Iskandarov Abdullox Abduraxmon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zada murakkab duragaylash asosida transgressiv shakllar olish va DNK markerlardan foydalanib qimmatli xo‘jalik belgilari polimorfizmini baholash”, 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/B1334.
Ilmiy rahbar: Rafieva Feruza Umidullaevna, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.05/2025.27.12.V.24.01.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Saidg‘ani Muxtorovich biologiya fanlari doktori, professor; Husenov Naim Nutfilloevich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zada turlararo oddiy duragaylarning yuqori avlodida qimmatli-xo‘jalik belgilarini tahlil qilish, murakkab F1-F2 duragaylarida bu belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi, o‘zaro bog‘liqligini genetik polimorfizmini aniqlash asosida noyob seleksion ashyolar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘zaning yovvoyi G. mustelinum turi, G. hirsutum L. ssp. paniculatum kenja turi, o‘rta tolali “Beshqahramon” va ingichka tolali “Surxon-9” navlari ishtirokida yangi genetik asosga ega murakkab duragay kombinatsiyalar yaratilgan. Ushbu duragaylarning F2 avlodida tola chiqimi belgisining yuqori irsiylanishi (h² = 0,74-0,84) aniqlanib, genetik variatsiyaning asosiy qismi irsiy omillar bilan boshqarilishi hamda mazkur belgi bo‘yicha samarali seleksion tanlashga erishish mumkinligi isbotlangan;
murakkab F1 duragaylarida hosil shoxlari soni va tola chiqimi ko‘rsatkichlari o‘rtasida salbiy genetik korrelyasiya mavjudligi hamda unda epistatik va noadditiv genlar ta’siri ustunlik qilishi isbotlangan. Aksincha, oddiy F4 duragaylarida ushbu belgilar o‘rtasida ijobiy korrelyasiya kuzatilib, unda additiv genlar ta’sirining ustunligi aniqlangan;
bir ko‘sakdagi paxta og‘irligi, tola chiqimi va tola sifati belgilariga genetik bog‘langan yuqori polimorf SSR markerlar aniqlanib, bir ko‘sakdagi paxta og‘irligi uchun NAU6966 (PIC=0,90), tola sifati uchun BNL2449 (PIC=0,90) va tola chiqimi uchun DPL0041 (PIC=0,82) markerlarining seleksiya jarayonida qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash va marker-assotsiyalangan tanlashda eng samarali DNK markerlari ekanligi aniqlangan;
murakkab duragay kombinatsiyalarida yovvoyi G.mustelinum turi va G. hirsutum L. ssp. paniculatum kenja turi ishtirokida tola chiqimi, bir ko‘sakdagi paxta og‘irligi hamda tola uzunligi belgilarida ijobiy transgressiya hodisalari aniqlangan. Jumladan, ID-12 namunasida tola chiqimi 40,0 % va bir ko‘sakdagi paxta og‘irligi 6,5 g, ID-133 namunasida esa tola chiqimi 41,8 % va tola uzunligi 34,5 mm ga etgan transgressiv shakllar ajratib olinib, mazkur yovvoyi genofonddan foydalanish orqali qimmatli xo‘jalik belgilarini yaxshilash va seleksiya uchun yangi donor manbalar yaratish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zada murakkab duragaylash asosida transgressiv shakllar olish va DNK markerlardan foydalanib qimmatli xo‘jalik belgilari polimorfizmini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘o‘zaning G.mustelinum × ssp. eubarbadense «Surxon-9» navi) × (ssp. euhirsutum «Beshqahramon» navi × G.mustelinum) murakkab kombinatsiyasidan tanlab olingan 6, 8, 12 hamda 17 raqamli transgressiv shakllar, shuningdek, (G.mustelinum × ssp.euhirsutum «Beshqahramon» navi) × (ssp.paniculatum × G.mustelinum) kombinatsiyasidan tanlab olingan 84, 113 hamda 129 raqamli transgressiv shakllar Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 30 iyundagi 4/1255-1601 son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu transgressiv shakllar g‘o‘zaning dunyoviy genofondini boyitish va kolleksiya elektron bazasini shakllantirish imkonini bergan;
bir ko‘sakdagi paxta og‘irligi, tola chiqimi va tola sifati belgilariga bog‘langan SSR markerlarni aniqlash bo‘yicha olingan natijalar 2021–2024-yillarda bajarilgan “Gossypium L. turkumining dunyoviy bioxilma-xilligini genetik potensialini o‘rganish, filogeniyaning klassik uslublari asosida, tashqi muhitning biotik va abiotik ta’sirlariga bardoshli donorlar yaratish” mavzusidagi davlat ilmiy dasturida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 3-iyuldagi 4/1255-1646-son ma’lumotnomasi). Natijada, NAU6966, BNL2449 va DPL0041 markerlari yordamida qimmatli xo‘jalik belgilariga ega genotiplarni molekulyar darajada tanlash imkoniyati kengaytirilib, g‘o‘za seleksiyasida marker-assotsiyalangan tanlash samaradorligi oshirilgan.