Omonturdiev Ortiq Eshboevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Mahalliy xomashyolar asosida noto‘qima materiallar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish va iqtisodiy samaradorligini aniqlash (Xisori mayin jun korxonasi misolida) 05.02.03 – “Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari” ixtisosligi (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6180
Ilmiy rahbar: Ermatov Shavkat Qulmatovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.14.02
Rasmiy opponentlar: Avazov Komil Raxmatovich texnika fanlari doktori (DSc), professor. Toshbekov Odil Abdullaevich texnika fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Tolali ekinlar ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mahalliy dag‘al jun tolasini fizik-mexanik qayta ishlash va turli xil iflos aralashmalardan tozalash jarayonlarini takomillashtirish, 2BT-150Sh rusumli titish-tozalash uskunasining konstruksiyasiga qo‘shimcha cho‘tkali baraban o‘rnatish, uning konstruktiv va texnologik parametrlarini nazariy hamda tajribaviy jihatdan asoslash orqali tolaning titilganlik darajasi, iflosliklardan tozalanish samaradorligi va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, shuningdek, mahalliy xomashyo asosida sifatli jun tolasi materiallarini olishga yo‘naltirilgan resurs tejamkor va iqtisodiy samarador texnologiyani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy dag‘al jun tolasini titish va mexanik tozalash samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan, 2BT-150Sh rusumli titish-tozalash uskunasining texnologik imkoniyatlarini kengaytiruvchi yangi konstruktiv echim ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan, bunda tolaning uskuna chiqish qismiga qo‘shimcha cho‘tkali baraban o‘rnatilib, uning yordamida tolani qo‘shimcha titish va tarkibidagi mayda hamda yirik iflos aralashmalarni ajratish jarayoni takomillashtirilgan;
cho‘tkali baraban ta’sirida jun tolasining harakat qonuniyatlarini ifodalovchi nazariy-matematik model ishlab chiqilgan, bunda tola oqimining harakatiga ta’sir etuvchi og‘irlik, markazdan qochma, ishqalanish, elastik va qarshilik kuchlarining o‘zaro ta’siri hisobga olinib, ikkinchi tartibli differensial tenglama shakllantirilgan hamda uning analitik va sonli echimlari asosida tola harakatining asosiy qonuniyatlari aniqlangan;
cho‘tkali barabanning radiusi, aylanish tezligi, novning qiyalik burchagi va ishqalanish koeffisientining jun tolasining harakatlanishi, titilishi va iflosliklardan ajralish jarayoniga ta’siri nazariy va matematik modellashtirish asosida aniqlangan, natijada baraban radiusi 200 mm, nov qiyalik burchagi 50°, aylanish tezligi 500–630 ayl/min va ishqalanish koeffisienti 0,30–0,40 oralig‘ida bo‘lganda texnologik jarayonning maqbul ish rejimlari ilmiy asoslangan;
nazariy hisoblashlar, sonli modellashtirish va tajriba natijalarining o‘zaro muvofiqligi asosida cho‘tka og‘ish burchagi 50° va cho‘tkali barabanning aylanish tezligi 630 ayl/min bo‘lganda mahalliy dag‘al jun tarkibidagi iflos aralashmalarni ajratish samaradorligi 91,4 % gacha oshishi ilmiy jihatdan asoslangan hamda mazkur parametrlarning tolaning samarali titilishi va tozalanishini ta’minlovchi maqbul qiymatlar ekanligi aniqlangan;
cho‘tkali baraban yordamida jun tolasini kolosnikli panjara ustidan uzatish jarayonining energetik-matematik modeli ishlab chiqilgan, tozalash jarayonida bajariladigan ishning baraban aylanish tezligiga kvadratik bog‘liqligi aniqlangan va ushbu qonuniyat asosida energiya sarfini hamda tolaning mexanik shikastlanishini kamaytirish bilan birga yuqori darajadagi titish va tozalashni ta’minlovchi ratsional texnologik ish parametrlari ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Mahalliy dag‘al jun tolasini mexanik va kimyoviy usullarda qayta ishlash, tolani samarali tozalash hamda yuqori sifatli titilgan tolali materiallar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy dag‘al junni tozalashning takomillashtirilgan texnologiyasi “XISORA MAYIN JUN” MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2026-yil 25-fevraldagi HR-25-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy dag‘al jun tarkibidagi yirik va mayda iflos aralashmalarni samarali ajratish hamda yuqori sifatli tola olish imkoniyati yaratilgan;
tozalash uskunasiga qo‘shimcha cho‘tkali baraban o‘rnatish asosida takomillashtirilgan konstruksiya ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2026-yil 25-fevraldagi HR-25-son ma’lumotnomasi). Natijada uskunaning tozalash samaradorligi oshirilgan, tolaning titilganlik darajasi yaxshilangan hamda texnologik jarayonning samaradorligi ortgan;
mahalliy dag‘al jun tolasi asosida uch xil qalinlikdagi noto‘qima materiallar ishlab chiqarish texnologiyasi “JIZZAX JUN” MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2026-yil 25-fevraldagi HR-25-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqarish sinovlari natijalariga ko‘ra, mahalliy jun tolasini tozalash samaradorligi 18–20 foizga oshgan, natijada sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib, yuqori fizik-kimyoviy xossalarga ega titilgan tolali materiallar ishlab chiqarishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish