Turaeva Dilnoza Rustamboevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Jinoyat protsessida jabrlanuvchining manfaatlari muhofazasi: genezisi, zamonaviy holati va takomillashtirish yo‘llari, 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/Yu437.
Ilmiy rahbar: Tulaganova Gulchehra Zaxitovna-yuridik fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universitetida bajarilgan, IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universitetida bajarilgan, 07/2025.27.12.Yu.01.04.
Rasmiy opponentlar: Bazarova Dildora Baxadirovna-yuridik fanlar doktori, professor Mirazov Davron Miragzamovich- yuridik fanlar doktori, professor, Shodiev G‘ulomjon Maxammatovich* yuridik fanlar doktori, dotsent Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: jinoyat protsessida jabrlanuvchi manfaatlari muhofazasining genezisi va zamonaviy holatini kompleks o‘rganish orqali milliy jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy takliflar va amaliy tavsiyalar tizimini ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jabrlanuvchining huquqlarini himoya qilishning amaldagi tizimi deklarativ xarakterda ekanligi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha davlat majburiyatlarini aniq belgilash zarurati sababli, jinoyatdan jabrlanganlarga himoyalanish va odil sudlovdan foydalanish huquqini ta’minlash, ularga etkazilgan zararning qoplanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha davlat kafilligining konstitutsiyaviy asoslarini ishlab chiqish zarurati asoslantirilgan;
jabrlanuvchi, guvoh va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari vafot etganligi, ularga nogironlikni keltirib chiqaradigan tan jarohati yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon etkazilganligi, shuningdek, mulkiy zarar etkazilishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-huquqiy himoya choralarini qo‘llash tartibini takomillashtirish zarurati asoslantirilgan;
sud amaliyotida aybdor shaxsning mulkiy ahvoli etarli bo‘lmaganligi oqibatida etkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq ijro hujjatlarining uzoq vaqt ijrosiz qolib ketayotganligi sababli, sud qarori asosida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy zararlarni aybdordan qoplash imkoni bo‘lmagan hollarda ularni kompensatsiya qiluvchi respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarni tashkil etish lozimligi asoslantirilgan;
jabrlanuvchi, guvoh va ularning yaqinlariga nisbatan kuch ishlatish yoki boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etish xavfi yuzaga kelishi mumkinligi sababli, ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, ushbu shaxslarning arizasi yoki yozma roziligi hamda sudning sanksiyasi asosida ularning telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish va axborotlarni olish tartibini joriy etish zarurati asoslantirilgan;
amaliyotda shaxsning nomulkiy huquqlarini himoya qilishda yagona yondashuvning yo‘qligi va bu boradagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish zarurati sababli, shaxsning shaxsiy nomulkiy huquqlaridan biri buzilganda sudga murojaat qilish asosi aniq belgilanishi va himoya usullari – buzilgan huquqni tan olish, aralashuvni to‘xtatish, oldingi holatni tiklash, axborotni o‘chirish yoki bloklash, zarar va ziyon uchun tovon undirish kabi choralarni qamrab olishi lozimligi asoslantirilgan;
sudlarda ma’naviy zarar va nomulkiy huquqlarning buzilishi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda obektivlikni ta’minlash hamda isbotlash predmetlarini aniqlashtirish zarurati sababli, shaxsiy nomulkiy huquqlar buzilishi bilan bog‘liq ishlarda huquq buzilganligi fakti, aralashuv va salbiy oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlik, oqibatlarning og‘irlik darajasi, aybdorning maqsadi hamda ma’naviy zarar talab qilinganda ayb shakli va darajasi aniqlanishi lozimligi asoslantirilgan;
axborot makonida shaxsning obro‘siga putur etkazuvchi ma’lumotlarni aniq malakalash zarurati sababli, birinchi marta fuqaroning yoki yuridik shaxsning qonun normalarini buzganligi, ijtimoiy yoki siyosiy hayotdagi noto‘g‘ri hatti-harakatlar, tadbirkorlik faoliyatidagi vijdonsizlik hamda ishchanlik etikasini buzish haqida noto‘g‘ri tarqatilgan ma’lumotlar orqali sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga putur etkazilganda “obro‘sizlantiradigan ma’lumotlar” sifatida qonuniy belgilanishi lozimligi ilmiy jihatdan asoslantirilgan;
jabrlanuvchining tabiiy huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlarda jinoyat oqibati va aybdorning qilmishi o‘rtasidagi aloqadorlikni to‘g‘ri baholash zarurati sababli, hayot va sog‘liqqa bo‘lgan huquqning mutlaq shaxsiy nomulkiy huquq sifatida faol g‘ayriqonuniy harakat yoki harakatsizlik orqali buzilishi mumkinligi hamda sudlar tomonidan sababiy bog‘liqlikning aniqlanishi lozimligi asoslantirilgan;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga qonunchilikda belgilangan tartibda himoya orderlarini berish, ularning qayta jabrlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, og‘ir ahvolga tushib qolgan jabrlanuvchilarga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda moddiy, psixologik va huquqiy yordam berilishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinoyat protsessida jabrlanuvchining manfaatlari muhofazasini o‘rganishga oid tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
jinoyatdan jabrlanganlarga himoyalanish va odil sudlovdan foydalanish huquqini ta’minlash, ularga etkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha davlat kafilligining konstitutsiyaviy asoslarini ishlab chiqishga doir taklifdan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 10-may №3/08-75-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi jabrlanuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish hamda jinoyat natijasida etkazilgan zararlarni qoplash odil sudlovning asosiy tamoyiliga aylanishiga xizmat qilgan;
jabrlanuvchi, guvoh va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari vafot etganligi, ularga nogironlikni keltirib chiqaradigan tan jarohati yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon etkazilganligi, shuningdek, mulkiy zarar etkazilishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy himoya choralarini qo‘llash ga doir taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-fevraldagi 103-son qarori bilan tasdiqlangan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi №09/09-48-son dalolatnomasi). Mazkur tartibning joriy etilishi jabrlanuvchilarni davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilishning huquqiy mexanizmini yaratishga xizmat qiladi.
aybdor tomonidan qoplash imkoni bo‘lmagan hollarda sud qarori asosida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qiluvchi respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarni tashkil etishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha Respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida” Nizomning 1, 2-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-iyuldagi №15/23-76-son dalolatnomasi). Mazkur tartibning joriy etilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini qayta tiklashga xizmat qilgan;
jabrlanuvchi, guvoh va ularning yaqinlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida, ularga nisbatan kuch ishlatish yoki boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu shaxslarning arizasi yoki yozma roziligi hamda sudning sanksiyasi asosida ularning telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish va axborotlarni olish tartibini joriy etishga doir taklifidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1022-son Qonunning 2-moddasi 17-bandi (JPKning 170-moddasi ikkinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2026-yil 16-apreldagi №045-08/1444-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy kilinishi jabrlanuvchi va uning yaqinlari xavfsizligiga tahdid soluvchi omillarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda davlatning muhofaza qilish funksiyasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi;
shaxsning shaxsiy nomulkiy huquqlaridan biri buzilganda sudga murojaat qilish asosi aniq belgilanishi va himoya usullari – buzilgan huquqni tan olish, aralashuvni to‘xtatish, oldingi holatni tiklash, axborotni o‘chirish yoki bloklash, zarar va ziyon uchun tovon undirish kabi choralarni qamrab olishi lozimligini huquqiy mustahkamlashga doir taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi “Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida”gi 21-son qarorining 3-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2026-yil 7-apreldagi №08-120-26-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi sud bosqichlarida jabrlanuvchining fikri muhim ahamiyat kasb etishiga, jabrlanuvchi o‘zini qonun himoyasida ekanligini his qilishiga hamda jamiyatda fuqarolarning odil sudlovga ishonchini mustahkamlanishiga xizmat qiladi;
shaxsiy nomulkiy huquqlar buzilishi bilan bog‘liq ishlarda huquq buzilganligi fakti, aralashuv va salbiy oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlik, oqibatlarning og‘irlik darajasi, aybdorning maqsadi hamda ma’naviy zarar talab qilinganda ayb shakli va darajasi aniqlanishi lozimligiga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi “Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida”gi 21-son qarorining 4-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2026-yil 7-apreldagi №08-120-26-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi jabrlanuvchining qaysi huquqi buzilganligi haqida sudga murojaat qilishiga, sud jarayonida to‘laqonli huquq subekti sifatida ishtirok etishiga, ma’naviy ziyoni uchun tovon olishiga hamda jamiyatdagi maqomini himoya qilinishiga xizmat qilgan;
fuqaroning yoki yuridik shaxsning qonun normalarini buzganligi, shaxsiy, ijtimoiy yoki siyosiy hayotda noto‘g‘ri hatti-harakatlar sodir etganligi, tadbirkorlik faoliyatida vijdonsizlik qilganligi, ishchanlik etikasi yoki ish muomalasi odatlarini buzganligi haqida noto‘g‘ri tarqatilgan ma’lumotlar, shuningdek fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati yoxud yuridik shaxsning ishchanlik obro‘siga putur etkazadigan ma’lumotlar obro‘sizlantiradigan ma’lumotlar hisoblanishi haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 21-sonli qarorining 17-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2026-yil 7-apreldagi №08-120-26-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi jabrlanuvchining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga etkazilgan zarar uchun sudga murojaat qilishda huquqiy asos mavjudligini ta’minlashga, obro‘sizlantiradigan ma’lumotlarning sud tomonidan aniqlanishi orqali tegishli tovonning undirilishiga hamda jabrlanuvchining protsessual huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishiga xizmat qiladi.
hayot va sog‘liqqa bo‘lgan huquqning mutlaq shaxsiy nomulkiy huquq sifatida faol g‘ayriqonuniy harakat yoki harakatsizlik orqali buzilishi mumkinligi hamda sudlar tomonidan sababiy bog‘liqlikning aniqlanishi lozimligiga doir taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi “Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida”gi 21-son qarorining 8-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2026-yil 7-apreldagi №08-120-26-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi jabrlanuvchining hayot va sog‘lig‘iga etkazilgan zarar uchun sudga murojaat qilishda huquqiy asos mavjudligini ta’minlashga, javobgarning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) bilan sababiy bog‘liqlikning sud tomonidan aniqlanishi orqali jabrlanuvchiga tegishli tovonning undirilishiga hamda jabrlanuvchining protsessual huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishiga xizmat qiladi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga qonunchilikda belgilangan tartibda himoya orderlarini berish, ularning qayta jabrlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, og‘ir ahvolga tushib qolgan jabrlanuvchilarga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda moddiy, psixologik va huquqiy yordam berilishini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Ichki ishlar vazirining 2026-yil 30-yanvardagi
28-sonli farmoyishining 5-ilovasi 10-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining 2026-yil 12-iyundagi 26/2879-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni huquq va manfaatlarini samarali muhofaza qilishga xizmat qiladi.