Muxammadiev Suxrob Baxtiyor o‘g‘lining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida chorvachilik leksikasining semantik, genetik va leksikografik tadqiqi”, 10.00.13 - Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4445.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.11.05.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Xo‘jamurod Jabborovich, filologiya fanlari doktori, professor; Axmedov Oybek Saporbaevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida chorvachilik leksikasining semantik, genetik va leksikografik xususiyatlarini qiyosiy asosda tadqiq etish hamda ularning tarjimaviy va amaliy qo‘llanishiga doir ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zooterminlarning semantik parametrlari va tushuncha maydonlarining taksonomik ko‘rsatkichlari (tur, jins, yosh, fiziologik holat, ishlab chiqarish hamda texnologik jarayonlar) ajratilib, ularning operatsional modeli ishlab chiqilib shu model asosida termin birliklarini izchil va takrorlanadigan tarzda identifikatsiya qilish, o‘zbek hamda ingliz tillaridagi zooterminlarning semantik moslik va tafovutlarini aniqlash, tillararo ekvivalentlikni formal tavsiflash hamda ko‘p tilli terminologik resurslarni yaratish uchun ilmiy-metodik asos vazifasini bajarishi dalillangan;
qisman, kontekstga bog‘liq va soxta ekvivalentlik turlarini ajratishga asoslangan zooterminlarning tillararo ekvivalentligi tipologiyasi vositasida zooterminlarning semantik moslik darajasini differensial baholash, tillararo terminologik nomuvofiqliklarni aniqlash hamda tarjima, terminografiya va lingvodidaktik materiallarda ekvivalent tanlashning izchil ilmiy mezonlarini shakllantirish imkonini yaratgan;
zooterminlarning leksikografik talqini uchun semantik aniqlik, taksonomik izchillik, konseptual mansublik, tillararo ekvivalentlik, funksional-uslubiy xususiyat va kontekstual verifikatsiya mezonlariga asoslangan ilmiy tavsif tamoyillari shakllantirilib, ushbu tamoyillar zooterminlarni o‘zbek va ingliz tillarida yagona metodologik asosda izohlash, lug‘at maqolalarini standartlashtirish hamda terminlarning semantik va funksional xususiyatlarini kompleks yoritish imkonini bergan;
zooterminlarning ikki tilli standartlashtirilgan lug‘atini tuzish uchun lug‘at maqolasining yangi leksikografik modeli ishlab chiqilib, ushbu model reestr termin, paradigma, deskriptiv izoh, inglizcha ekvivalent, misol, tematik maydon, etimologiya va illyustrativ kontekstni yagona mikrostrukturaga integratsiyalash orqali zooterminlarni tizimli tavsiflash, ularning mazmunini to‘liq ochib berish imkoniyati dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida chorvachilik leksikasining semantik, genetik va leksikografik xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida ishlab chiqilgan ilmiy-nazariy xulosalar, uslubiy va amaliy takliflar asosida:
o‘zbek va ingliz tillaridagi chorvachilik leksikasining semantik va genetik qiyosiy-tahliliy tadqiqi, chorvachilik terminlarining semantik parametrlari, tushuncha maydonlarining taksonomik ko‘rsatkichlari, tur, jins, yosh, fiziologik holat, ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarga oid birliklarning tillararo mosligi hamda zooterminlarning ekvivalentlik tipologiyasiga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2025-yillarda amalga oshirilgan Erasmus+ International KA107 Credit Mobility Key Action 1 – Mobility for learners and staff – Higher education student and staff mobility (Gumboldt, Germaniya) nomli ilmiy loyihada foydalanildi. (A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2026-yil 11 martdagi № 04/1-1332 sonli ma’lumotnomasi). Natijada chorvachilikka oid asosiy atamalarning ikki tilli o‘zbekcha-inglizcha lug‘atini kontekstli misollar bilan tayyorlash, o‘quv va lug‘at maqolalari uchun moslik jadvallari hamda ta’riflar shablonlarini ishlab chiqish, shuningdek, kasbga yo‘naltirilgan til kurslariga terminologik materiallarni kiritish imkoniyati yaratilgan;
chorvachilik terminologiyasining o‘zbek va ingliz tillaridagi mavzuiy-semantik tasnifi, asosiy chorvachilik terminlarining genetik-tarixiy tahlili, leksikografik talqin modellari, ikki tilli va izohli lug‘atlar tayyorlashga oid yondashuvlar hamda agrar va veterinariya sohalari uchun professional terminologiyani standartlashtirishga doir tavsiyalardan 2024–2025-o‘quv yilida Universitas Pancasakti Tegal ta’lim jarayonida foydalanildi (Indoneziyaning Pancasakti Tegal universitetining 2025 yil 02 Oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot natijalari qiyosiy tilshunoslik, tarixiy tilshunoslik, terminologiya va leksikografiya yo‘nalishlaridagi dars materiallari, ma’ruza kurslari, seminarlar, talabalar ilmiy loyihalari hamda qishloq xo‘jaligi hujjatlarini tarjima qilish amaliyotiga tatbiq etilgan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi chorvachilik sohasiga oid terminlararo munosabatlar, ularning funksional qo‘llanilishi, leksik birliklarning nutqda to‘g‘ri qo‘llanishi hamda chorvachilik terminlarining kasbiy va ommaviy muloqotdagi ahamiyatiga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi DM “Oltin voha” radiosining 2026-yil 26-mart kuni efirga uzatilgan “Nuqtai nazar” radioeshittirishi ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2026 yil 30 Martdagi №17-05/54 sonli ma’lumotnomasi). Natijada chorvachilik sohasiga oid leksik birliklarning nutqda to‘g‘ri qo‘llanishi bilan bog‘liq ma’lumotlar eshittirish mazmunini boyitishga, terminlarning tushunarli va ilmiy asoslangan tarzda ommaga etkazilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish