Riskiev Umidulla Raxmatullaevichning   
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishni tashkil etishni takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish, 14.00.33 – Jamiyat salomatligi. Sog‘liqni saqlashda menejment (tibbiyot fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/Tib1532.
Ilmiy maslaxatchi: Rizaev Jasur Alimdjanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarkand davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat tibbiyot universiteti, DSc.06/2025.27.12.Tib.17.02.
Rasmiy opponentlar: Iskandarova Shaxnoza Tulkinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xamraev Atadjan Karimovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Zayniev Suxrob Sabirovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyati samaradorligini kompleks baholash, mavjud muammolarni aniqlash va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan tashkiliy-uslubiy va iqtisodiy mexanizmlar hamda amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublika sharoitida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning tibbiy, tashkiliy, hududiy va boshqaruv omillarini kompleks baholashga asoslangan hamda aholiga yaqinlashtirilgan tibbiy xizmatlarni ta’minlovchi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimining takomillashtirilgan tashkiliy-funksional modeli ishlab chiqilgan;
ilk bor ambulatoriya-poliklinika muassasalarida kunduzgi va uy sharoitida davolashni tashkil etishning takomillashtirilgan tashkiliy mexanizmlari ishlab chiqilib, ularni joriy etish statsionar bosqichga tushadigan yuklamani kamaytirishi, tibbiy resurslardan samarali foydalanishni ta’minlashi hamda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishi ilmiy jihatdan asoslangan;
ilk bor olis va chekka hududlarda aholiga tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish maqsadida mahalla tibbiyot punktining funksional modeli ishlab chiqilib, uning aholi qamrovini kengaytirish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va hududiy tengsizlikni qisqartirishdagi samaradorligi ilmiy jihatdan isbotlangan;
ilk bor birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kadrlar ta’minotini optimallashtirish, shtat me’yorlarini funksional yuklama va hududiy xususiyatlar asosida shakllantirish usullari takomillashtirilib, ularni joriy etish mehnat resurslaridan samarali foydalanish, tibbiyot xodimlari yuklamasini mutanosib taqsimlash va moliyaviy rag‘batlantirish samaradorligini oshirishi ilmiy jihatdan asoslangan;
ilk bor birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, tez tibbiy yordam va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari uchun yagona triaj, bemorlarni marshrutlash va elektron axborot almashinuviga asoslangan integratsiyalashgan tashkiliy yondashuv ishlab chiqilib, uning bemorlarni maqbul yo‘naltirish, shoshilinch bo‘lmagan chaqiriqlar sonini qisqartirish, tibbiy xizmatlar uzluksizligini ta’minlash hamda tizimlararo hamkorlik samaradorligini oshirishi ilmiy jihatdan isbotlangan;
ilk bor birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, tez tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam va statsionar xizmatlarni o‘zaro integratsiyalashgan holda tashkil etishning tashkiliy-funksional tizimi hamda Emergency department konsepsiyasiga asoslangan qabul bo‘limi modeli ishlab chiqilib, uning bemorlar oqimini maqbul boshqarish, statsionar bo‘g‘inga tushadigan ortiqcha yuklamani kamaytirish, tibbiy xizmatlarni muvofiqlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini berishi ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 2026 yil 10 iyundagi 10-son xulosasiga ko‘ra: 
Birinchi ilmiy yangilik: ilk bor respublika sharoitida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning demografik, epidemiologik, hududiy, tashkiliy va boshqaruv omillarini kompleks baholashga asoslangan hamda aholiga yaqinlashtirilgan tibbiy xizmatlarni ta’minlovchi BTSYoning takomillashtirilgan tashkiliy-funksional modeli ishlab chiqilgan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan mazkur model` Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashining 2026 yil 29 apreldagi 9-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Integratsiyalashgan triaj tizimini takomillashtirishning tashkiliy-funksional modeli” hamda “Olis va chekka hududlarda aholiga BTSYoni yaqinlashtirishning tashkiliy-funksional modeli” uslubiy tavsiyanomalari tarkibiga kiritilgan. Shuningdek, modelning amaliy echimlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 1 apreldagi 99-son, 2022 yil 31 avgustdagi 243-son va 2022 yil 12 sentyabrdagi 248-son buyruqlari bilan tasdiqlanib, respublika sog‘liqni saqlash muassasalari amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: mahallalarning 65,02%i 3 km, 82,63%i 5 km va 95,32%i 10 km radiusda BTSYo muassasasi bilan qamrab olingani, model joriy qilinishi natijasida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayib, hududlar o‘rtasidagi tengsizlikni qisqartirish uchun amaliy asos yaratilgani bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: BTSYo, tez tibbiy yordam va statsionar xizmatlar o‘rtasida funksional integratsiya ta’minlanishi hisobiga tibbiy resurslardan samarali foydalanish va aholi ehtiyojlariga mos infratuzilmani shakllantirishga erishilganligi bilan asoslanadi. Xulosa: ishlab chiqilgan tashkiliy-funksional model` respublika sharoitida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini tashkil etishning sifatini oshirish imkonini beradi». 
Ikkinchi ilmiy yangilik: ilk bor ambulatoriya-poliklinika muassasalarida kunduzgi va uy sharoitida davolashni tashkil etishning takomillashtirilgan tashkiliy mexanizmlari ishlab chiqilib, ularning statsionar bosqichga tushadigan yuklamani kamaytirishi, tibbiy resurslardan samarali foydalanishni ta’minlashi va xizmatlar sifatini oshirishi ilmiy jihatdan asoslangan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan tashkiliy mexanizmlar Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 31 avgustdagi 243-son “Bemorlarni kunduzgi shifoxona va uy shifoxona sharoitida davolash mezonlari va tartibi to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlanib, respublikadagi barcha ambulatoriya-poliklinika muassasalari amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: bemorlarning ambulator bosqichda davolanish imkoniyatlari kengaygani, statsionarga yotqizishni talab qilmaydigan holatlarda bemorlar yashash joyiga yaqin yordam olgani, bu aholining qoniqish darajasini oshirib, statsionarga asossiz murojaatlarni qisqartirgani bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: statsionar o‘rin-joy fondiga tushadigan ortiqcha yuklamaning kamayishi va ambulator bosqichning roli kuchayishi hisobiga tibbiy resurslardan yanada samarali foydalanish imkoni yaratilganligi bilan asoslanadi. Xulosa: kunduzgi va uy sharoitida davolash tizimini tashkil etishning takomillashtirilgan mexanizmi statsionar va ambulator tibbiy yordam o‘rtasidagi funksional uzviylikni ta’minlashning samarali tashkiliy echimi ekanligi asoslaydi. 
Uchinchi ilmiy yangilik: ilk bor olis va chekka hududlarda aholiga BTSYoni yaqinlashtirish maqsadida mahalla tibbiyot punktining funksional modeli, uning tashkiliy tuzilmasi, jihozlanish standartlari va tibbiy xizmatlar hajmi ishlab chiqilib, aholi qamrovini kengaytirishning ilmiy asoslangan mexanizmi taklif etilgan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: ishlab chiqilgan model` Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashining 2026 yil 29 apreldagi 9-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Olis va chekka hududlarda BTSYoni yaqinlashtirishning tashkiliy-funksional modeli” uslubiy tavsiyanoma tarkibiga kiritilgan. Mazkur yondashuv Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 1 apreldagi 99-son buyrug‘i bilan tasdiqlanib, respublika muassasalari amaliyotiga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: 5–9,9 km masofada joylashgan mahallalar soni 1164 tadan 833 taga, 10 kmdan ortiq masofada joylashganlari 453 tadan 259 taga qisqargani, bu aholining BTSYo bilan qamrovini oshirib, xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilagani bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: bitta oilaviy shifokor punktini qurish uchun o‘rtacha 1,2 mlrd so‘m talab etilsa, mahalla tibbiyot punktini tashkil etish uchun 30–50 mln so‘m mablag‘ etarli bo‘lgani, bu olis hududlarda tibbiy xizmatlarni qisqa muddatda va kam xarajat bilan tashkil etish imkonini bergani bilan asoslanadi. Xulosa: mahalla tibbiyot punkti modeli BTSYoni hududiy jihatdan yaqinlashtirish va davlat mablag‘laridan samarali foydalanishning ilmiy asoslangan tashkiliy echimi ekanligi tasdiqlandi. 
To‘rtinchi ilmiy yangilik: ilk bor BTSYo muassasalarida faoliyat yurituvchi shifokorlarning shtat birliklarini aholi ehtiyojiga moslashtirishga asoslangan, matematik modellashtirish orqali ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan shtat me’yorlari yondashuvi yaratildi, uning tibbiyot xodimlari mehnat yuklamasini mutanosib taqsimlash va kadrlar ta’minotini optimallashtirish imkonini berishi ilmiy jihatdan asoslangan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: ishlab chiqilgan shtat me’yorlari 2022 yil 24 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ma’qullanib, amaliyotga joriy etildi (ro‘yxatga olish raqami №06-89). Ijtimoiy samaradorligi: tibbiyot xodimlari mehnat yuklamasi mutanosib taqsimlangani, shifokor mutaxassisliklari soni kengaytirilgani (Toshkent shahri OPlarida 15 tadan 17 tagacha, shaharlardagi OPlarda 8 tadan 16 tagacha) va bu o‘zgarishlar statistik jihatdan ishonchli ekanligi bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: respublika bo‘yicha mavjud 18 283 shtat birligidan 582 tasi (3,2%) qisqartirilib, 17 701 taga etkazilgani, bunda qisqartirilgan shtatlarga ajratilgan mablag‘lar yangi kiritilayotgan shtatlarga yo‘naltirilgani hisobiga islohot qo‘shimcha byudjet mablag‘larini talab etmagani bilan asoslanadi. Xulosa: ishlab chiqilgan shtat me’yorlari modeli mehnat resurslaridan samarali foydalanish va boshqaruv samaradorligini oshirishning ilmiy asoslangan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi ekanligini asoslaydi.
Beshinchi ilmiy yangilik: ilk bor BTSYo ambulator-poliklinika bo‘g‘inida, tez tibbiy yordam xizmatida va shahar/tuman shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlarida bemorlarni ahvoli og‘irligiga qarab saralash (triaj)ning alohida, har bir bo‘g‘in uchun moslashtirilgan mustaqil tizimlari ishlab chiqilib, ularning ishlash prinsipi va bemorlarga ko‘rsatiladigan yordam hajmi alohida-alohida belgilab berilgani ilmiy jihatdan asoslangan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: mazkur maqsadda “Shoshilinch tibbiy yordam markazlari qabul bo‘limlarida bemorlar ahvoli og‘irligini baholash va saralash (triaj) tizimi bo‘yicha milliy klinik bayonnomalar”, “Tez tibbiy yordam xizmati dispetcherlari uchun milliy klinik bayonnomalar” va “Tez tibbiy yordam xizmati brigadalari uchun milliy klinik bayonnomalar” Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 12 sentyabrdagi 248-son buyrug‘i bilan tasdiqlanib, amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: asossiz gospitalizatsiyalar ulushi 31,7%dan 10,4%gacha kamaygani, qabul bo‘limlarida kutish vaqti 27,4%ga, davolashni boshlash vaqti esa 39,8%ga qisqargani, bu shoshilinch yordamning tezkorligi va bemorlarning qoniqish darajasi oshishiga xizmat qilgani bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: har 1000 nafar bemorning 213 nafari statsionarga yotqizilmasdan ambulator bosqichda davolangani va har 1000 nafar bemor hisobiga o‘rtacha 17 mln so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilingani bilan asoslanadi. Xulosa: ishlab chiqilgan uchta mustaqil triaj tizimi BTSYo, tez tibbiy yordam va statsionar shoshilinch qabul bo‘limlari faoliyatini standartlashtirishning ilmiy asoslangan tashkiliy mexanizmi ekanligini va keyingi yaxlit integratsiyalashgan modelga o‘tish uchun me’yoriy-uslubiy negiz yaratganini asoslaydi.
Oltinchi ilmiy yangilik: ilk bor BTSYo, tez tibbiy yordam va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarni Emergency department konsepsiyasi asosida funksional integratsiya qilishning tashkiliy-boshqaruv modeli ishlab chiqilib, uning bemorlar oqimini uzluksiz boshqarish, tibbiy yordamning bosqichma-bosqich uzviyligini ta’minlash va muassasalararo hamkorlik samaradorligini oshirishi ilmiy jihatdan asoslangan; ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi: ishlab chiqilgan model` Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashining 2026 yil 29 apreldagi 9-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Integratsiyalashgan triaj tizimini takomillashtirishning tashkiliy-funksional modeli” tavsiyanoma tarkibiga kiritilgan. Triaj va marshrutlash algoritmlari Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 12 sentyabrdagi 248-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan milliy klinik bayonnomalar asosida joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: og‘ir bemorlarni saralash va shoshilinch yordam sifatining oshgani, qabul bo‘limlarida bemorlar oqimi tartibga solinib, engil holatdagi bemorlarni ambulator bosqichga yo‘naltirish imkoniyatlari kengaygani bilan belgilanadi. Iqtisodiy samaradorligi: triajga asoslangan boshqaruv mexanizmi statsionar o‘rin-joy fondidan samarali foydalanish, asossiz gospitalizatsiyalarni qisqartirish va tizim resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlagani bilan asoslanadi. Xulosa: Emergency department konsepsiyasi shoshilinch tibbiy yordamni tashkil etishning zamonaviy integratsiyalashgan modeli sifatida tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va boshqaruv samaradorligini kuchaytirishning ilmiy asoslangan mexanizmi ekanligi tasdiqlandi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish