Umarova Gulmalika Qahramonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiy ijodida hakim obrazi talqinlari”, 10.00.02 – O‘zbek mumtoz adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Fil3086.
Ilmiy rahbar: Nafas Shodmonov Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Shahrisabz davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.09.08.
Rasmiy opponentlar: Isroil Sulaymonov Isomiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nurboy Jabborov Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiy asarlaridagi hakimlar timsolini bir butun sistema sifatida o‘rganish, bu orqali obrazning hayotiy va irfoniy mazmunini tahlil etish, badiiy funksiyalarini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Hakim” tushunchasi mumtoz poetika, falsafa, mantiq va tasavvuf doirasida integratsiya qilinib, uning hukm chiqaruvchi, tabib, donishmand kabi ma’nolari yaxlit arxetipda mujassamlashgani, bu jihat uni donolikni izlovchi faylasufdan tubdan farqlashi Alisher Navoiy asarlaridagi Arastu, Suqrot, Jolinus, Hurmuz, Fishog‘urs, Jomosb kabi timsollar misolida isbotlab berilgan;
Navoiy lirikasida hakim siymosi falsafiy-estetik va poetik qatlamlarni birlashtiruvchi polisemantik obraz sifatida namoyon bo‘lib, lirik qahramon pozisiyasiga muvofiq Hakim – tabib; Hakim – komillikda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi donishmand pir; Hakim – Yaratuvchi kabi adabiy portretlarda talqin qilingani, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida buyuk yunon faylasuflari kishilik ma’naviy tarixida payg‘ambarlardan keyingi maqomga olib chiqilgani asoslangan;
Shoir ijodida hakim obrazi markaziy poetik modelga aylanib, falsafiy-didaktik liderlikni ifoda etishi, ma’naviy va axloqiy kamolot tushunchasini tashuvchi yaxlit, ko‘pqatlamli tizimni vujudga keltirishi, millati va yashagan davridan qat’i nazar, vahdat ul-vujud nazariyasining faol vakili sifatida namoyon bo‘lishi ochib berilgan;
“Xamsa” dostonlarida, xususan, “Farhod va Shirin” hamda “Saddi Iskandariy” asarlarida hakim obrazi insonni illatdan tozalaydigan tasavvufiy g‘oyalarni, komil inson idealini tashishi, sujetning g‘oyaviy-badiiy rivojlanishidagi ruhiy yo‘naltiruvchisi vazifasidagi dominant timsol ekanligi, bilim, ishq va amal birligini mujassam etishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiy ijodida hakim obrazi talqinlarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida asosida:
“Hakim” tushunchasi mumtoz poetika, falsafa, mantiq va tasavvuf doirasida integratsiya qilinib, uning hukm chiqaruvchi, tabib, donishmand kabi ma’nolari yaxlit arxetipda mujassamlashgani, bu jihat uni donolikni izlovchi faylasufdan tubdan farqlashi Alisher Navoiy asarlaridagi Arastu, |Suqrot, Jolinus, Hurmuz, Fishog‘urs, Jomosb kabi timsollar misolida isbotlangan o‘rinlardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda amalga oshirilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiyning mualliflik korpusini yaratish” (“Xazoyin un-maoniy” kulliyotudagi g‘azallar asosida)nomli amaliy loyihada foydalanilgan. 2025-yil 20-maydagi № 01/4-2051 raqamli maʼlumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar, tezislar va monografiyalar saviyasining oshirishiga erishilgan;
Navoiy lirikasida hakim siymosi falsafiy-estetik va poetik qatlamlarni birlashtiruvchi polisemantik obraz sifatida namoyon bo‘lib, lirik qahramon pozisiyasiga muvofiq holda Hakim – tabib; Hakim – komillikda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi donishmand pir; Hakim – Yaratuvchi kabi adabiy portretlarda talqin qilingani, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida yunon faylasuflari kishilik ma’naviy tarixida payg‘ambarlardan keyingi maqomga olib chiqilgani asoslangan xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda amalga oshirilgan IZ-2021020813 “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 6-dekabrdagi № 04/1-raqamli maʼlumotnomasi). Natijada loyihaning Alisher Navoiy ijodini xorijda o‘rgantish bilan bog‘liq jihatlarini yunon faylasuflari timsoliga doir materiallar bilan boyitishga xizmat qilgan.
“Xamsa” dostonlarida, xususan, “Farhod va Shirin” hamda “Saddi Iskandariy” asarlarida hakim obrazi insonni illatdan tozalaydigan tasavvufiy g‘oyalarni, komil inson idealini tashishi, sujetning g‘oyaviy-badiiy rivojlanishidagi ruhiy yo‘naltiruvchisi vazifasidagi dominant timsol ekanligi, bilim, ishq va amal birligini mujassam etishi isbotlangan tomonlaridan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” dasturi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 30-mart 17-05-45-sonli maʼlumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuv mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy boʻlishini taʼminlashning imkonini bergan.