Yuldashev Alisher Alimdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mis va molibden ionlariga tanlovchan bo‘lgan anionitlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish», 11.00.05–Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/K155.
Ilmiy rahbar: Mutalov Shuxrat Axmadjonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.28.03.2018.K/T.04.02.
Rasmiy opponentlar: Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori; Arslanov Sharafiddin Sultanovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: furfurolni melamin bilan difenilamin ishtirokida polikondensatsiyalash yo‘li bilan kompleks hosil qiluvchi anionitlar olish, kimyo va gidrometallurgiya sanoati oqava suvlari tarkibidan metall ionlarini tozalashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
furfurolni melamin bilan difenilamin ishtirokida polikondensatsiyalab rangli metall ionlari bilan kompleks hosil qiluvchi va molibden ionlariga nisbatan tanlash xususiyatiga ega bo‘lgan kuchsiz asosli polifunksional termokimyoviy barqaror anionit olingan;
polikondensatsiya jarayonini kinetik tahlili asosida reaksiyaning tezlik konstantasi, reaksiya tezlik konstantasini temperaturaga, boshlang‘ich moddalarning konsentratsiyasiga va boshqa omillarga bog‘liqligi va reaksiyaning aktivlanish energiyasi aniqlangan;
import o‘rnini bosuvchi ionalmashuvchi polimerning asosiy kimyoviy va fizik-kimyoviy xossalarining (mis, nikel`, molibden va boshqa ionlarni sorbsiyasi, sorbsion sig‘imi, funksional guruhlarning dissotsiatsiyalanish darajasi) boshlang‘ich xomashyolarning kimyoviy tarkibi, fizik-kimyoviy va sorbsion xossalariga korrelyasion bog‘liqligi aniqlangan;
sanoat oqava suvlarini tozalash va ba’zi metallar ionlarini ajratib olish jarayonlari uchun avvaldan belgilangan xossalarga ega bo‘lgan ionalmashinuvchi polimer olish uchun mahalliy xomashyo furfurolni qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy xomashyodan olingan yangi sorbentlar va reagent asosida oqava suvlarni tozalashning samarali usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sanoat molibdenli eritmalarini rangli metallar ionlaridan tozalash jarayonlarida qo‘llaniladigan anionit «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2018 yil 4 iyuldagi AA-05016-son ma’lumotnomasi). Natijada oqava suvlar tarkibidagi mis va molibden ionlarini me’yor darajasigacha ajratib olish imkonini beradi;
sintez qilingan anionit «Suvsoz» DUKga qarashli Salar aeratsiya stansiyasida oqova suvlarni tozalashda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 12 iyundagi 03-02/3-2598-son ma’lumotnomasi). Natijada anionitni shahar tashlama suvlarini og‘ir metall ionlaridan, sulfat, fosfat, nitrat va boshqa anionlardan samarali tozalash imkonini bergan.