Tollibaeva Malika Ulmasjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda advokatning vakil sifatidagi ishtiroki: nazariy-amaliy jihatlari”, 12.00.04 – Fuqarolik protsessual huquqi. Iqtisodiy protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Yu1543
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Otaxonov Foziljon Xaydarovich – yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.27/2025.27.12.Yu.01.02.
Rasmiy opponentlar: Hazratqulov Odilbek Tursunovich – yuridik fanlar doktori, professor; Olimova Kamila Kamalitdinovna yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Yetakchi tashkilot: Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Iqtisodiy sudlarda advokatning vakil sifatidagi ishtirokini kompleks tahlil qilish, sohaga oid nazariyani rivojlantirish va amaliyotni takomillashtirishga qaratilgan taklif, tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
advokatning sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyati haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat hisoblanmasligi hamda uning advokat shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari jumlasiga kiritilishi zarurligi asoslantirilgan;
davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun tayinlangan advokatning fuqaroning to‘lovga qobiliyasizligini vaj qilib fuqarolik va ma’muriy sud ishlarida yuridik yordam ko‘rsatishdan bosh tortishiga yo‘l qo‘yilmasligi asoslantirilgan;
advokatning haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishiga oid cheklovlarni advokatning huquqiy maqomini belgilovchi umumiy qoida sifatida qo‘llashning konstitutsiyaviy-huquqiy yondashuvi asoslantirilgan;
iqtisodiy sud ishlarida advokat ishtirokining protsessual xususiyatlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda advokatning shartnoma bo‘yicha vakil sifatidagi ishtirokini takomillashtirishga doir olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan: Advokatning sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyati (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish bo‘yicha advokatlik faoliyati uchun lisenziya olgan advokatlar uchun) haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat hisoblanmasligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi O‘RQ-911-sonli Qonuni 7-moddasi (“Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi uchinchi qismiga kiritilgan ettinchi xatboshi)ni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 13-martdagi № 3/dn-35-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida advokatning sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyati u shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga kiritilgan; Fuqaroning to‘lovga qobiliyasizligi vaj qilib davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun tayinlangan advokat yuridik yordam ko‘rsatishdan bosh tortilmasligi kerakligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi O‘RQ-915-sonli Qonuni 3-moddasi 1-bandi (“Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi beshinchi qismiga kiritilgan o‘zgartirish)ni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 13-martdagi № 3/dn-35-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida advokat tomonidan faqat jinoyat sudlarida himoyachi vazifasida emas, balki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilganda fuqarolik, ma’muriy sudlarda ham ishtirok etishi imkoniyati hisobga olindi va fuqaroning to‘lovga qobiliyasizligi vaj qilib unga yuridik yordam ko‘rsatishdan voz kecha olmasligi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2026-yil 12-iyuldagi KSK-4-sonli qarori “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash haqidagi ishni ko‘rib chiqish jarayonida mazkur Qonunning 3-moddasi birinchi navbatda advokatning huquqiy maqomini belgilashi hamda uning haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishini umumiy qoida sifatida taqiqlashi qayd etilgan. Mazkur takliflar Konstitutsiyaviy sud qarorini ishlab chiqish jarayonida inobatga olingan;
Tadqiqotchining “Iqtisodiy sud ishlarida advokatning ishtiroki” nomli o‘quv qo‘llanmasi Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining 2026-yil 19-iyundagi 136-um-son qarori bilan 60420101 – Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi uchun o‘quv adabiyoti sifatida nashrga tavsiya etilgan bo‘lib, mazkur o‘quv qo‘llanma Fuqarolik protsessual huquqi, Iqtisodiy protsessual huquqi, Hakamlik jarayoni va mediatsiya fanlarini o‘qitishda amaliyotga joriy etilib, undan samarali foydalanib kelinmoqda.