Ataeva Gulchexra Baxtiyorovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz tilidagi biznes muloqotda idiomatik birliklarning lug‘aviy tavsifi va funksional xususiyatlari”, 10.00.013 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil4122.
Ilmiy rahbar: Mustaeva Guldora Salaxiddinovna, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc. 03/2026.10.06.Fil.41.02
Rasmiy opponentlar: Teshaboeva Ziyodaxon Qodirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdi Eshonkulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi ingliz tilidagi biznes muloqotda qo‘llaniladigan idiomatik birliklarning lug‘aviy tavsifi va funksional-pragmatik xususiyatlarini aniqlash, ularning lug‘aviy tavsif tamoyillarini leksikografik jihatdan asoslash hamda 12 bandli modelni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
biznes diskursida frazeologik terminologiyani unifikatsiyalash maqsadida idiomatik birliklarning idiomatiklik darajasini aniqlash uchun semantik shaffoflik, komponent ma’nosining saqlanishi, metaforik motivatsiya, etimologik asoslanganlik va pragmatik funksionallik kabi mezonlarga tayangan skorlash metodikasi ishlab chiqilgan hamda ushbu metodika asosida idiomatik birliklar “sof idioma – yarim idioma – soxta idioma” kesimidagi dinamik “idiomatiklik kontinuumi” modeli doirasida tabaqalashtirilishi ilmiy asoslangan;
ingliz tili biznes diskursidagi idiomatik birliklarning frazeo-semantik maydonlarga mansubligi arxisema, integral sema va differensial semalar ierarxiyasi asosida aniqlanib, polisemantik idiomatik birliklarning biznes diskursidagi dominant sohaviy ma’nosini belgilashda korpus manbalariga tayanuvchi “chastotaviy ustuvorlik tamoyili” metodologik mezon sifatida dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi biznes idiomatik birliklarning lingvokulturologik simmetriya va assimetriya munosabatlari izomorfizm va allomorfizm mezonlari asosida aniqlanib, lisoniy allomorfizm ustunligi kognitiv domenlar divergensiyasi orqali dalillangan hamda tarjimada adekvatlikni formal-obrazli moslikdan ko‘ra funksional muqobillik va kognitiv kompensatsiya orqali ta’minlash zarurati ilmiy asoslangan;
biznes idiomatik birliklarining lug‘aviy tavsifida semantik, struktur-grammatik, kognitiv, pragmatik, paradigmatik va tarjimaviy parametrlarni integratsiyalash zarurati nazariy jihatdan asoslanib, idiomatik birlikning shakli, semantik maydoni, idiomatiklik darajasi, kognitiv asosi, funksional muqobili, dominant funksional-pragmatik xususiyati, paradigmatik aloqalari, etimologik-metaforik motivatsiyasi va korpusdagi qo‘llanishini qamrab oluvchi 12 bandli leksikografik model orqali amaliy dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz tili biznes muloqotidagi idiomatik birliklarning funksional xususiyatlari va lug‘aviy tavsifi tamoyillarini tadqiq etish davomida erishilgan nazariy va amaliy natijalar asosida:
frazeologik terminologiyani unifikatsiyalashda idiomatik birliklarning idiomatiklik darajasini semantik shaffoflik, komponent ma’nosining saqlanishi, metaforik motivatsiya, etimologik asoslanganlik va pragmatik funksionallik mezonlari asosida aniqlashga xizmat qiluvchi skorlash metodikasi, shuningdek, “sof idioma – yarim idioma – soxta idioma” kesimidagi dinamik “idiomatiklik kontinuumi” modeliga oid ilmiy-metodologik xulosalardan “Idioms and Phrasal Verbs in Business Communication” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda hamda biznes idiomatik birliklarining nominativ, kommunikativ, kognitiv va pragmatik funksiyalariga oid ilmiy-nazariy xulosalardan “Economic English (case studies and articles)” nomli darslikni tayyorlashda foydalanilgan. Mazkur o‘quv qo‘llanma Toshkent davlat transport universiteti O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilgan bo‘lib, 60230200 – Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz tili) ta’lim yo‘nalishi bakalavriat talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan hamda o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan (ISBN: 978-9910-8070-9-1; Toshkent davlat transport universitetining 2025-yil 22-sentyabrdagi 04-01/6826-sonli ma’lumotnomasi). “Economic English (case studies and articles)” nomli darslik esa Toshkent davlat transport universiteti rektorining 2024-yil 26-iyundagi 175-U-sonli buyrug‘iga asosan 60310100 – Iqtisodiyot (matematik iqtisodiyot) ta’lim yo‘nalishi bakalavriat talabalari uchun darslik sifatida nashrga tavsiya etilgan va o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan (ro‘yxatga olish raqami: 175-433, ISBN: 978-9910-08-489-8; Toshkent davlat transport universitetining 2025-yil 22-sentyabrdagi 04-01/6827-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, idiomatik birliklarni tizimlashtirish, tabaqalash va ularning funksional-semantik xususiyatlarini o‘quv adabiyotlariga tatbiq etish talabalarning tarjima hamda kasbiy muloqot kompetensiyasini rivojlantirishga xizmat qilgan;
ingliz tili biznes diskursidagi idiomatik birliklarning frazeo-semantik maydonlarga mansubligi arxisema, integral sema va differensial semalar ierarxiyasi asosida aniqlanib, polisemantik birliklarning biznes diskursidagi dominant sohaviy ma’nosini belgilashda korpus manbalariga tayanuvchi “chastotaviy ustuvorlik tamoyili”ni qo‘llashga doir ilmiy-nazariy xulosalar asosida tadqiqotchi tomonidan biznesidioma.uz onlayn didaktik interaktiv platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur platforma O‘zbekiston Respublikasi EHM uchun yaratilgan dasturlar davlat reestrida DGU 43274-sonli guvohnoma bilan 2024-yil 25-oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu platformadan Toshkent davlat transport universiteti “Chet tillar” kafedrasi negizida 2024–2025-o‘quv yilida amalga oshirilgan “Ishbilarmonlar uchun ingliz tilini o‘qitishni raqamli ta’lim texnologiyalari yordamida jadallashtirish” nomli ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan va aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Mazkur joriy etish Toshkent davlat transport universitetining 2025-yil 17-sentyabrdagi 04-01/6710-sonli ma’lumotnomasi bilan tasdiqlangan. Natijada, biznes idiomatik birliklarini semantik va funksional-pragmatik jihatdan tizimlashtirish elektron-didaktik resurslar mazmunini boyitishga, shuningdek, talabalarning idiomatik va frazeologik kompetensiyasini rivojlantirishga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi biznes idiomatik birliklarning lingvokulturologik simmetriya va assimetriya munosabatlari izomorfizm va allomorfizm mezonlari asosida aniqlanib, lisoniy allomorfizm ustunligining konseptual domenlar divergensiyasi orqali dalillanishi asosida tarjimada adekvatlikni formal-obrazli moslikdan ko‘ra funksional muqobillik va kognitiv kompensatsiya orqali ta’minlash zaruratiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 30-yanvardagi 01/03-51-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu xulosalar idiomatik birliklarning biznes kommunikatsiyadagi mazmunini to‘g‘ri anglash va ularni samarali qo‘llashga xizmat qilgan;
biznes idiomatik birliklarining lug‘aviy tavsifida semantik, struktur-grammatik, kognitiv, pragmatik, paradigmatik va tarjimaviy parametrlarni integratsiyalash zarurati, idiomatik birlikning shakli, semantik maydoni, idiomatiklik darajasi, kognitiv asosi, funksional muqobili, dominant funksiyasi, paradigmatik aloqalari, etimologik-metaforik motivatsiyasi va korpusdagi qo‘llanishini qamrab oluvchi 12 bandli leksikografik modelga oid ilmiy-nazariy xulosalar asosida tadqiqotchi tomonidan “12 bandli innovatsion tahlil metodologiyasi asosida yaratilgan izohli lug‘at” nomli dasturiy mahsulot yaratilgan bo‘lib, ushbu dasturiy mahsulotdan Toshkent davlat transport universiteti “Chet tillar” kafedrasida 2024-2025-o‘quv yillarida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida foydalanilgan. Mazkur dasturiy mahsulot O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan DGU 53702-sonli guvohnoma bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (Toshkent davlat transport universitetining 2025-yil 22-sentyabrdagi 04-01/6854-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, biznes idiomatik birliklarini ko‘p parametrli tavsiflash lug‘atchilik amaliyotini takomillashtirishga va raqamli leksikografiyani yangi metodik asoslar bilan boyitishga xizmat qilgan.