Parpiev Oybek Baxtiyorjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qayta tiklanuvchan energiya manbalari uchun mo‘ljallangan avtonom sinxron generatorlar qo‘zg‘atish tizimini takomillashtirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3330.
Ilmiy rahbar: Pirmatov Nurali Berdiyorovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.28.11.T.02.01.
Rasmiy opponentlar: Bobojanov Maxsud Qalandarovich, texnika fanlari doktori, professor; Hoshimov Ural Hoshimovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi avtonom mikroGES va ShESlarda qo‘llaniladigan sinxron generatorlarning qayta tiklanuvchan energiya manbalari asosidagi cho‘tkasiz qo‘zg‘atish tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
avtonom mikroGESlar uchun quyosh va shamol qayta tiklanuvchan energiya manbalarining o‘zaro to‘ldiruvchan energetik xususiyatlari asosida, sinxron generator qo‘zg‘atish chulg‘amini gibrid energiya manbasidan ta’minlashni hisobga olgan holda cho‘tkasiz gibrid qo‘zg‘atish qurilmasi ishlab chiqilgan;
avtonom mikroGESlarda quyosh va shamol qayta tiklanuvchan energiya manbalarining o‘zgaruvchan quvvatlari, qo‘zg‘atish toki va kuchlanishi hamda sinxron generatorning yuklanish rejimlarini hisobga olgan holda, Park–Gorev tenglamalari asosida d–q koordinatalar tizimidagi matematik modeli takomillashtirilgan;
avtonom shamol elektr stansiyalarida shamol turbinasi parraklariga integratsiyalangan quyosh modullaridan olinadigan elektr energiyasini qo‘zg‘atish uchun bevosita uzatish tamoyili asosida, sinxron generatorning qo‘zg‘atish tokini kuchaytirish va chiqish parametrlarini silliq rostlash usuli ishlab chiqilgan;
parraklariga quyosh modullari integratsiyalashgan avtonom ShESlarda shamol tezligi va quyosh nurlanishining o‘zgarishiga bog‘liq ravishda qo‘zg‘atish toki, rotor magnit oqimi va generator chiqish kuchlanishi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanish qonuniyatlari aniqlangan hamda chiqish parametrlarini silliq rostlash imkonini beruvchi qo‘zg‘atish parametrlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qayta tiklanuvchan energiya manbalari uchun mo‘ljallangan avtonom sinxron generatorlar qo‘zg‘atish tizimini takomillashtirish asosida:
qayta tiklanuvchan energiya manbalarining gibrid sxemasi asosida sinxron generatorni cho‘tkasiz qo‘zg‘atish uchun ishlab chiqilgan qurilmaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk markazining foydali modelga patenti olingan (“Avtonom sinxron generatorning qo‘zg‘atgichini qayta tiklanuvchi manbalarning gibrid sxemasi yordamida cho‘tkasiz qo‘zg‘atish qurilmasi”, 01.05.2024, № FAP 2487). Natijada, qayta tiklanuvchan energiya manbalarining gibrid sxemasi asosida qo‘zg‘atish chulg‘amini cho‘tkasiz energiya bilan ta’minlash hamda qo‘zg‘atish toki kommutatsiyasini yaxshilash hisobiga sinxron generatorni qo‘zg‘atish uchun talab etiladigan quvvatni kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
sinxron generatorni cho‘tkasiz qo‘zg‘atishni ta’minlovchi ishlab chiqilgan qurilmaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk markazining foydali modelga patenti olingan (“Shamol generatori”, 07.02.2025, № FAP 2660). Natijada, rotor magnit oqimining generator chiqish kuchlanishiga bog‘liq ravishda o‘zgarishini hisobga olish asosida qo‘zg‘atish parametrlarini rostlash hamda generatorning chiqish elektr parametrlarini silliq boshqarish imkoniyati yaratilgan;
avtonom mikroGES va ShESlarda cho‘tkasiz qo‘zg‘atiladigan sinxron generatorlar uchun d–q koordinatalar tizimida takomillashtirilgan matematik modellar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining “Nuragro” hamda “Xojimirza” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2023-yil 5-iyundagi № 01/03-1053-son ma’lumotnomasi). Natijada, sinxron generatorning qo‘zg‘atish va chiqish parametrlarini ish rejimlariga muvofiq aniqlash hamda rostlash hisobiga yiliga 388 800 kW·soat elektr energiyasi bilan avtonom ta’minlash imkoniyati yaratilib, 174 960 000 (bir yuz etmish to‘rt million to‘qqiz yuz oltmish ming) so‘m miqdorida kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish