Suloymonov Isroiljon Isomiddinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Boburnoma»da g‘olib va mag‘lub shaxs ruhiy holatining badiiy tasviri», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Fil74.
Ilmiy maslahatchi: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Qudratullaev Hasan Samadovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Nurboy Abdulxakimovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mustafa Ug‘urlu, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi «Boburnoma»da shaxsning zohiri va botinida sodir bo‘ladigan g‘oliblik va mag‘lublik ruhiy holatining badiiy tasvirini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Boburnoma»da shaxsning tashqi va ichki dunyosidagi g‘oliblik va mag‘lublik holatlari badiiy tasviri ochib berilgan;
Boburning davr va shaxslarga xolis baho bergan ekspert sifatidagi faoliyati hamda mavzu mohiyatining bir shaxs taqdirida namoyon bo‘lish holati (muallif timsolida) asoslangan;
davr hukmdorlari ruhiyatidagi g‘oliblik va mag‘lublik holati Shayboniyxon, Husayn Boyqaro, Jahongir Mirzo kabilar shaxsiyati misolida aniqlangan;
g‘oliblik va mag‘lublik tushunchalarining ruhiy holatga ta’siri, bek va a’yonlarning asarda tasvirlangan xatti-harakatlari, yurish-turishlari, muomala munosabatlari orqali yoritilgan;
«Boburnoma»da e’tiqodiy qarashlar konsepsiyasining g‘oliblik va mag‘lublik masalasi bilan bog‘liq jihatlari, asarda tasvirlangan ruhoniyat kishilarining Bobur shaxsiyatiga ta’siri masalalari dalillangan;
jahon adiblari va adabiyotshunoslarining «Boburnoma» asosida yaratilgan asarlarida tarixiy haqiqat va badiiy talqin muammosi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
«Boburnoma»da g‘olib va mag‘lub shaxslar ruhiy holatining badiiy tasviri masalasini tadqiq etish asosida olingan ilmiy natijalar:
«Boburnoma»da davr ijtimoiy-siyosiy holatining aks etishi, muallifning g‘oliblik va mag‘lublik masalasiga munosabati hamda Boburning davr tarixining eksperti sifatida namoyon bo‘lishi tadqiq etilgan o‘rinlardan OT-F8-027 raqamli «Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 27 maydagi 89-03-2258-son ma’lumotnomasi). Natijada muallifning g‘oliblik va mag‘lublik masalasini tasvirlash mahorati yoritilgan.
«Boburnoma»da tasvirlangan ruhoniyat kishilari (tasavvuf arboblari, shayxlar, ulamolar) shaxsiyati tasviri tahlilida komil inson masalasining o‘rganilishi, g‘olib va mag‘lub tushunchasining e’tiqod nuqtai nazaridan baholanishi hamda muallifning komil inson haqidagi qarashlari tahlili natijalaridan 5.1.17-raqamli «Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 27 maydagi 89-03-2258-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar asosida Bobur shaxsiyatida ruhoniyat vakillarining ta’siri, uning buyuk e’tiqodi masalasi aniqlangan.
«Boburnoma»da keng qo‘llanilgan shaxs ruhiyatini ifodalovchi til birliklari, atamalarning ma’nolarini izohlash masalasini yoritishda OT-F8-062 raqamli «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 iyuldagi 89-03-2771-son ma’lumotnomasi). Natijada «Boburnoma»da g‘olib va mag‘lub shaxs ruhiyatini ifodalovchi bir qator istilohlarning ifoda tarzi aniqlashtirilgan.
«Boburnoma» Sharq tarixnavisligi va badiiy nasrning eng ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan asar ekani, unda muallifning o‘ziga xos original uslubi va yondashuvi kabi jihatlarning namoyon bo‘lishi va dissertatsiya materiallaridan XT-F-2-004 raqamli «O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 89-02-2922-son ma’lumotnomasi). Ilmiy nitajaning qo‘llanishi g‘oliblik va mag‘lublik tushunchasining genezisi, xalq og‘zaki ijodi janrlaridan muallifning foydalanish mahorati kabi masalalarni o‘rganishda asos bo‘lib xizmat qilgan.
«Boburnoma»da muallifning ilohiyot sirlariga, samoviy qudratga bo‘lgan ishonchi, uning samoviy jismlarga, ularning harakatiga bo‘lgan munosabati masalasini aniqlashda F-1-XT-O-19919 raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 noyabrdagi 89-02-2922-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari «Boburnoma»da tush tasviri, tushning shaxs ruhiyatiga, g‘oliblik va mag‘lublik konseptiga ta’siri masalasini aniqlashda manba bo‘lib xizmat qilgan.
«Boburnoma»da muallifning davrga, tarixiy shaxslarga ob’ektiv baho bera olgan ekspert sifatidagi faoliyatini ochib berishda «Tatar adabiyoti tarixi», «Tatar fol`klori» ko‘ptomliklarini tayyorlashda foydalanilgan (Tatariston Respublikasi G.Ibragimov nomidagi Til, adabiyot va san’at instituti ma’lumotnomasi). Natijada, Boburning davr tarixiga, tarixiy shaxslarga bo‘lgan munosabatiga oid nazariy xulosalar chiqarilgan.
Tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston» telekanalining «Zahiriddin Muhammad Bobur» va «Shoh va shoir» ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 3 maydagi 02-13-820-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan hamda yangi manbalar bilan boyigan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi qoshidagi «Sadoqat» ijodiy to‘garagi faoliyatida dissertatsiya ilmiy natijalaridan foydalanib seminarlar o‘tkazilgan, jumladan: «Boburnoma»ning badiiy qimmati, jahoniy ahamiyati, asarda davr ijtimoiy-siyosiy holatining aks etishi hamda muallifning davr tarixiga va tarixiy shaxslarga bergan ob’ektiv bahosi tadqiqi muammosini o‘rganishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 13 maydagi 01-03-12/517-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar yosh ijodkorlarning Bobur shaxsiyati va «Boburnoma»ni teranroq anglashlariga ko‘maklashgan.