi tahlili o‘simlik kuli asosida tayyorlangan natriy-kalsiyli shisha guruhini aniqladi; ushbu namunalarda MgO miqdori 3-5 foiz, K₂O 1,5-3,5 foiz va Al₂O₃ 1,5-3 foizni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkichlar tadqiq etilgan namunalar Sosoniylar davri shishasozlik texnologik an’analariga yaqinligini ko‘rsatib, ilk o‘rta asrlarda Farg‘onaning texnologik va mintaqalararo aloqalari haqidagi tasavvurlarni kengaytirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Munchoqtepa qabristonidan topilgan taqinchoqlar va ularning farg‘onaliklar madaniy hayotidagi o‘rni (V-VIII asrlar)” mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Munchoqtepa taqinchoqlarining xomashyo, tipologik va morfologik tasnifi, shisha va pasta munchoqlarining turlari, Bodhi urug‘i, kurkuma ildizpoyasi, baliq umurtqasi va toshbaqa suyagidan tayyorlangan noyob taqinchoqlarning ilmiy talqini, shuningdek, dafn marosimlari, hunarmandchilik an’analari va mintaqalararo aloqalarga oid xulosalardan “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Vaqt mashinasi” ko‘rsatuvi ssenariysi va materiallarini tayyorlashda foydalanilgan. Natijada Munchoqtepa nekropoli, qadimgi Bop (Pop) shahri hamda Farg‘ona vodiysining V-VIII asrlardagi moddiy madaniyati va madaniy aloqalari keng jamoatchilikka ilmiy asosda yoritilgan (“Ma’rifat” ijodiy birlashmasining 2026-yil 16-iyuldagi 01-32/571-son ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya doirasida ishlab chiqilgan Munchoqtepa qabristoni taqinchoqlarining tipologik tasnifi, xronologiyasi, funksional xususiyatlari va madaniy aloqalardagi o‘rniga oid ilmiy xulosalar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining ekspozision hamda ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga joriy etilgan. Mazkur natijalardan 2023-yil 24-noyabrdan 2024-yil 15-sentabrgacha tashkil etilgan “Ipak va Ipak yo‘li: Hanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasini tayyorlashda, xususan, Munchoqtepa qabristonidan topilgan bir rangli, chiziqli va ko‘zli shisha munchoqlar, metall pardoz-andoz qutichalari, zanjir va uzuklarni ilmiy tavsiflash, atribusiya qilish, xronologik talqin etish hamda ekspozisiyaga tayyorlash jarayonlarida foydalanilgan. Natijada ko‘rgazmaning ilmiy mazmuni boyitilib, tashrif buyuruvchilarga Farg‘ona vodiysi aholisining V-VIII asrlardagi moddiy madaniyati, hunarmandchilik an’analari va mintaqalararo aloqalari haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2026-yil 31-iyuldagi 04-05/4033-son ma’lumotnomasi).