Erkinova Latofat Umidjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Ozuqa ratsionida mahalliy “ProBioKorm” probiotikini qo‘llashni quyonlar morfo-fiziologik ko‘rsatkichlariga ta’siri va samaradorligi”, 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B893.
Ilmiy rahbar: Abdullaeva Gulbohor Tolibjonovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti huzuridagi DSc.08/2025.27.12.V.11.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Esimbetov Adilbay Tlepovich, biologiya fanlari doktori, professor; Shaxmurova Gulnara Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ozuqa ratsionini “ProBioKorm” probiotigi bilan boyitishning quyonlar morfo-fiziologik ko‘rsatkichlariga ta’sirini hamda ushbu probiotikni qo‘llashning iqtisodiy samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
quyonlar uchun ishlab chiqilgan yangi mahalliy “ProBioKorm” ozuqaviy qo‘shimchasi biologik qiymati yuqori ekanligi hamda organizmda fiziologik jarayonlarni faollashtiruvchi xususiyatga ega ekanligi aniqlangan;
“ProBioKorm” ozuqa qo‘shimchasini quyonlar ozuqa ratsioniga boyitish quyonlarda morfofiziologik o‘sish indekslarini jadallashtirgan va tana uzunligi 9.6 sm ga, ko‘krak aylanasi 1.5 sm ga va tirik vazn 411 g ga oshiganligi aniqlangan;
“ProBioKorm” ozuqa qo‘shimchasi turli yoshdagi quyonlar organizmi eksterer (tananing rivojlanishi, tana indekslari, mushak to‘qimasining shakllanishi) va fiziologik (nafas olish, yurak dinamikasi, hazm qilish tizimi, adaptatsiya jarayoni, qonning morfologik va biokimyoviy ko‘rsatkichlari, moddalar almashinuvi jarayonlari, pushtdorlik ko‘rsatkichi) ko‘rsatkichlariga ta’siri ilmiy asoslab berilgan;
ilk bor “ProBioKorm” ozuqa qo‘shimchasining quyonlar ratsionida qo‘llashning maqbul me’yorlari aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ozuqa ratsionida mahalliy “ProBioKorm” probiotigini qo‘llashni quyonlar morfo-fiziologik ko‘rsatkichlariga ta’siri va samaradorligini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“ProBioKorm” universal ozuqabop qo‘shimchasining liofil quritilgan biomassasini qo‘llash me’yorlari Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Quyonchilik seleksiyasi va genetika markazi” va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Sherbek Krolik” fermer xo‘jaligi amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 15 iyuldagi 05/06-04-401-son ma’lumotnomasi). Natijada, “ProBioKorm” qo‘shimchasini qo‘llash quyonlarning morfofiziologik o‘sish ko‘rsatkichlarini yaxshilab, tana uzunligini 9,6 sm ga, ko‘krak aylanasini 1,5 sm ga hamda tirik vaznini 411 g ga oshirish imkonini bergan;
turli yoshdagi quyonlar ozuqa ratsioniga mahalliy “ProBioKorm” probiotigini qo‘llash usuli Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Quyonchilik seleksiyasi va genetika markazi” va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Sherbek Krolik” fermer xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 13 yanvar 02/23-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, quyon go‘shti sifati va vaznini oshirish imkonini bergan;
quyonlar ozuqa ratsionida mahalliy “ProBioKorm” probiotigini qo‘llashning quyonlar morfofiziologik ko‘rsatkichlariga ta’siri va samaradorligi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali o‘quv amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 15 iyuldagi 05/06-04-401-son ma’lumotnomasi). Natijada, quyonchilik yo‘nalishidagi mutaxassislarni tayyorlash, talabalar va magistrlarning o‘quv jarayonida hamda quyonchilik fermer xo‘jaliklari mutaxassislari faoliyatida ilmiy-uslubiy manba sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan.