Alisherova Mahliyo Abdunabi qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bosh miya o‘smalarining diagnostikasida MRT tekstura tahlilining imkoniyatlari», 14.00.19 - Klinik radiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Tib4623.
Ilmiy rahbar: Xodjibekov Marat Xudoykulovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat tibbiyot universiteti, DSs.06/2025.27.12.Tib.01.08.
Rasmiy opponentlar: Ablyazov Otabek Vaxabovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Alimov Ijod Rustamovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish algoritmlaridan foydalangan holda bosh miya o‘smalarining an’anaviy MRT diagnostikasi samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bosh miya xavfsiz va xavfli o‘smalarini operatsiyadan oldin tashxislash va farqlashda MRTning 7 ta informativ semantik belgisi asosida prognostik model` ishlab chiqilgan bo‘lib, tashxis aniqligini 74,3%dan 83,4%gacha oshirish imkoni berishi isbotlangan (AUC=0,899; sezgirlik 81,1%; o‘ziga xoslik 86,4%);
T2-vaznli MRT tasvirlarining tekstura xususiyatlarini miqdoriy tahlil qilish orqali vizual baholashda aniqlanmaydigan o‘sma ichki geterogenligini aks ettiruvchi informativ radiomik belgilar aniqlangan va ularning xavfsiz hamda xavfli o‘smalarni operatsiyadan oldin farqlashda yuqori diagnostik qiymatga ega ekanligi (AUC=0,802) isbotlangan;
past darajali gliomalarda agressiv o‘sishga xos MRT belgilarining yuqori chastotada uchrashi an’anaviy vizual baholash aniqligini 64,1%gacha pasaytirishi aniqlangan hamda 8 ta informativ semantik belgi asosida past va yuqori darajali gliomalarni operatsiyadan oldin 84,5% aniqlik va 90,0% sezgirlik bilan farqlash imkoniyati asoslangan;
semantik va radiomik MRT belgilarini integratsiyalash asosida bosh miya xavfsiz va xavfli o‘smalarini operatsiyadan oldin farqlash aniqligini 74,3%dan 85,9%gacha oshirish (AUC=0,923) hamda gliomalarning xavflilik darajasini aniqlashda diagnostik samaradorlikni oshirish imkonini beruvchi gibrid mashinali o‘rganish modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bosh miya o‘smalarining magnit-rezonans diagnostikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
birinchi ilmiy yangilik: an’anaviy MRTning semantik belgilarini formallashtirish va o‘smalarni binar farqlash modeli ishlab chiqilgan (model` «Bosh miya o‘smalarini tavsiflash va bashorat qilish uchun MRT-skoring tizimi» nomli EHM dasturi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan, № DGU 59826, 13.02.2026). Mazkur taklif Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 23.06.2025 yildagi 79-son va Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 24.06.2025 yildagi 18-T-son buyruqlari bilan klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorlik: MRT ma’lumotlarini mashinali o‘rganish algoritmlari asosida tahlil qilish tashxis aniqligini oshirish, mutaxassisning sub’ektiv talqiniga bog‘liqlikni kamaytirish, diagnostik xatolar va asossiz jarrohlik aralashuvlari xavfini pasaytirish imkonini berishidan iborat. Iqtisodiy samaradorlik: binar farqlash modelini qo‘llash noaniq tashxislar sababli tayinlanadigan takroriy kontrastli MRT (603 680 so‘m), MSKT (1 099 840 so‘m) tekshiruvlari hamda bemorning statsionarda asossiz qolish muddatini (1 o‘rin-kun - 347 200 so‘m) qisqartirish hisobiga diagnostik xarajatlarni tejash imkonini beradi.
ikkinchi ilmiy yangilik: T2-vaznli MRT tasvirlari asosida informativ radiomik belgilar aniqlangan va radiomik model` ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur taklif Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 23.06.2025 yildagi 79-son va Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 24.06.2025 yildagi 18-T-son buyruqlari bilan klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorlik: radiomik tahlil o‘smaning xavflilik darajasini o‘z vaqtida aniqlash, tegishli davolash taktikasini erta belgilash, operatsiyadan keyingi nogironlik xavfini kamaytirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini berishidan iborat. Iqtisodiy samaradorlik: T2-vaznli MRT tasvirlarining radiomik tahlili qo‘shimcha invaziv va qimmat diagnostik muolajalarga, takroriy skanerlashlarga hamda ortiqcha neyrovizualizatsiya bosqichlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish orqali tibbiyot muassasasi resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.
uchinchi ilmiy yangilik: bosh miya glial o‘smalarining xavflilik darajasini baholash uchun semantik va radiomik MRT belgilari asosida mashinali o‘rganish modellari ishlab chiqilgan va ularning diagnostik samaradorligi baholangan bo‘lib, mazkur taklif Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 23.06.2025 yildagi 79-son va Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 24.06.2025 yildagi 18-T-son buyruqlari bilan klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorlik: mashinali o‘rganish modellarini qo‘llash gliomalarni operatsiyadan oldin yuqori aniqlikda tashxislash, xavfli jarayonni noto‘g‘ri baholash ehtimolini kamaytirish va davolash taktikasini o‘z vaqtida belgilash imkonini berishidan iborat. Iqtisodiy samaradorlik: gliomalarning xavflilik darajasini erta va aniq baholash noto‘g‘ri terapiya bosqichlarining oldini olish, ortiqcha statsionar davolanish muddatini (1 o‘rin-kun — 347 200 so‘m) va qimmatbaho qo‘shimcha tekshiruvlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish hisobiga byudjet mablag‘larini tejash imkonini beradi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: semantik va radiomik MRT markerlarini yagona mashinali o‘rganish modeliga integratsiya qilish operatsiyadan oldin bosh miya o‘smalarini farqlash aniqligini 74,3%dan 85,9%gacha oshirgan. Bosh miya o‘smalari tabiatini noinvaziv tashxislash va prognozlash aniqligini oshirish bo‘yicha olingan natijalar Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 23.06.2025 yildagi 79-son va Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 24.06.2025 yildagi 18-T-son buyruqlari bilan klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorlik: operatsiyadan oldingi bashorat aniqligini 85,9%gacha oshirish gliomalarning xavfli shakllarini erta aniqlash, tegishli davolashni o‘z vaqtida boshlash, noaniq tashxislar va keraksiz jarrohlik aralashuvlari sonini kamaytirish imkonini berishidan iborat. Iqtisodiy samaradorlik: gibrid modelni qo‘llash takroriy kontrastli MRT (603 680 so‘m), kontrastli MSKT (1 099 840 so‘m) va statsionarda asossiz qolish (1 o‘rin-kun - 347 200 so‘m) bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirib, to‘g‘ri tashxis qo‘yilgan har bir murakkab klinik holatda bevosita tibbiy xarajatlarni o‘rtacha 1,0–1,5 million so‘mgacha tejash imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish