Xaydarov Sardor Komil o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Agroklasterlarning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruvi samaradorligini takomillashtirish”, 08.00.13-“Menejment”,
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  B2024.3.PhD/Iqt4598.
Ilmiy rahbari: Ochilov Ilhom Sayitqulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.I.23.04 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qosimova Dilorom Sobirovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Saidov Mash’al Samadovich, iqtisodiyot fanlari doktori (PhD), professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: agroklasterlarning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruv samaradorligini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uslubiy yondoshuvga ko‘ra, “korxonaning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruvi samaradorligi” tushunchasi korxonaning strategik maqsadlariga erishish jarayonida tashkiliy tuzilma, boshqaruv vakolatlari, iqtisodiy resurslar, mehnat salohiyati, innovatsion imkoniyatlar va bozor mexanizmlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish orqali minimal yo‘qotishlar bilan maksimal iqtisodiy, operatsion, ijtimoiy va raqobatbardoshlik natijalariga erishish darajasini ifodalovchi kompleks boshqaruv kategoriyasi nuqtai nazaridan takomillashtirilgan;
agrosanoat majmuasining uzoq muddatli strategik rivojlanish ehtiyojlari, rivojlangan mamlakatlar tajribasi va milliy amaliyot natijalarining qiyosiy tahlili asosida agroklasterlarni innovatsion boshqarishning takomillashtirilgan milliy modeli ishlab chiqilib, uning samaradorligini oshiruvchi tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar hamda institutsional omillar tizimlashtirildi;
agroklasterlar ishtirokchilari o‘rtasida vertikal va gorizontal kooperatsion aloqalarni integratsiyalash hamda iqtisodiy va tashkiliy manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiluvchi ilmiy asoslangan kompleks integratsion boshqaruv yondashuvi ishlab chiqilib, uning metodologik asoslari takomillashtirildi;
agroklasterlar faoliyati samaradorligini oshirishda IoT, GIS va AI texnologiyalarini yagona “raqamli agroboshqaruv ekotizimi” sifatida integratsiyalashga asoslangan ilmiy-amaliy yondashuv taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Agroklasterlarning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruv samaradorligini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida
uslubiy yondoshuvga ko‘ra, “korxonaning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruvi samaradorligi” tushunchasi korxonaning strategik maqsadlariga erishish jarayonida tashkiliy tuzilma, boshqaruv vakolatlari, iqtisodiy resurslar, mehnat salohiyati, innovatsion imkoniyatlar va bozor mexanizmlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish orqali minimal yo‘qotishlar bilan maksimal iqtisodiy, operatsion, ijtimoiy va raqobatbardoshlik natijalariga erishish darajasini ifodalovchi kompleks boshqaruv kategoriyasi nuqtai nazaridan takomillashtirishga oid nazariy-uslubiy materiallardan oliy o‘quv yurtlari uchun tavsiya etilgan “Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjiri” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (Toshkent davlat agrar universiteti rektorining 2026-yil 19-martdagi 1-9-6/74-son buyrug‘i). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida talabalarda yagona qiymat zanjirida mahsulot yaratadigan mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar boshqaruvini tashkil etish orqali takomillashtirilgan “korxonaning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruvi samaradorligi” tushunchasining iqtisodiy mazmuni yuzasidan nazariy bilimlarni kengaytirish imkoni yaratilgan;
O‘zbekiston agrosanoat majmuasining strategik rivojlanish ehtiyojlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan agroklasterlarni innovasion boshqarishning takomillashtirilgan milliy modelini amaliyotga joriy etish taklifi natijasida boshqaruv jarayonlarining shaffofligi va avtomatlashtirish darajasini oshirish, resurslardan foydalanishni optimallashtirish hamda mahsulot etishtirish va qayta ishlash jarayonlari samaradorligini oshirish imkoniyati yaratilgan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/06-5034-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy etish natijasida mahsulot etishtirish va qayta ishlash jarayonlari samaradorligi o‘rtacha 11–13 foizga oshgan, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish hisobidan tashkiliy qarorlarni qabul qilish tezligi 16–18 foizga oshib, inson omilining ta’siri 14–20 foizga qisqarishiga erishilgan;
agroklasterlar ishtirokchilari o‘rtasida vertikal va gorizontal kooperasiyani integrasiyalash hamda iqtisodiy va tashkiliy manfaatlarni muvozanatli boshqarishga qaratilgan kompleks integrasion yondashuvni amaliyotga joriy etish taklifi natijasida klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini shaffoflashtirish, resurslar va moliyaviy oqimlarni muvofiqlashtirilgan holda boshqarish imkoniyati yaratilgan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/06-5034-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy etish natijasida klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va mas’uliyat darajasi 20–22 foizgacha oshgan;
agroklasterlar faoliyati samaradorligini oshirishda IoT, GIS va AI texnologiyalarini yagona “raqamli agroboshqaruv ekotizimi” sifatida integratsiyalashga asoslangan ilmiy-amaliy yondashuvni amaliyotga joriy etish taklifi natijasida agroklasterlarda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli monitoring qilish, er va suv resurslaridan foydalanishni real vaqt rejimida nazorat qilish hamda boshqaruv qarorlarini sun’iy intellekt asosida qabul qilish imkoniyati yaratilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/06-5034-son ma’lumotnomasi). Mazkur yondashuvni joriy etish natijasida agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish aniqligi 18–20 foizga, resurslardan foydalanish samaradorligi 15–17 foizga oshgan, boshqaruv qarorlarini qabul qilish vaqti 20 foizgacha qisqargan hamda agroklaster faoliyatining umumiy boshqaruv samaradorligi sezilarli darajada oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish