Xikmatilaev Ismoilxon A’zamxo‘ja o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Paxtani mayda ifloslikdan tozalash qurilmasini takomillashtirish” 05.02.03–Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari ixtisosligi bo‘yicha (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5670
Ilmiy rahbar: Mamaxonov A’zam Abdumajitovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.T.15.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxamadiev Davlat Mustafoevich, texnika fanlari doktori, professor Mavlyanov Aybek Palvanbaevich, texnika fanlari falsafa doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: chigitni tozalash qurilmasi uchun ekran hamda uni harakatga keltiruvchi zanjirli uzatma konstruksiyasini ishlab chiqish va ularning parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
chigit uyumiga xaotik harakat berish orqali tozalash samaradorligini oshirish maqsadida chigit tozalash qurilmasi uchun bo‘ylama kesimi kosinusoidal va ko‘ndalang kesimi sinusoidal bo‘lgan vibratsion ekran konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ekranning og‘irlik markaziga ta’sir etuvchi inersion qo‘zg‘atuvchi va tebrantiruvchi garmonik kuchlar asosida vibratsion ekranning garmonik harakat qonuniyati, tebranish amplitudasi, siljish fazasi va massa markazi atrofidagi siljish burchagini aniqlash imkonini beradigan  analitik ifodalar ishlab chiqilgan;
kosinusoidal-sinusoidal profilli vibratsion ekran yuzasida chigitga ta’sir etuvchi kuchlar muvozanatini hisobga oluvchi matematik harakat modeli ishlab chiqilgan hamda ishqalanish kuchining davriy o‘zgarishi natijasida chigitning kinematik parametrlarining o‘zgarishi va dumalash harakatining sirpanishga nisbatan ustunlashish qonuniyati aniqlangan;
vibratsion ekran yuritmasidagi avtomatik taranglovchi qurilmali zanjirli uzatma etaklanuvchi yulduzchasining ko‘pburchakli ilashish effekti ta’sirini inobatga olgan holda etaklanuvchi valdagi burchak tezlik va burovchi momentning davriy o‘zgarish qonuniyatlarini aniqlashning matematik modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Chigitni tozalash qurilmasi konstruksiyasini takomillashtirish hamda ishchi organlar parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlab chiqilgan bo‘ylama kesimi kosinusoidal va ko‘ndalang kesimi sinusoidal bo‘lgan vibratsion ekran bilan jihozlangan chigitni tozalash qurilmasi Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Namangantolatekstil” MChJda joriy etilgan (“Yog‘-moy sanoati korxonalari” uyushmasining 2025-yil 29-maydagi KS/3-189-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekran yuzasida chigit uyumining keng tarqalishi ta’minlanib, ishchi yuzadan foydalanish samaradorligini 15% ga ortishi hisobiga mayda iflosliklarni ajratish samaradorligini 8 % ga oshirishga erishilgan;
vibratsion ekran yuritmasida avtomatik taranglovchi qurilmali zanjirli uzatmasi bo‘lgan chigit tozalash qurilmasi Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Namangantolatekstil” MChJda joriy etilgan (“Yog‘-moy sanoati korxonalari” uyushmasining 2025-yil 29-maydagi KS/3-189-son ma’lumotnomasi). Natijada,  chigit tozalash jarayonidagi to‘xtalishlar va nosozliklarning kamayishi hisobiga ish jarayonining uzlyuksizligini 2,4 marta oshishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish