Xudayqulov Toxir Rashitovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hosildor stimulyatorining g‘o‘za navlari o‘sishi rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini o‘rganish”, 06.01.08-O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx 672
Ilmiy rahbar: Abdualimov Shuxrat Xamadullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboev Saidmurod Kimsanboevich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za navlaridan ertagi, yuqori va sifatli hosil etishtirishda chigitga ekish oldidan, shonalash va gullash davrlarida o‘simlikka Hosildor stimulyatori bilan ishlov berishning maqbul muddat va me’yorlarini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Toshkent viloyati tipik bo‘z tuproqlari sharoitida Andijon-37 hamda Buxoro-102 g‘o‘za navlari chigitiga ekish oldidan hamda g‘o‘zaning shonalash va gullash davrlarida “Hosildor” stimulyatori bilan ishlov berishning maqbul muddat va me’yorlari ishlab chiqilgan. 
“Hosildor” stimulyatori chigitga 0,5-0,6 l/t me’yorlarda qo‘llanilganda nazorat variantga nisbatan nihollar unib chiqishi 11,3-15,6% ga tezlashgan, o‘sish rivojlanishi jadallashgan, g‘o‘zaning shonalash davrida 0,4 l/ga, gullash davrida 0,6 l/ga me’yorlarda barglardan ishlov berilganda, o‘simlikda fiziologik jarayonlari tezlashib, vegetativ va generativ organlari jadal rivojlangan, paxtadan yuqori va sifatli hosil olinishi ilmiy asoslangan.  
“Hosildor” stimulyatori bilan chigitga eng maqbul (0,5 l/t) me’yorda ishlov berilib, g‘o‘zaning shonalash davrida 0,4 l/ga va gullash davrida 0,6 l/ga me’yorlarda qo‘llanilganda, nazorat variantga nisbatan Andijon-37 navining bo‘yi 7,7 sm ga, hosil shoxlari soni 0,8 donaga, ko‘saklar soni 2,8 donaga, ochilish darajasi 15,5 % ga, o‘simlikning quruq massasi pishish davrida 11,5-43,3 g, ga ortgan. Buxoro-102 navida esa o‘simlik bo‘yi 3,7 sm ga, hosil shoxlari 0,7 donaga, ko‘saklar soni 1,7 donaga va ochilish darajasi 20,4% ga, quruq massasi pishish davrida 16,0-33,8 g yuqori bo‘lgani aniqlangan.
“Hosildor” stimulyatori chigitga ekish oldidan 0,5 l/t, g‘o‘zaning shonalash va gullash davrlarida 0,4-0,6 l/ga me’yorlarda qo‘llanilganda barg soni va yuzasi ko‘paygan holda, fotosintez sof mahsuldorligi ortgan. G‘o‘zaning ikkala navida ham chigit unib chiqishi 1-2 kun, 1-chinbarg chiqarish 1-2 kunga, 3-4 chinbarg 1-2 kunga, shonalash 1-2 kunga, gullash 2-3 kunga va pishish davri 2-4 kunga tezlashgani, foydali haroratlar yig‘indisi esa 1-chinbarg davrida 19,9-40,8 oS, 3-4 chinbarg davrida 22,8-59,4 oS, shonalash davrida 17,0-50,9 oS, gullash davrida 17,1-59,9 oS va pishish davrida 8,6-54,8 oS kamroq talab qilingan. Ushbu variantlarda g‘o‘zaning Andijon-37 navidan 5,5 s/ga, Buxoro-102 navidan 7,9 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, Andijon-37 navidan gektariga 12 mln 708 ming 617,5 so‘m daromad olingan va rentabelligi 61,2%, Buxoro-102 navidan gektariga 13 mln 554 ming 617,5 so‘m daromad olinib, rentabelligi 63,8% ni tashkil etgan va rentabellik darajasi 12,3-16,7% ortishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida “Hosildor” stimulyatorini g‘o‘za navlarida qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlarini ilmiy-amaliy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: 
“Hosildor” stimulyatorini g‘o‘zada qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilib, tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2026 yil 23 iyundagi №05/04-04-604-son ma’lumotnomasi). Bugungi kunda ushbu tavsiyanoma paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarda amaliy qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda.
“Hosildor” stimulyatorini chigitga ekish oldidan 0,5 l/t me’yorda ishlov berish va g‘o‘zaning shonalash davrida 0,4 l/ga, gullash davrida 0,6 l/ga me’yorlarda qo‘llash Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Garden eko plus f/x 10 ga, Bo‘ka tumani Olmos dalasi f/x 19 ga, Shukrullo Yasina agro f/x 26 ga, Azizmuxammad f/x 72 ga, jami 127 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2026 yil 23 iyundagi №05/04-04-604-son ma’lumotnomasi). Natijada, nazoratga nisbatan chigit unib chiqishi 11,4-12,4% ga tezlashib, g‘o‘zaning bo‘yi 6-8 sm baland, hosil shoxi 1-2 dona, ko‘saklar soni 3-4 donaga ortgan, qo‘shimcha 3,6-4,2 s/ga hosil olingan, rentabelligi 9,0-12,8% yuqori bo‘lgan. 
“Hosildor” stimulyatorini chigitga va g‘o‘za vegetatsiyasi davrida qo‘llash Toshkent viloyati Kuyi Chirchiq tumani Paxtachi-2 hududining 3-brigadasida 70,6 ga, Mehnatobod hududining 7-brigadasida 66,4 ga, jami 137,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2026 yil 23 iyundagi №05/04-04-604-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za nihollarining unib chiqishi nazoratga nisbatan 10,0-15,6 % ga tezlashib, g‘o‘zaning bo‘yi 6,0-7,8 sm, hosil shoxlar soni 1,2-2,0 donaga, ko‘saklar soni 3-4 donaga, g‘o‘za hosildorligi 3,2-5,2 s/ga ortgan, rentabellik darajasi 9,6-13,0% ga yuqori bo‘lgani aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish