Umarova Nasiba Abduvali qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy Misr adabiyotida “qisqa roman” xususiyatlari (Salva Bakr ijodi misolida)”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari) 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3431.
Ilmiy rahbar: Muxiddinova Dilafruz Zoxriddinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.05.03.
Rasmiy opponentlar: Muhibova Ulpatxon Uchkunovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mubarakova Dilshoda Abduraxmatovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Misr adabiyotida “qisqa roman”ning shakllanishi va rivojlanishi, janr xususiyatlari va syujet qurilishi masalalari Salva Bakr qisqa romanlari misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
zamonaviy Misr adabiyotida roman janrining tadrijiy takomili, “yangi roman” kontekstida “qisqa roman”ning shakllanish bosqichlari, ichki va tashqi omillar, “qisqa roman”ning janr xususiyatlari: syujetning ixchamlashuvi, voqealarning tezkor rivoji, markazlashuvi, qisqa ifodada tagma’nolilik belgilari isbotlangan;
zamonaviy Misr romanchiligi rivojida adiba Salva Bakr ijodiy yo‘li, nasrnavislikdagi xilma-xillik, adiba ijodining ikki bosqichli evolyusiyasi, romanlarida yangi uslub, realistik va modernistik tasvir tamoyillari, adibaning “qisqa roman”larining tavsifi, go‘yaviy va mazmuniy xususiyatlari ochib berilgan; 
Salva Bakrning qisqa romanlar silsilasining ilk bosqichida yaratilgan “Quyonlar” (أرانب) romanida syujet qurilishida realistik tasvir, ya’ni bosh qahramonning hayoti, qashshoqlikka qarshi kurashish tafsilotlari, quyonchilik loyihasi bilan bog‘liq voqealar, bosh qahramon va mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy masalalar bilan bog‘langan OAV (gazeta, TV)ga tegishli xabarlar, yangiliklar kabi hujjatli matn bayoni uyg‘unligi, romanda ramziylik, kinoyaviylik va badiiy tasvir vositalari misollar orqali dalillangan;
Salva Bakrning qisqa romanlar silsilasining ikkinchi bosqichida yaratilgan “Vaqt charxpalagi” (سواقي الوقت) romanida modernistik rivoya, ya’ni assotsiativ syujet va ong oqimi asosida qurilgani, voqealar izchilligi qahramon ongidagi xotira va ruhiy kechinmalar oqimiga bo‘ysundirilishi, romanda turli ijtimoiy qatlamdagi individual qarashlar mustaqil ovoz sifatida namoyon bo‘lishi, polifonik nutq xususiyati, ramziy, kinoyaviy ifodalar, tashbeh, istiora, kinoya, badiiy kontrast, mubolag‘ali istehzo kabi badiiy tasvir va ifoda vositalari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Zamonaviy Misr adabiyotida “qisqa roman” xususiyatlari (Salva Bakr ijodi misolida)” tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
zamonaviy Misr romanchiligi rivojida adiba Salva Bakr ijodiy yo‘li, nasrnavislikdagi xilma-xillik, adiba ijodining ikki bosqichli evolyusiyasi, romanlarida yangi uslub, realistik va modernistik tasvir tamoyillari, adibaning “qisqa roman”larining tavsifi, go‘yaviy va mazmuniy xususiyatlari asosida olingan xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Badiiy tarjima va xalqaro adabiy aloqalar”, “Nasr ijodiy kengashlari” hisobot yigʻilishlarida, yosh ijodkorlar to‘garagi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 3-noyabrdagi 01 – 03/360-son ma’lumotnomasi). Natijada, Misr “qisqa roman”i, uning paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari, Salva Bakrning romanchilikdagi o‘rni va uning qisqa romanlari haqidagi monografik tahliliy-tadqiqiy natijalari bilan o‘zbek o‘quvchilari yaqindan tanishtirilgan;
zamonaviy Misr adabiyotida roman janrining tadrijiy takomili, “yangi roman” kontekstida “qisqa roman”ning shakllanish bosqichlari, ichki va tashqi omillari yoritilgan nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston – 24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti” nomli dasturlar ssenariysida (2024-2025-yillar) foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston 24” ijodiy birlashmasi DMning 2025-yil 7-noyabrdagi 05 – 09  – 1751-son dalolatnomasi). Natijada, adabiyotshunoslar va o‘zbek kitobxonlariga ma’lumot berishda hamda arab adabiyoti namunalaridan bahramand etishda  muhim ahamiyat kasb etgan;
Misr adabiyotida “qisqa roman”ning janr xususiyatlari: syujetning ixchamlashuvi, voqealarning tezkor rivoji, markazlashuvi, qisqa ifodada tagma’nolilik belgilariga oid nazariy xulosalaridan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilgan “Adabiyotshunoslik terminlar lugʻati” (sharq tillari kesimida”) mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 01-maydagi 01-04-02/1214-son ma’lumotnomasi). Natijada, lug‘atdagi roman shakllari, badiiy tasvir vositalari, istiora tazod, tashbeh kabi terminlarning aniq va to‘g‘ri izohlari shakllantirilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish