Kamalxodjaeva Zulayxo Adilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Sovershenstvovanie pravovogo statusa chlenov sem`i v semeynom prave Respubliki Uzbekistan”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Yu2145
Ilmiy rahbar: Sharaxmetova Umida Shaakbarovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Aminjonova Matluba Ahmedovna, yuridik fanlar doktori, professor, Saydivalieva Xurshida Xodjiakbarovna, yuridik fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida oila a’zolari maqomini huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan nazariy qoidalar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
voyaga etmaganlarning yashash joyi ularning qonuniy vakillarining yashash joyi bo‘yicha qonun hujjatlarida mustahkamlanishi voyaga etmagan oila a’zolari huquqiy maqomining zaruriy elementi ekanligi, chunki ushbu masaladagi aniqlik bolaning oilaviy tarbiyaga bo‘lgan huquqini amalga oshirishni ta’minlaydi, qonuniy vakillarning voyaga etmaganlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini tegishli tarzda bajarishiga kafolat yaratadi hamda vasiylik va homiylik ostidagi bolalar ishtirokidagi ma’muriy, turar-joy va oilaviy huquqiy munosabatlardagi huquqiy noaniqlikni bartaraf etishi asoslantirilgan;
bolani ota-onadan yoki boshqa shaxslardan uning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid mavjud bo‘lganda ajratib olish voyaga etmagan oila a’zolarining shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilishning mustaqil individual chorasi ekanligi, bu esa voyaga etmaganlar huquqlari va manfaatlarini ustuvor himoya qilish tamoyili bilan shartlanganligi asoslantirilgan;
bolalarni tarbiyalash usullarining, ya’ni befarqlik, shafqatsiz va insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani istisno etuvchi usullarning oila qonunchiligida ota-onalik huquqlarini amalga oshirishning mustaqil tamoyili sifatida mustahkamlanishi lozim ekanligi, chunki jismoniy jazolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonuniy taqiqning yo‘qligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni tarbiya an’analari bilan oqlashga imkon beruvchi huquqiy bo‘shliqni keltirib chiqaradi, bu esa bolalar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlariga va bolalikni muhofaza qilishning konstitutsiyaviy tamoyiliga zid kelishi asoslantirilgan;
bolani olib qo‘yish to‘g‘risidagi sud qarorlarini ijro etish maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi mumkin emasligi, chunki ta’lim muhitida bunday majburiy choralarni qo‘llash bolaning psixologik xavfsizligini buzadi hamda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida mustahkamlangan bolaning eng yaxshi manfaatlari tamoyiliga zid kelishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi oila huquqida oila a’zolarining huquqiy maqomini takomillashtirishga doir tadqiqot natijalari asosida quyidagi takliflar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi:
o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga etmagan shaxslarning yoki vasiylikdagi shaxslarning yashash joyi ularning qonuniy vakillari, ya’ni ota-onasi (yolg‘iz ota yoki ona), farzandlikka oluvchilari yoki vasiylarining yashash joyi, o‘n to‘rt yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan voyaga etmagan shaxslarning yoki homiylikdagi shaxslarning yashash joyi esa ularning qonuniy vakillari, ya’ni ota-onasi (yolg‘iz ota yoki ona), farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yashash joyi deb hisoblanishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-iyuldagi O‘RQ–1074-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarini ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlarni, nodavlat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining 2026-yil 13-apreldagi 04/3-07-08-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi voyaga etmagan bolalarning yashash joyini ularning qonuniy vakillari yashash joyi bilan bog‘lash orqali ularning huquqiy kafolatlarini qonunchilik darajasida mustahkamlashga hamda voyaga etmaganlar ishtirokidagi huquqiy munosabatlarda huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qildi.
zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi mavjud bo‘lgan bolani uning ota-onasidan (ulardan biridan) yoki uning qaramog‘ida bo‘lgan boshqa shaxslardan bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid mavjud bo‘lgan hollarda ajratib olish bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishning individual choralaridan biri hisoblanishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-noyabrdagi O‘RQ–996-son “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasini ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlarni, nodavlat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining 2026-yil 13-apreldagi 04/3-07-08-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi voyaga etmagan oila a’zolarining huquqlarini himoya qilishning kompleks individual choralar tizimini yaratishga, shuningdek bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga davlat tomonidan tezkor munosabat bildirishni ta’minlashga xizmat qildi.
ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish maqsadida ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, bolaga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, uning to‘laqonli va har tomonlama uyg‘un rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, bolaning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va ijtimoiy mansublik ehtiyojini qondirishiga ko‘maklashishi, shuningdek bolalarni tarbiyalash usullari ularni befarqlik, shafqatsiz, qo‘pol, inson qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda bo‘lish, haqorat qilish yoki ekspluatatsiya qilishni istisno etishi lozimligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-noyabrdagi O‘RQ–996-son “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasini ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlarni, nodavlat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining 2026-yil 13-apreldagi 04/3-07-08-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ota-onalarning voyaga etmagan oila a’zolarining shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilishga oid majburiyatlarini qonunchilikda mustahkamlashga hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.
bolani olib qo‘yish va uni boshqa shaxsga (shaxslarga) topshirish bilan bog‘liq ijro harakatlari maktabgacha ta’lim hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi mumkin emasligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi “Bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini (ID–5969) ishlab chiqishda, xususan Oila kodeksining 89-moddasini to‘rtinchi qism bilan to‘ldirishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2026-yil 29-apreldagi 27/2-171-26-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi bolani olib qo‘yish to‘g‘risidagi sud qarorlarini ijro etishda voyaga etmaganlarning huquqlarini qo‘shimcha himoya qilish kafolatini yaratdi, mazkur harakatlarni ta’lim muassasalarida amalga oshirishni istisno etish orqali bolaning psixologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qildi.