Ali-Axunov Amirjon Aminjonovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Yuqori qovushqoqli neftning qatronlari va asfaltenlarini destruktiv gidrogenlanish jarayonida B, Al, Fe, Ni asosidagi amfifil katalizatorlarning katalitik faolligi”, 02.00.04 – Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/K762.
Ilmiy rahbar: Muxamadiev Nurali Qurbonalievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.K.09.09.
Rasmiy opponentlar: Ishankulov Alisher Farmonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; G‘ulomov Shuxratqodir Toshmatovich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Al, Fe va Ni metallarini saqlovchi amfifil katalitik tizimlardan foydalanib, yuqori qovushqoqli va og‘ir neftlarni qatlam sharoitida boyitishning fizik-kimyoviy asoslarini yaratish hamda samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ABSK va Al, Fe, Ni kabi o‘tish metallari gidroksidlari asosida amfifil metall komplekslarini sintez qilishning ikki bosqichli usuli ishlab chiqildi. IQ-Fure spektroskopiyasi koordinatsion bog‘lar hosil bo‘lishini tasdiqlanib, molekulalarning difilligi va asfalten agregatlarida selektiv adsorbsiyasi baholangan;
ABSK-Al katalizatori ta’sirida neft tizimining reologik xatti-harakati psevdoplastikdan kvazi-nyuton turiga o‘zgardi, bu smola-asfalten strukturasining parchalanishi natijasida qovushqoqlikning keskin kamayishi (138059 dan 650 mPa·s gacha) isbotlangan;
XRD va SEM natijalari asosida katalizatorning in situ hosil bo‘ladigan faol fazasi (<100 nm) Al₂O₃ va AlO₁.₀₆(OH)₀.₉₄ aralashmasidan iborat ekani aniqlanib, Lyuis markazlari va gidroksil guruhlar sinergiyasi asoslangan;
metall-spesifik selektivlik aniqlanib, Fe - vodorod hosil bo‘lishini, Ni - C₃-C₄ krekingni, Al esa gidrodesulfurizatsiyani kuchaytirishi aniqlangan;
katalitik akvatermoliz (300°C, 24 soat) natijasida SARA tarkibi sezilarli o‘zgardi: smolalar 40% dan 19% gacha kamayib, to‘yingan fraksiya 8% dan 16,6% gacha oshdi, bu amfifil tizimlarning yuqori samaradorligini ko‘rsatishi aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amfifil katalizatorlar sintez qilish, ularning tarkibi, tuzilishi va katalitik faolligini aniqlash hamda yuqori qovushqoqli neftning qatronlari va asfaltenlarini destruktiv gidrogenlash orqali uning tarkibi va reologik xossalarini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Yuqori qovushqoqli neft akvatermolizini jadallashtirish uchun metall alkilbenzolsulfonatlari asosidagi amfifil katalizator prekursorini olish usuli va tarkibiga Rossiya Federatsiyasining №2834846-sonli ixtiro patenti olingan (2025-yil 14-fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan). Natijada, amfifil katalizator prekursorini olish usuli va tarkibining huquqiy muhofazasini ta’minlash imkonini bergan;
ABSK-Al va ABSK-Ni amfifil katalizatorlari yuqori qovushqoqli neftni katalitik gidrotermal qayta ishlash uchun “MOXSAR” MChJ qo‘shma korxonasining neft mahsulotlarini qayta ishlash laboratoriyasida amaliyotga joriy etilgan (“MOXSAR” qo‘shma korxonasining 2025-yil 14-iyundagi №14/06-1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, laboratoriya sharoitida neftning qovushqoqligini 90 % ga kamaytirish va oquvchanligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish