Teshaboev Boburjon Abror o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekistonda Fuqaro muhofazasi tizimi tarixi (1932-2021-yillar), 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Tar1334.
Ilmiy rahbar: tarix fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent Duschanov Rasuljon Raximbaevich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuriddinovich tarix fanlari doktori, professor; Hasanov Baxtiyor Vahapovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. O‘zbekistonda fuqaro muhofazasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlarini, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasidagi xalqaro aloqalarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Aholini havo hujumlaridan asrash uchun tashkil etilgan havo hujumidan mahalliy mudofaa tizimi Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda aholini kimyoviy qurollardan muhofaza qilish, evakuatsiya tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tizim tarkibidagi sanitar drujinalar respublikaning ayrim hududlarida tarqalgan yuqumli kasallikni bartaraf etishda muhim rol o‘ynagani, sohaning transformatsiya qilinishi natijasida tashkil etilgan fuqaro mudofaasi tizimi tinchlik davrida aholi va hududlarni (toifalangan va strategik obektlar, aloqa tizimlari) muhofazasini ta’minlashga yo‘naltirilib, tegishli tuzilmalarning faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, bu borada respublika aholisini turli ko‘rinishdagi favqulodda vaziyatlarga tayyorlangani aniqlangan;
1960-yillarda O‘zbekistonda Fuqaro mudofaasi faoliyati tubdan yangilanib, joylardagi obekt mashg‘ulotlarini tashkil etish va umumaholining tayyorgarlik darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi, shu davrda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda, ya’ni elektr energiyasi, aloqa, ichimlik suvi, oziq-ovqat va moddiy-texnik ta’minot tarmoqlarini tiklash ishlarida faol ishtirok etgani isbotlangan;
Mustaqillik yillarida sohada amalga oshirilgan strukturaviy o‘zgarishlar negizida fuqaro muhofazasi tizimi turli xil favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligini ta’minlash jarayonida ularning funksional vazifalari suv, avariya, tog‘ qutqaruv, radiatsion, kimyoviy va bakteriologik muhofazasiga hukumat darajasida yo‘naltirilib, jumladan, Buxorodagi tabiiy ofat, Sardoba voqealari va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyatda ular tezkor ravishda faoliyat olib borgani dalillangan;
Soha faoliyatini rivojlantirish jarayonida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash (tizimda kadrlar tayyorlash va malkasini oshirish uchun bir qator maxsus o‘quv dargohlarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi) va xalqaro aloqalarni rivojlantirish orqali favqulodda vaziyatlar sohasida samarali davlat boshqaruv mexanizmi yaratilib, bu yutuqlar mamlakat aholisini va hududlarini favqulodda vaziyatlardan samarali himoya qilish hamda xavfsiz yashash muhitini ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston hududida faoliyat yuritgan fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar tizimining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekiston hududida fuqarolarni harbiy xavf-xatarlardan, tabiiy va texnogen xatarlardan, himoya qilish tizimining shakllanishi, 1932-yildan boshlab havo hujumidan mahalliy mudofaa tizimining tashkil topishidan tortib, mustaqillikdan keyingi yillarda fuqaro muhofazasi tizimining yangilanishigacha bo‘lgan tarixiy bosqichlar chuqur tahlil etilgan bo‘lib, ushbu tadqiqot natijalari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘qitilayotgan “Harbiy startegiya asoslari”, “Harbiy tarix” va “Jangovor tayyorgarlik” fanlari tarkibiga kiritilgan fuqaro muhofazasi tarixi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda strategik tahlil materiallari sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligining 2025-yil 2-maydagi 10/956-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqotning natijalari harbiy ta’lim muassasalarida fuqaro muhofazasi tarixiy tajribasidan foydalanishga, zamonaviy xavf-xatarlarga nisbatan strategik yondashuv, tizimli fikrlash va tezkor harakatlanish qobilyatiga ega harbiy kadrlarni tayyorlashga xizmat qilgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida fuqaro muhofazasi tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar va aholi muhofazasini ta’minlash borasida olib borilgan chora-tadbirlar, xalq xo‘jaligi obektlarini va hududlarini himoya qilish, havo hujumidan mahalliy mudofaa tizimi shahar va qishloqlarning hayotini saqlab qolishda eng muhim vazifalarni bajargani, tizim kuchli bo‘lgan joyda dushman o‘zining vayron qilish rejalarini amalga oshira olmagani, urushning oxiriga kelib, havo hujumidan mahalliy mudofaa tizimi vayron bo‘lgan shaharlar hayotini saqlab qolish borasida turli xil harbiy va iqtisodiy vazifalarni bajargani, havo hujumidan mahalliy mudofaa xodimlari mamlakatning urushdan xoli bo‘lgan qismini himoya qilish bo‘yicha o‘z burchlarini yuqori darajada bajargani bilan bog‘liq ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon sharaf” davlat muzeyining ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining 2025-yil 30-apreldagi 42/499-sonli dalolatnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, havo hujumidan mahalliy mudofaa tizimi xodimlarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi faoliyatini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan.
O‘zbekistonda fuqaro muhofazasi tizimining shakllanishi, davrlar kesimidagi rivojlanish bosqichlari, sohadagi institutsional o‘zgarishlar hamda xalqaro tajriba bilan aloqador yo‘nalishlari bo‘yicha olingan natijalar asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida o‘tilayotgan “Milliy harbiy san’at tarixi” faniga “O‘zbekistonda fuqaro muhofazasi tizimi shakllanishi va tarixiy bosqichlari” nomli mavzu kiritilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan. Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalari asosida vazirlik tarixiga bag‘ishlangan “Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarixi: kecha va bugun” nomli kitob-albomini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamentining 2025-yil 23-iyundagi 28/4-1744 sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari favqulodda vaziyatlar sohasida davlat siyosatining tarixiy ildizlarini ochib berib, bugungi kun uchun zarur bo‘lgan strategik qarorlarni tayyorlashda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.