G‘aybullaev Sho‘hrat Sharof o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “4,6- va 4,7-dialmashgan bitsiklik xinazolin hosilalarining kimyoviy o‘zgarishlari va biologik faolligi”, 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.PhD/K1240.
Ilmiy rahbar: Bozorov Xurshed Abdulloevich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.K.09.09.
Rasmiy opponentlar: Xodjaniyazov Xamid Utkirovich, kimyo fanlari doktori; Elmuradov Burxon Jo‘raevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: 6(7)-nitro- va 6-yod(brom)-4-xlorxinazolinlar asosida yangi 4,6- va 4,7-dialmashgan bitsiklik xinazolin hosilalarini sintez qilish, ularning kimyoviy o‘zgarishlarini tizimli ravishda amalga oshirish va reaksiyalarga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, shuningdek, sintez qilingan birikmalarning tuzilishi hamda fizik-kimyoviy va biologik xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
6(7)-nitro- va 6-yod(brom)-4-xlorxinazolinlarning 4-aminobenzilamin bilan nukleofil almashinish reaksiyasining yumshoq sharoitda, ya’ni trietilamin ishtirokida xona haroratida xemoselektiv borishi aniqlangan;
6(7)-amino-4-almashgan xinazolinlarning alifatik, siklik, geterotsiklik va geteroaromatik karbon kislotalar bilan reaksiyalari HATU/DIPEA sistemasi va suvsiz DMF muhiti eng yuqori unumlarni (71÷90%) ta’minlashi hamda reaksiya borishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar aniqlangan;
6-amino-4-almashgan xinazolinlarni azidlash orqali azidoxinazolinlar sintez qilinib, ularning alkinlar bilan klik reaksiyalari CuI katalizatorligida, DMF muhitida, xona haroratida triazol-xinazolin gibrid hosilalarini yuqori unumlarda (70÷80%) hosil qilishi isbotlangan;
6-yod(brom)-4-almashgan xinazolinlarning Suzuki-Miyaura kross-birikish reaksiyasi uchun Pd(PPh3)4/K2CO3 tizimi, dioksan/H2O muhiti, 90 °C harorat va inert atmosfera samarali reaksiya sharoitlari sifatida aniqlangan;
6-yod(brom)-4-almashgan xinazolinlarda Sonogashira kross-birikish reaksiyalari orqali yangi C–C bog‘i tutgan xinazolinlarni sintez qilish, molekulaga etinil fragmentini kiritish hamda azidlar bilan 1,3-dipolyar siklobirikish reaksiyalari orqali triazoloxinazolinlarni olish usuli ishlab chiqilgan;
HaCaT hujayralarida CXCL10 ishlab chiqarilishini bostirishga asoslangan skrining natijasida faol xinazolin hosilalari aniqlanib, 21-birikmaning JAK1 fermentiga nisbatan selektiv va yuqori ingibitorlik faolligi (IC50=37,86 nM) aniqlangan;
21-birikmaning biologik ta’siri STAT1 fosforillanishini dozaga bog‘liq ravishda bostirishi va JAK1/2–STAT1 signal yo‘lini ingibirlashi bilan bog‘liqligi qo‘shimcha tadqiqotlar orqali aniqlangan;
molekulyar doking va molekulyar dinamika tahlillari yordamida 21-birikmaning JAK1 faol markazi bilan bog‘lanish xususiyatlari aniqlanib, uning selektiv ingibitorlik faolligining strukturaviy asoslari hamda xinazolin hosilalarining tuzilish–faollik bog‘liqligi asoslab berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bitsiklik xinazolin hosilalarining kimyoviy o‘zgarishlari va biologik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
N-(4-((4-(3-(4-ftorfenil)ureido)benzil)amino)xinazolin-6-il)-2-(3-metilizoksazol-5-il)asetamid (44) va N-(4-(((6-(4-(4-metilpiperazin-1-il)fenil)xinazolin-4-il)amino)metil)fenil) siklogeksankar-boksamid (70) lar “Samarkand-England Eco-Medical” MChJ qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“Samarkand-England Eco-Medical” MChJ qo‘shma korxonasining 2026-yil 9-iyundagi 01/3-2-348-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu birikmalar ineksiya uchun mo‘ljallangan suv tarkibidagi bakteriyalarni (Escherichia coli) yo‘qotish imkonini bergan;
4,6- va 4,7-dialmashgan bitsiklik xinazolin hosilalarini olish usullari Xinjiang Shafiya Biotechnology Co., Ltd. (Xitoy) korxonasida amaliyotga joriy etilgan (2026-yil 30-martdagi ma’lumotnoma). Natijada, biologik faol xinazolin hosilalarini samarali sintez qilish hamda farmakologik jihatdan istiqbolli birikmalar qatorini kengaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish