Numonova Mashxura Qobiljon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida suv konseptining nominativ-kommunikativ maydoni birliklarining lingvokognitiv hamda lingvokulturologik tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Fil6837.
Ilmiy rahbar: Abduvaliev Maxamatjon Arabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Saidxonov Ma’mirjon Muxammedovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor, Sidikov Qosim Abilovich, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida “suv” konseptining nominativ-kommunikativ maydoni birliklarini qiyosiy tahlil qilish, uning umumiy va milliy xususiyatlarini aniqlash, konseptning universal modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“suv” konsepti ingliz va o‘zbek tillarida zamonaviy lingvokognitiv va lingvokulturologik yondashuvlarning integrallashgan metodologik platformasida qiyosiy ravishda modellashtirilgan, uning universal kognitiv yadrosi (hayot, tozalik, oqim-vaqt) bilan milliy-madaniy qatlamlari (o‘zbek tilida baraka, marosimiy poklik, najot; ingliz tilida ekologik xavotir, global resurs, iqlim tanqisligi) o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar asoslab berilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi “Suv” konseptining kognitiv-semantik qatlamlari va metaforik modellarining yangi tizimli tasnifi taklif qilinib, bu tasnifda ekologik pragmatika (zamonaviy ingliz diskursida ustun) va ma’naviy-markaziy pragmatika (o‘zbek tilida dominant) qiyosiy jihatdan ajratilgan;
“suv” konseptining nominativ-kommunikativ maydoni (leksik, frazeologik, paremiologik, metaforik) ingliz va o‘zbek tillarida to‘liq modellashtirilib ishlab chiqilgan, uning ichki paradigmatik tuzilishi va sintagmatik bog‘lanishlari kognitiv haritasi ishlab chiqilgan;
zamonaviy ekologik va ijtimoiy diskurs materiallarida “suv” konseptining yangi funksiyalari (identifikatsiya, ogohlantirish, motivatsiya, global mas’uliyat ramzi) aniqlanib, ularning ingliz tilidagi ekologik-texnokratik va o‘zbek tilidagi ma’naviy, madaniy merosga asoslangan yo‘nalishlari o‘rtasidagi farqlar ochib berilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotining ilmiy natijalari, taklif va tavsiyalaridan quyidagi loyihalarda foydalanildi:
ingliz va o‘zbek tillarida “suv” konseptining nominativ-kommunikativ maydoniga kiruvchi leksik, frazeologik va paremiologik birliklarning lingvokognitiv hamda lingvokulturologik xususiyatlari, mazkur konseptning hayot, poklik, baraka, ekologik ong va ijtimoiy tafakkur bilan bog‘liq semantik qatlamlari tizimli ravishda yoritilib, konseptual maydonning struktur-semantik tashkil topishi hamda uning diskursiv realizatsiyasiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat”, “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti” eshittirishlari ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 4-dekabrdagi 05-09-1955-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlarning ilmiy-nazariy saviyasi oshirildi hamda suv konseptining lingvokognitiv va lingvokulturologik talqini keng jamoatchilikka tizimli tarzda etkazilgan;
tadqiqotda “suv” konseptining nominativ va kommunikativ maydoni birliklarining lingvokognitiv modellashtirilishi, ularning madaniy-semantik reprezentatsiyasi hamda konseptual metaforizatsiya jarayonlari orqali shakllanish qonuniyatlari aniqlanib, ushbu jarayonlarga oid ilmiy xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida 2022–2024-yillarda amalga oshirilgan hamda AQSh davlat departamenti tomonidan moliyalashtirilgan “English Access Microscholarship Program” xalqaro loyihasi doirasida ta’lim jarayonini tashkil etishda foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 24-dekabrdagi 4126/02-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim jarayonida lingvomadaniy va interkultural kommunikativ kompetensiyalarni shakllantirish samaradorligi oshirilgan;
konseptual-semantik qatlamlarni aniqlash, lingvokognitiv tahlil qilish hamda til birliklarining madaniy kod sifatidagi funksional yuklamasini ochib berishga qaratilgan nazariy yondashuvlarga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimida 2023–2024-yillarda amalga oshirilgan fundamental ilmiy loyiha doirasida test topshiriqlarini ishlab chiqish va metodik materiallarni takomillashtirishda foydalanilgan (A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy tadqiqot institutining 2025-yil 1-dekabrdagi 03-17-09-996-son ma’lumotnomasi). Natijada baholash tizimining ilmiy-metodik asoslari boyitildi hamda o‘quvchilarning lingvistik bilimlarini aniqlash mezonlari takomillashtirildi;
ishlab chiqilgan lingvokulturologik interpretatsiya, konseptual tahlil va diskursiv yondashuvlarga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan adabiy-tarjima jarayonlari hamda ilmiy-amaliy seminar mashg‘ulotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 1-dekabrdagi 01-03/595-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy diskursni lingvokulturologik tahlil qilish hamda tarjima jarayonida konseptual adekvatlikni ta’minlash imkoniyatlari kengaytirilgan.