Fayzulloev Shohijaxon Jobirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Jahon savdo tashkiloti nizolarni hal etish mexanizmlarining xalqaro-huquqiy masalalari” 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.2.PhD/Yu1986.
Ilmiy rahbar: Rustambekov Islambek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.01.
Rasmiy opponentlar: Azxodjaeva Roza Altinovna yuridik fanlar doktori; Axunov Sherzod Adxamovich yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jahon savdo tashkiloti doirasida nizolarni hal etish mexanizmlarining xalqaro-huquqiy masalalarini tadqiq etish, ushbu sohadagi mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, shuningdek, nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish, O‘zbekiston qonunchiligini JST bitimlari bilan uyg‘unlashtirish hamda Jahon savdo tashkiloti nizolarni hal etish mexanizmlarida O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“A’zolar” deganda Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar tushunilishi asoslantirilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi “a’zolar” tushunchasi bilan to‘ldirilgan;
“Bildirishnoma” Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlat tomonidan taqdim etiladigan rasmiy ma’lumotnomalar shakli bo‘lib, unda majburiyatlarning bajarilishiga taalluqli ma’lumotlar aks etishi asoslantirilgan;
“Qishloq xo‘jaligi bitimi” JSTning Tariflar va savdo to‘g‘risidagi bosh bitimi tarkibiga kiruvchi ko‘p tomonlama kelishuv ekanligi asoslantirilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi “Qishloq xo‘jaligi bitimi” tushunchasi bilan to‘ldirilgan;
“Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasi” JST Kotibiyatining tarkibiy qismi bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida JSTga a’zo davlatlar majburiyatlarining bajarilishi monitoringi, tahlili va nazoratini yuritish, shuningdek, bajarilmagan majburiyatlarni kun tartibiga olib chiqish kabi vazifalarni bajaradigan organ ekanligi aniqlangan;
JST “Importni lisenziyalash tartiboti to‘g‘risidagi Bitimi” yuzasidan Importni lisenziyalash bilan bog‘liq arizani topshirish tartibiga oid qoidalar tegishli rasmiy manbalarda xorijiy davlat va tijoratchilarga tanishish imkonini beradigan tarzda e’lon qilinib, Importni lisenziyalash qo‘mitasiga taqdim etilib borilishi, shuningdek, JST a’zolarining Import lisenziyalash yuzasidan xabarnomalar bo‘yicha bildirgan mulohazalari va tushuntirishlari yuzasidan savollarga javoblarni yozma ravishda savollarni bergan delegatsiyalar va ma’lumot uchun JST Kotibiyatiga yuborishi kerakligi nizolarni oldini olishga xizmat qilishi asoslantirilgan;
JST “Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi Bitimi” doirasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, normativlar, qoidalar to‘g‘risida JSTga a’zo davlatlar muntazam xabardor qilinishini ta’minlash lozimligi, shuningdek, JSTga a’zo davlatlar uchun umumiy bo‘lgan tilda ishlab chiqilgan yoki o‘zgartirish kiritilgan loyihalarni JSTga a’zo davlatlarga ular bo‘yicha sharhlar yoki taklif va e’tirozlarni olish uchun yuborish lozimligi asoslantirilgan;
Sanitariya va fitosanitariya choralariga oid loyihalarni JSTga a’zo davlatlar tomonidan berilgan sharhlar yoki taklif va e’tirozlar asosida qayta ko‘rib chiqish uchun tashabbuskor vakolatli davlat organlariga yetkazishi lozimligi, shuningdek, JSTga a’zo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlarning sanitariya va fitosanitariya choralariga oid asoslangan so‘rovlariga javob berishni ta’minlashi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Jahon savdo tashkiloti nizolarni hal etish mexanizmlarining xalqaro-huquqiy masalalari” mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
“A’zolar” deganda Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar tushunilishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025-yil 21 apreldagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandi ikkinchi xatboshisi ishlab chiqilishida foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 5-maydagi 05/25-4-11/523-son dalolatnomasi). Mazkur taklif JSTga a’zo davlatlarning maqomi va ishtirokini aniqlashtirish hamda bitimlardan kelib chiqadigan nizo tomonlarini identifikatsiya qilishga xizmat qilgan;
“Bildirishnoma” a’zo davlat tomonidan JSTga taqdim etiladigan rasmiy ma’lumotnomalar shakli bo‘lib, unda majburiyatlarning bajarilishiga taalluqli ma’lumotlar aks etishiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025-yil 21 apreldagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandi uchinchi xatboshisi ishlab chiqilishida foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 5-maydagi 05/25-4-11/523-son dalolatnomasi). Mazkur taklif JST qoidalariga oid majburiyatlar bajarilishiga oid axborotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma shaklini belgilashga xizmat qilgan;
“Qishloq xo‘jaligi bitimi” JSTning Tariflar va savdo to‘g‘risidagi bosh bitimi tarkibiga kiruvchi ko‘p tomonlama kelishuv ekanligiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025-yil 21 apreldagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandi o‘n birinchi xatboshisi ishlab chiqilishida foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 5-maydagi 05/25-4-11/523-son dalolatnomasi). Mazkur taklif JSTning ko‘p tomonlama bitimiga oid ta’rifning milliy qonunchilikda aks etishiga xizmat qilgan;
“Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasi” JST Kotibiyatining tarkibiy qismi bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida JSTga a’zo davlatlar majburiyatlarining bajarilishi monitoringi, tahlili va nazoratini yuritish, shuningdek, bajarilmagan majburiyatlarni kun tartibiga olib chiqish kabi vazifalarni bajaradigan organ ekanligiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025-yil 21 apreldagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga Qishloq xo‘jaligi bitimi doirasida bildirishnoma taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandi o‘n ikkinchi xatboshisi ishlab chiqilishida foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 5-maydagi 05/25-4-11/523-son dalolatnomasi). Mazkur taklif tashkilotning qishloq xo‘jaligiga oid majburiyatlar ijrosi yuzasidan JSTning qaysi organi nazorat olib borishini belgilashga xizmat qilgan;
Importni lisenziyalash bilan bog‘liq arizani topshirish tartibiga oid qoidalar va barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holda, tegishli rasmiy manbalarda xorijiy davlat va tijoratchilarga tanishish imkonini beradigan tarzda vakolatli organ tomonidan e’lon qilinib, Importni lisenziyalash qo‘mitasiga taqdim etilib borilishi lozimligiga oid taklifi, shuningdek, JST a’zolarining bildirgan mulohazalari va tushuntirishlari yuzasidan savollarga javoblarni yozma ravishda savollarni bergan delegatsiyalar va ma’lumot uchun JST Kotibiyatiga yuborishi kerakligiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon savdo tashkilotining Importni lisenziyalash qo‘mitasiga xabarnoma yuborish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2025-yil 27 iyuldagi 463-son qarori bilan tasdiqlangan “Jahon savdo tashkilotining Importni lisenziyalash qo‘mitasiga xabarnoma yuborish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilari ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 14-oktyabrdagi 04-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini JSTning “Importni lisenziyalash tartiboti” bitimi bilan uyg‘unlashtirishga hamda ushbu bitim doirasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olishga xizmat qilgan;
“Sanitariya va fitosanitariya choralari” bitimi yuzasidan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, qoidalar to‘g‘risida JSTga a’zo davlatlarni muntazam xabardor qilishi lozimligi, shuningdek, JSTga sanitariya va fitosanitariya choralariga oid loyihalarni JSTga a’zo davlatlarga ular bo‘yicha sharhlar yoki taklif va e’tirozlarni olish uchun yuborish lozimligiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlarni xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 6-dekabrdagi 816-qarorining 2-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilari ishlab chiqilishida foydalanilgan(O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 14-oktyabrdagi 04-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini JSTning “Sanitariya va fitosanitariya choralari” to‘g‘risidagi bitimi bilan uyg‘unlashtirishga hamda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlari, normativlari va qoidalarining shaffofligini ta’minlashga xizmat qilgan;
Sanitariya va fitosanitariya choralariga oid loyihalarni JSTga a’zo davlatlar tomonidan berilgan sharhlar yoki taklif va e’tirozlar asosida qayta ko‘rib chiqish uchun tashabbuskor vakolatli davlat organlariga yetkazishi lozimligiga oid taklifi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JSTga a’zo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlarning asoslangan so‘rovlariga javob berishni ta’minlashi lozimligiga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlarni xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 6-dekabrdagi 816-qarorining 2-bandi to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari ishlab chiqilishida foydalanilgan(O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 14-oktyabrdagi 04-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar sanitariya va fitosanitariya choralariga oid loyihalarni JSTga a’zo davlatlar tomonidan berilgan sharhlar yoki taklif va e’tirozlar asosida sanitariya va fitosanitariya choralariga oid loyihalarni qayta ko‘rib chiqish uchun huquqiy asos yaratishga hamda ushbu bitim doirasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olishga xizmat qilgan.