Ataev Alisher Rizokulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ahmad Donish asarlarida XIX asr ijtimoiy-ma’naviy muhit muammolarining yoritilishi” 09.00.07 – “Ma’naviyat tarixi va nazariyasi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Fal1745
Ilmiy rahbar: Davlatov Olimjon Davlatovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti, DSc.21/2025.27.12.F.01.01
Rasmiy opponentlar: Xadjieva Maqsuda Sultanovna – falsafa fanlari doktori, professor; Karimov Raxmat Raxmanovich – falsafa fanlari nomzodi, professor
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
Ahmad Donish asarlarida XIX asr Buxoro amirligi ijtimoiy-ma’naviy muhiti muammolarining yoritilishini tarixiy va ijtimoiy-falsafiy jihatdan kompleks tadqiq etish, ularning bugungi milliy ma’naviy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyatini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“ijtimoiy-ma’naviy muhit” kategoriyasining jamiyat hayotidagi ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy munosabatlarni o‘zida mujassam etuvchi umumlashtiruvchi konseptual tizim ekani va u Ahmad Donish asarlarini tahlil qilishning mustaqil metodologik mezoni sifatida dalillangan;
“Navodirul vaqoe’” asarida Ahmad Donish tomonidan ilgari surilgan ilm-ma’rifat, adolatli boshqaruv, ijtimoiy mas’uliyat, axloqiy kamolot va jamiyat farovonligiga asoslangan milliy taraqqiyot tamoyillarining ijtimoiy-falsafiy qonuniyatlari qiyosiy tahlili asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit mezonlarining yangi bosqichga ko‘tirilgani ilmiy asoslangan;
“Risola yoxud mang‘itlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi” asaridagi jamiyat va davlat taraqqiyotidagi ma’naviy inqiroz, ijtimoiy tanazzul va boshqaruvdagi xavfli tendensiyalarni ramziy-analitik shaklda ifodalovchi ogohlantiruvchi ijtimoiy-falsafiy mexanizm sifatidagi mazmun-mohiyati asoslab berilgan;
Ahmad Donishning ijtimoiy-falsafiy va ma’rifatparvarlik qarashlarining g‘oyaviy pozisiyasi klassik sharq ma’naviy merosi bilan keyingi jadidchilik tafakkuri o‘rtasidagi intellektual va metodologik bog‘liqlikni ta’minlagan konseptual halqa sifatida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ahmad Donish asarlarida XIX asr ijtimoiy-ma’naviy muhit muammolarining yoritilishiga oid olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Ahmad Donish asarlarida ilgari surilgan ma’rifat, adolat, ijtimoiy mas'uliyat, odil rahbar va sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitga oid qarashlarning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati, ma’naviy muhit va jamiyat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning yoshlar tarbiyasi va mafkuraviy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rniga oid xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy faoliyatida ijtimoiy-ma’naviy muhit, ma’naviy barqarorlik va tarixiy merosni o‘rganishga doir tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yilga mo‘ljallangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” ga oid Davlat dasturining I yo‘nalishi – “Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning tashkiliy-metodik asoslari” doirasidagi 2-band – “Ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash" yo‘nalishida amaliyotga joriy etildi (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2026-yil 13-apreldagi 10/265-son dalolatnomasi). Natijada, ilmiy-tadqiqot ishlarining nazariy-metodologik bazasi boyitildi;
Ahmad Donishning ijtimoiy adolat, davlat boshqaruvi madaniyati, ma’naviy barqarorlik va jamiyat taraqqiyotiga oid ijtimoiy-falsafiy qarashlarining tarixiy va zamonaviy ahamiyatiga doir nazariy xulosalardan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining 2024-yilda qabul qilingan va hozirda amalga oshirilayotgan “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” saylovoldi dasturining II bo‘limi – “Adolatli fuqarolik jamiyati va demokratik institutlarni rivojlantirish” hamda VI bo‘limi – “Yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish” yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar doirasidagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining 2026-yil 20-maydagi 01-03/164-son dalolatnomasi). Natijada, partiyaning ijtimoiy-ma’naviy barqarorlik va tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazishga yo‘naltirilgan dasturiy faoliyati mazmunini boyitishga erishildi;
Ahmad Donish asarlaridagi ma’rifatparvarlik, ijtimoiy tafakkur va tarixiy merosga oid g‘oyalarning yoshlarda tarixiy tafakkur va ma’rifiy ongni shakllantirishdagi ahamiyati haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga doir Davlat dasturining yurtimizdan etishib chiqqan allomalar ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratishga oid vazifalar doirasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar scenariylarini tayyorlashda hamda Markaz tomonidan (buyurtma asosida) tayyorlangan “O‘rta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi” nomli ensiklopedik nashr mazmunini boyitishda foydalanildi (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2026-yil 13-maydagi 02/218-son dalolatnomasi). Natijada, Ahmad Donish merosining ilmiy-ma’rifiy ahamiyatini yoritish samaradorligi oshirildi;
Ahmad Donish merosidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, ma’rifat va islohotchilik g‘oyalarining jamiyat hayotidagi ahamiyatiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ajdodlar ruhi” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2026-yil 14-apreldagi 01-33/251-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarixiy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan media materiallar mazmunini boyitishga erishildi.