Maksudova Aziza Abdukaxarovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): «Oqova suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash uchun guruch qobig‘i asosida biosorbent olish», 11.00.05 – Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/K1055.
Ilmiy rahbar: Mutalov Shuxrat Axmadjonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.30/2025.27.12.K/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Sottiqulov Elyor Sotimboevich, texnika fanlari doktori, professor; Eshqurbonov Furqat Bozorovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: guruch qobig‘ini monoetanolamin (MEA) ning suvli eritmasi bilan modifikatsiya qilish orqali biosorbent olish, adsorbsiya jarayonining kinetik va termodinamik xususiyatlarini o‘rganish hamda oqova suvlarni Cu(II) va Ni(II) ionlaridan tozalashda qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marotaba guruch qobig‘i yuzasini monoetanolaminning suvli eritmasi bilan modifikatsiya qilish orqali, yangi biosorbent olingan va jarayonining optimal ko‘rsatkichlari – boshlang‘ich reagentlar nisbati 1:100 (1 ml MEA: 100 ml suv), ishlov berish vaqti 24 soat, harorat 293K ekanligi aniqlangan;
olingan biosorbentda Cu(II) va Ni(II) ionlarining adsorbsiya jarayoni qonuniyatlarini tadqiq etish natijasida ularning yuqori korrelyasiya koeffisientlari bilan Freyndlix tenglamasiga mos kelishi aniqlangan;
psevdo-ikkinchi tartibli model asosida, Cu(II) va Ni(II) ionlarining adsorbsiya jarayoni kinetikasining asosiy parametrlari, shuningdek jarayonning aktivatsiya energiyalari qiymatlari aniqlangan va metall ionlarining bog‘lanishida xemosorbsiya jarayonlari sodir bo‘lishi aniqlangan;
adsorbsiya jarayonining termodinamik parametrlari – Gibbs energiyasi, entalpiya va entropiyasi aniqlangan, shuningdek, adsorbsiya jarayoning o‘z-o‘zidan sodir bo‘lishi va haroratning ortishi adsorbsiya jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan;
Cu(II) va Ni(II) ionlarining sorbsiyalanishi, gidroksil va amin guruhlar ishtirokida metall ionlari bilan kompleks birikmalar hosil qilish orqali sodir bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oqova suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash uchun guruch qobig‘i asosida biosorbent olish bo‘yicha qilingan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
oqova suvlarni og‘ir metall ionlaridan dastlabki reagent usuli bilan tozalashdan keyin, olingan biosorbent yordamida qo‘shimcha tozalash texnologiyasi “MZM OXIDE INDASTRY” MChJ galvanik sexida amaliyotga joriy qilingan (“O‘zkimyosanoat” AJ ning 2025 yil 16 dekabrdagi №11-1-3477-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqova suvlar tarkibidagi mis va nikel ionlarining miqdorini mos ravishda 1,6 va 1,5 baravar kamaytirish imkonini bergan;
biosorbent yordamida oqova suvlarni og‘ir metall ionlaridan tozalash texnologiyasi “O‘zmetkombinat” AJ da amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 25 iyundagi №01/05-01-01/739-son ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘shimcha tozalash usulini qo‘llash suvni og‘ir metall ionlaridan tozalash darajasini 40-50% ga oshirib, tozalangan oqova suvlardan korxonadagi suvning aylanma harakati tizimida ko‘proq hajmdan foydalanish imkonini yaratgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish