Muradov Sirojiddin Husan o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Sanoat korxonalarida xavfli va zararli omillarni forsayt yordamida bashoratlash asosida kasbiy tavakkalchilikni baholash (Uzbekiston GTL zavodi misolida)”, 05.10.01- Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/T6897
Ilmiy rahbar: Raximov Oktyabr Dustkabilovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi huzuridagi ilmiy kengash PhD.34/2025.27.12.T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Farg‘ona davlat texnika universiteti kafedra professori, texnika fanlari doktori, dotsent, Raxmanov Baxodir Kushakovich; Samarqand davlat texnika universiteti kafedra dotsenti, texnika fanlari nomzodi, dotsent, Razzokov Xabib Xolikovich.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat korxonalarida ishlab chiqarish muhitining zararli va xavfli omillarini forsayt metodlari asosida bashoratlash orqali kasbiy tavakkalchilikni baholash hamda bartaraf etish va kamaytirish chora tadbirlar majmuini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
sanoat korxonalarida xavfli va zararli omillarni forsayt asosida bashoratlash metodikasining algoritmi, ehtimoliy tavakkalchiliklarni bashoratlash sxemasi ishlab chiqilgan. Forsaytning SWOT-tahlil, PESTLE-tahlil, retrospektiv tahlil, ekspertlar paneli metolaridan foydalanib, “Uzbekistan GTL” zavodida xavfli va zararli omillarni forsayt asosida bashoratlash usullari takomillashtirilgan;
forsaytning Baes tarmoqlari, logik-imkoniyat usuli, ierarxik modellar, ehtimoliy tahlil metodlaridan foydalanib, Uzbekiston GTL zavodida 10 yillikda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni bashoratlashni 3 xil usulda (texnokratik yutuq, evolyusion rivojlanish, meyoriy shok) kelajak ssenariylarining optimallashtirilgan variantlari ishlab chiqilgan;
“Uzbekistan GTL” zavodida tavakkalchilikni boshqarish modeli xalqaro ISO 31000, STAMP, Hierarchy of Controls standartlar tizimi yordamida korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari proaktiv yondashuv, xalqaro standartlarga muvofiqlik, uzlyuksiz takomillashtirish (PDCA) prinsiplarini bosqichma-bosqich transformatsiyalash ilmiy jihatdan asoslangan;
“Uzbekistan GTL” zavodida kasbiy tavakkalchilikni kamaytirish chora-tadbirlarning kompleks rejasini tuzish orqali xavfni bartaraf etish imkoniyatlari tizimli o‘rganilgan (HoC 1-darajasi), energiya manbalarini inventarizatsiya qilish mexanizmlari ishlab chiqilgani natijasida, kasbiy tavakkalchilik darajasi 72,1%, uning ehtimollik darajasi 91,3% va jiddiylik darajasini 79,1% foizga kamaytirishga va xodimlarning xavfsizlik madaniyati oshishiga erishilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat korxonalarida kasbiy tavakkalchilikni baholash asosida ishlab chiqarish muhitining zararli va xavfli omillarini forsayt asosida bashoratlash bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari:
sanoat korxonalarida xavfli va zararli omillarni forsayt asosida bashoratlashda forsaytning SWOT-tahlil, PESTLE-tahlil, retrospektiv tahlil, ekspertlar paneli metodlaridan foydalanishga oid tavsiyalar Uzbekiston GTL zavodida amaliyotga joriy etilgan (“Uzbekiston GTL” MChJ (2026 yil 1-apreldagi dalolatnomasi).
Natijada, aniqlangan kasbiy tavakkalchilik va ularni bartaraf etish ssenariylari asosida ishlab chiqarishda yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy jarohatlanishlar hamda baxsiz hodisalarni oldini olishga erishilgan;
forsaytning Baes tarmoqlari, logik-imkoniyat usuli, ierarxik modellar, ehtimoliy tahlil metodlari yordamida tavakkalchiliklarni bashoratlashga oid tavsiyalar Uzbekiston GTL zavodida 10 yillik xavf-xatarlarni bashoratlashning asosiy mezonlarini aniqlanib, 3 xil variantda (texnokratik yutuq, evolyusion rivojlanish, meyoriy shok) kelajak ssenariylari Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Qashqadoryo hududiy boshqarmasiga tatbiq etildi (Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Qashqadoryo hududiy boshqarmasining 2026 yil 24-apreldagi № 02404 sonli dalolatnomasi).
Natijada, nafaqat hozirgi kundagi xavflar balki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar bashorat qilingan, ularni oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqish natijadorlishini oshirish imkonini bergan;
sanoat korxonalarida tavakkalchilikni boshqarish modelini xalqaro ISO 31000, STAMP, Hierarchy of Controls standartlar tizimi asosida korxonaning ishlab chiqarish jarayonlarida proaktiv yondashuv, xalqaro standartlarga muvofiqlik, uzlyuksizlikni takomillashtirish (PDCA) prinsiplarini bosqichma-bosqich transformatsiyalashga oid takliflar Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasiga joriy etilgan (“Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi” davlat mehnat inspeksiyasining 2026-yil 23-apreldagi DMI/15/00-04/14-1344-son ma’lumotnomasi);
Uzbekiston GTL zavodida xavfni bartaraf etish imkoniyatlarini tizimli o‘rganish, energiya manbalarini inventarizatsiya qilish va nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish, hodisalarning vaqt ketma-ketligini belgilash va ISO 31000 talablariga asoslangan holda, tavakkalchilikni kamaytirishning kompleks rejasi ishlab chiqilgan va “Uzbekiston GTL” MChJga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati kadrlar bo‘limining 2026-yil 3-iyundagi № 15/1-28 sonli ma’lumotnomasi).
Natijada, kasbiy tavakkalchilik darajasi 72,1%, uning ehtimollik darajasi 91,3% va jiddiylik darajasini 79,1% foizga kamaytirishga va xodimlarning xavfsizlik madaniyati oshishiga erishilgan bo‘lib, chora-tadbirlarning samaradorligi 98,9 % ni tashkil etishi, aniqlangan kasbiy tavakkalchilik va ularni bartaraf etish ssenariylari asosida ishlab chiqarishda yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy jarohatlanishlar hamda baxsiz hodisalarni oldini olishga erishish imkonini bergan.