Tashbaev Sherzodbek Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Faol metan hosil qiluvchi mikroorganizmlar assotsiatsiyasi asosida biogaz olish», 03.00.12–Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/V42.
Ilmiy rahbar: Alimova Barno Xasanovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mikrobiologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Xo‘jamshukurov Nortoji Abduhalikovich, biologiya fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Abdug‘ofurovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: biogazli fermentatsiya jarayonini amalga oshirish uchun faol mezofil (BMMMA) va termofil (BTMMA) balanslangan metanogen mikroorganizmlar assotsiatsiyalarini olish, biogazli fermentatsiyani jadallashtirish va ular asosida chorvachilik, parrandachilik fermalari chiqindilarini qayta ishlashning yangi samarali biotexnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoramol go‘ngini bosqichma-bosqich biogazli fermentatsiyasi asosida mahalliy balanslangan mezofil va termofil metanogen faol mikroorganizmlar assotsiatsiyalari ajratib olingan va mahalliy balanslangan metanogen mezofil va termofil mikroorganizmlar assotsiatsiyalari qoramol go‘ngidan 63,8% va tovuq go‘ngidan 69,7% metan hosil qilishi aniqlangan;
ilk bor mahalliy metanogen termofil mikroorganizmlar assotsiatsiyasi tarkibidagi metan hosil qiluvchi bakteriyalar vakillari molekulyar-genetik usulda aniqlangan va ular Methanosarcina, Methanoculleus, Methanocorpusculum va Methanospirillum avlodiga mansub 9 turga mansub ekanligi asoslangan;
ilk bor Lactobacillus plantarum K04.84 shtammini tovuq go‘ngi tarkibidagi patogen Salmonella avlodi bakteriyalariga qarshi antagonistik xususiyati biogazli fermentatsiya jarayonida aniqlangan;
tovuq go‘ngi asosida biogazli fermentatsiya qilib olingan organik o‘g‘itni 0,5 t/ga va NPK-30% miqdorida qo‘llanilganda bug‘doy rivojlanishiga davomli ta’sir qilishi aniqlangan;
tajriba variantida bug‘doy rizosferasida spora hosil qiluvchi ammonifikatsiyalovchi bakteriyalarning hujayrasi vegetativ shaklda uchrashi hamda ularning 2–3% spora holida bo‘lishi, nazorat variantida esa 37–40% sporada ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bosqichma-bosqich tanlash yo‘li bilan olingan balanslangan metanogen mikroorganizmlar assotsiatsiyalarini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qoramol go‘ngini bosqichma-bosqich bijg‘itish usuli orqali olingan balanslangan metan hosil qiluvchi mikroorganizmlar assotsiatsiyasi asosida biogaz olish biotexnologiyasi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani “Ulug‘beklar” xususiy fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 10 oktyabrdagi 02/12-533-son ma’lumotnomasi). Natijada qoramol go‘ngini bijg‘itishda 60–63% metan gazi hosil qilish imkonini bergan;
qoramolchilik fermalarida go‘ngdan biogaz olish biotexnologiyasi Toshkent viloyati Parkent tumani “Baxt” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 10 oktyabrdagi 02/12-533-son ma’lumotnomasi). Natijada balanslangan metan hosil qiluvchi mikroorganizmlar assotsiatsiyasi biogazli fermentatsiya jarayonini keskin tezlashtirib, biogaz tarkibidagi metan miqdorini nazoratga nisbatan 3–4 marta oshirish imkonini bergan.