Shodiqulov Jo‘rabek Mehriqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Texnogen mineral va gumusli chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish hamda ularni atrof-muhitni muhofaza qilishda qo‘llashning ilmiy asoslari», 11.00.05 – Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, 02.00.13 ‒ Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.DSc/T1117.
Ilmiy maslahatchilar: Temirov O‘ktam Shavkatovich, texnika fanlari doktori, professor; Umirov Farhod Ergashovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.31/2025.27.12.T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Muzafarov Amrullo Mustafoevich, kimyo fanlari doktori, professor; Usanbaev Najimuddin Xalmurzaevich, texnika fanlari doktori, professor; Pulatov Xayrulla Lutpullaevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnogen mineral (fosforit shlami, minerallashgan massa, serpentinit, talkomagnezit) va gumusli (parranda go‘ngi) chiqindilarni birgalikda qayta ishlab, atrof-muhit muhofazasiga xizmat qiluvchi suyuq organomineral o‘g‘itlar va oqova suvlarni tozalovchi faollashtirilgan sorbentlar olishning chiqindisiz va resurstejamkor texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
parranda go‘ngi va shlamli fosforit, shuningdek parranda go‘ngi va minerallashgan massani KOH eritmasi bilan ishqoriy qayta ishlash natijasida chiqindilarni bir vaqtning o‘zida ham suyuq organomineral o‘g‘it, ham sorbent uchun qattiq xomashyoga aylantirish orqali atrof muhit ifloslanishini oldini olishning chiqindisiz texnologik asoslari ishlab chiqilgan;
parranda go‘ngi va shlamli fosforitning 80:20 og‘irlik nisbatida hamda Q:S nisbatning 1:2,5 sharoitida yuqori agrokimyoviy va ekologik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan suyuq organomineral o‘g‘it olish mumkinligi, shuningdek 65:35 nisbat va Q:S 1:3 sharoitida gumin kislotaning suyuq OMO‘ ga o‘tish darajasi 76,96 % gacha, fulvokislotaning o‘tish darajasi esa 66,44 % gacha etishi ilmiy asoslangan;
Arvaten koni serpentinitidan magniy gidroksidini nitrat-sulfat kislotalari aralashmasi (75 % H₂SO₄ + 25 % HNO₃ stexiometrik nisbatda) yordamida parchalab ajratib olish natijasida MgO ning suyuq fazaga chiqish darajasini 95,79 % gacha yetkazish mumkinligi aniqlangan;
Mg(OH)₂ ni KOH bilan birgalikda (80:20 nisbatda) faollashtiruvchi reagent sifatida qo‘llash orqali suyuq OMO‘ ni magniy bilan boyitish mumkinligi aniqlangan;
ishqoriy faollashtirishdan keyingi qattiq qoldiqni 600 °C piroliz harorati va 3 N NaOH bilan kimyoviy faollashtirish orqali solishtirma yuzasi 195,43 m²/g, suv bug‘i bilan fizik faollashtirish orqali esa 145,98 m²/g gacha etgan sorbentlar olish mumkinligi, shu bilan bir vaqtda suv bug‘i usuli kimyoviy reagent sarfini talab qilmasligi va chiqindi suvlar muammosidan xoli ekanligi asoslangan;
parranda go‘ngi va fosforit shlami asosidagi faollashtirilgan sorbentlar oqova suvlarni og‘ir metall ionlari (Cu²⁺, Zn²⁺, Pb²⁺), organik bo‘yoqlar, fosfatlar va boshqa ifloslantiruvchilardan tozalashda yuqori samaradorlik namoyon etishi hamda ulardan foydalanish texnogen chiqindilarning hajmini kamaytirishi va ikkilamchi resurs sifatida aylanma iqtisodiyotga jalb etilishiga xizmat qilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Texnogen mineral va gumusli chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish hamda ularni atrof-muhitni muhofaza qilishda qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
parranda go‘ngi va fosforit shlami asosidagi na’munalarni ishqoriy faollashtirish yo‘li bilan suyuq organomineral o‘g‘itlar olish texnologiyasi “NKMK jamg‘armasi” DMning “2027-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“NKMK jamg‘armasi” DMning 2026 yil 11 fevraldagi 02-01-01/246-son ma’lumotnomasi). Natijada, parranda go‘ngi va fosforit shlamini ishqoriy qayta ishlab agrokimyoviy samarali suyuq organomineral o‘g‘itlar olish imkonini beradi;
parranda go‘ngi va Markaziy Qizilqum fosforiti minerallashgan massasi asosidagi namunalarni ishqoriy faollashtirish yo‘li bilan suyuq organomineral o‘g‘itlar olish texnologiyasi “NKMK jamg‘armasi” DMning “2027-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“NKMK jamg‘armasi” DMning 2026 yil 11 fevraldagi 02-01-01/246-son ma’lumotnomasi). Natijada, parranda go‘ngi va Markaziy Qizilqum fosforiti minerallashgan massasini ishqoriy qayta ishlab olingan suyuq organomineral o‘g‘itlar miqdoriy tarkibidagi P2O5 ni miqdori 1,49%, suvda eruvchan CaO ni-0,96%, organik moddalarni -4,15%, gumin kislotasini -0,6% va fulvo kislotasini -2,58% gacha oshirish imkonini beradi;
Markaziy Qizilqum fosforiti minerallashgan massasi va parranda go‘ngi asosidagi suyuq organomineral o‘g‘itlar olish texnologiyasi “NKMK jamg‘armasi” DMning “2027-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“NKMK jamg‘armasi” DMning 2026 yil 11 fevraldagi 02-01-01/246-son ma’lumotnomasi). parranda go‘ngi va Markaziy Qizilqum fosforiti minerallashgan massasini ishqoriy qayta ishlab olingan suyuq organomineral o‘g‘itlar og‘ir metallarning harakatchan formalarini 42-67% ga kamaytirish, harakatchan fosfor miqdorini 89% ga oshirish imkonini beradi.