Soliev Firuz Furkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi,ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): G‘arb va Sharq detektiv adabiyotida jinoyatni fosh qilish jarayonining lingvopoetik va lingvomadaniy tadqiqi (Omon Muxtor va Stiven King asarlari misolida), 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan: B2025.2.Phd/Fil6287.
Ilmiy rahbar: Bekova Nazora Jo‘raevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08.
Rasmiy opponentlar: Davronova Shoxsanam G‘aybulloevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Qayumova Shaxnoza Qobiljonovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Omon Muxtorning “Mo‘jiza” va Stiven Kingning “Janob Mercedes” detektiv romanlari fabulasida jinoyatni fosh qilish jarayonida tildan foydalanish mahorati, tilning o‘rni va badiiy ifoda imkoniyatlarini lingvopoetik va lingvomadaniy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
detektiv adabiyotdagi syujet unsurlari tasviri, makon va zamon badiiy ifodasi, to‘qima qahramonlarning badiiy, ahloqiy va madaniy xususiyatlari, “jinoyat” konseptining tasviriy-ifoda uslubi ingliz va o‘zbek adabiy-estetik, poetik yondashuviga ko‘ra ham badiiy ham lisoniy nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan;
detektiv romanlar mazmunida jinoyat, uni fosh qilish jarayonining
badiiy-poetik ifodasi, bayon uslubi hamda jinoyatni fosh qilish jarayoni doirasida qahramonlar harakatlari tasviri syujetdagi markaziy epizod va muallif ijodiy niyatini ifodalagani sababli asar badiiy konsepsiyasidagi ijtimoiy-madaniy va lingvopoetik vazifalarni bajarishi asoslangan;
badiiy tergov jarayonida verbal-noverbal muloqotning mazmuni, lingvostilistik va lingvopoetik xususiyatlari, tilning semantik-pragmatik qatlamlari o‘zining ijtimoiy-funksional ahamiyati hamda kommunikativ maqsadiga ko‘ra detektiv asarning estetik va badiiy ta’sirchanligi uchun muhimligi dalillangan;
o‘zaro qiyoslangan romanlar syujetidagi “tergov” - “so‘roq” g‘oyalari badiiy tasvirida namoyon bo‘ladigan lisoniy-badiiy jihatlar talqinida mujassam yovuzlik va adolatni qaror topishi tushunchalariga nisbatan munosabat kabi umumiy va izquvar obrazi idiolekti, makon va zamon tasviri, tergov diskursi kabi farqli jihatlar aniqlanib, G‘arb - Sharq detektiv nasriga xos bo‘lgan jinoyat tasviri, uni fosh qilish bayonida poetik mahoratning o‘ziga xosligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arb va Sharq detektiv adabiyotida jinoyatni fosh qilish jarayonining lingvopoetik va lingvomadaniy tadqiqi (Omon Muxtor va Stiven King asarlari misolida) ni amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
“jinoyat” badiiy konseptining salbiy xususiyatlari va tarbiyaviy ahamiyati, ijodkorning o‘ziga xos badiiy ifodalash usullari yordamida tasvirlagan inson ruhiy iztirobi va kechinmalariga doir tahlillar, jinoyat badiiy tasviri, uni fosh qilish jarayonida tilning ahamiyati, hamda jarayon orqali yashirin ifodalanadigan madaniy va pragmatik jihatlar ustida olib borilgan qiyosiy-tipologik tadqiq asosida olingan ilmiy xulosalardan Buxoro davlat universitetida 2024-yilda bajarilgan
AL-662204396 raqamli “Buxoro adabiy muhiti ijodkorlarining ilmiy-adabiy merosi bo‘yicha elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2025-yil 2-oktyabrdagi 6021-son ma’lumotnomasi). Natijada detektiv janrning nasriy xususiyatlari, individual badiiy-lisoniy jihatlari, sharq va g‘arb madaniyatiga oid havolalarning detektiv asarlarda ifodalangan konseptlari talqini, badiiy obrazlar funksional-estetik vazifalari hamda boshqa badiiy-lisoniy masalalarga oid ma’lumotlardan detektiv yoʻnalishdagi asarlarga oid nazariy bilimlar, mulohaza va qarashlarni boyitilishiga erishilgan, shuningdek, Buxoro adibi ijodiga oid kashf qilinmagan qirralar ochilib detektiv nasri merosiga qo‘shgan hissasi yoritib berilgan;
detektiv asarlar badiiy tili va o‘ziga xos poetikasi, asar syujetida jinoyat, uni fosh qilish jarayonining badiiy-poetik ifodasi, asar badiiy obrazlari tasviri va ularning jamiyat tarraqiyoti uchun madaniy hamda axloqiytarbiyaviy ahamiyati, detektiv asarlar mazmunida yoritilgan jinoyat va tergov jarayonining ma’naviyaxloqiy o‘rni, ijobiy va salbiy badiiy siymolar ifodasi, jinoyatga jazo muqarrarligi va adolat g‘alabasi badiiy tasvirining tarbiyaviy ahamiyatiga oid nazariy xulosa va ma’lumotlardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida “Ayol va jamiyat”, “Assalom, Buxoro”, “Psixolog huzurida”, ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokanalining 2025 yil 2-oktyabrdagi 01-08-228-son ma’lumotnomasi). Natijada detektiv janrining lingvistik, badiiy poetik xususiyatlariga doir mulohazalar teleradiokompaniya jamoasi hamda teletomoshabinlarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishga va o‘zbek va ingliz tillarida ravon fikrlash, mulohaza yuritishi uchun zamin yaratgan;
detektiv nasriga xos bo‘lgan xususiyatlar, jinoyat tasviri, jinoyatni fosh qilish jarayonining badiiy-poetik ifodasi, qahramonlar harakatlari tasviri, poetik mahoratning o‘ziga xosligi, verbal-noverbal muloqotning mohiyati, hamda badiiy tilning semantik-pragmatik vazifalariga oid tahliliy fikrlar va ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” Markazi hamda NATOning Xalqaro tillarni muvofiqlashtirish byurosi (Bureau for international language coordination) tashkiloti bilan hamkorlikda 2025 yilda olib borilgan “Reshaping Educational Methodologies to Fit AI” mavzusidagi xalqaro amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” Markazining 2026 yil 17-martdagi 1941-son ma’lumotnomasi). Natijada xalqaro loyihaning ilmiy-amaliy va lingvistik sathi takomillashuviga hamda ilmiy mukammalashuviga erishilgan.