Toshpulatov Abdulqahhor Xusniddin o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning turlararo duragay kombinatsiyalaridan foydalanib sho‘rxoklikka chidamlilikni nazorat qiluvchi QTL lokuslarini genetik xaritalash”, 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/V1501.
Ilmiy rahbar: Kushanov Faxriddin Ne’matillaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.05/2025.27.12.V.24.01.
Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Zabardast Tojiboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalikova Maloxat Babamurodovna qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Ilg‘or texnologiyalar markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning turlararo duragay kombinatsiyalaridan foydalanib sho‘rlanishga chidamlilik bilan genetik bog‘langan QTL larni identifiksiya qilish, ayrim qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini o‘rganish orqali sho‘rlanishga chidamli boshlang‘ich manbalar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta g‘o‘zaning yovvoyi allotetraploid G. mustelinum va G. darwinii turlari asosidagi turlararo duragay F₂ avlod populyasiyasida erta nihol bosqichidagi sho‘rlanish stressiga chidamlilik belgilarining genetik nazorati QTL xaritalash asosida baholanib, sho‘rlanishga chidamlilik bilan bog‘liq 7 ta QTL aniqlangan;
7 ta QTLning genetik xaritadagi joylashuvi va markerlar bilan bog‘liqligi tahlil qilinib, BNL3792 va NAU7049 SSR markerlarining sho‘rlanish stressiga chidamlilik bilan yuqori darajada (LOD balli > 2,5) genetik bog‘liqligi asoslangan;
g‘o‘za genomida aniqlangan 2200 ga yaqin QTL ma’lumotlarining kompleks Meta-QTL tahlili asosida 75 ta MQTL (Meta-QTL) aniqlandi, ulardan 14 tasi birinchi marta ushbu tadqiqotda identifikatsiya qilinib, aniqlangan QTL va MQTL hududlaridagi nomzod genlar bioinformatik usullarda saralanib, ularning sho‘rlanish stressiga moslashuvdagi roli GO, KEGG tahlillari hamda mavjud ilmiy adabiyotlar ma’lumotlarini o‘zaro qiyoslash orqali asoslab berilgan;
G.mustelinum × G.darwinii va G.mustelinum × G.barbadense kombinatsiyalaridan olingan F₃–F₅ avlod duragaylarida sho‘rlanish stressi ta’sirida qimmatli xo‘jalik belgilarining (bir ko‘sakdagi paxta vazni, tola uzunligi, tola chiqimi va 1000 dona chigit vazni) irsiylanishi va fenotipik o‘zgaruvchanligi kompleks baholandi va natijada, F₅ avlodidan sho‘rlanishga chidamli va yuqori xo‘jalik qimmatiga ega yangi boshlang‘ich seleksiya manbalari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning turlararo duragay kombinatsiyalaridan foydalanib sho‘rxoklikka chidamlilikni nazorat qiluvchi QTL lokuslarini genetik xaritalash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
F₅ G.barbadense ssp.ruderale f.parnat × G.mustelinum kombinatsiyasidan tanlab olingan Oila-6, Oila-20, Oila-48 va Oila-96, F₅ G.barbadense ssp.ruderale f.pisco × G.mustelinum kombinatsiyasidan tanlab olingan Oila-128 va Oila-147, shuningdek F₅ G.darwinii × G.mustelinum kombinatsiyasidan tanlab olingan Oila-201, Oila-224 va Oila-270 rekombinant oilalari “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasiga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 30-iyundagi №4/1255-1600-son ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlanishning yuqori darajasiga chidamli yangi genetik manbalar bilan “G‘o‘za genofondi” noyob obekti kolleksiyasi boyitilgan hamda ushbu rekombinantlar kelgusidagi genetik-seleksion tadqiqotlar uchun qimmatli boshlang‘ich material sifatida tavsiya etildi;
sho‘rlanishga chidamlilik bilan bog‘liq QTL hududlarini xaritalashda yuqori informativlik ko‘rsatgan BNL1694, JESPR204, NAU1151, NAU1042, NAU2508, NAU7049 va BNL3792 SSR markerlaridan 2021–2024-yillarda bajarilgan “Gossypium L. turkumining dunyoviy bioxilma-xilligining genetik potensialini o‘rganish, filogeniyaning klassik uslublari asosida tashqi muhitning biotik va abiotik ta’sirlariga bardoshli donorlar yaratish” mavzusidagi davlat byudjeti dasturi doirasida g‘o‘za genotiplari o‘rtasidagi filogenetik munosabatlarni aniqlash, genetik polimorfizm darajasini baholash hamda qimmatli xo‘jalik belgilariga ega genotiplarni tanlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 3-iyuldagi №4/1255-1647-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genotiplarining genetik xilma-xilligi va filogenetik qarindoshlik darajasiga aniqlik kiritilib, yuqori genetik polimorfizmga hamda qimmatli xo‘jalik belgilariga ega istiqbolli genotiplarni seleksiya uchun maqsadli tanlash samaradorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish