Ruziev Umid Ural o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): “Etilendiamintetraatsetat ligandi asosidagi aralash metall-natriy koordinatsion polimerlarining sintezi, kristall tuzilishi va funksional xossalari”, 02.00.01 - Noorganik kimyo, 02.00.04 - Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/K1180.
Ilmiy rahbarlar: Ibragimov Aziz Baxtiyorovich, kimyo fanlari doktori, professor; Xolnazarov Baxodir Azamovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.12.05.
Rasmiy opponentlar: Raxmonova Dilnoza Salomovna, kimyo fanlari doktori, dotsent; Razzoqov Jamoliddin Nasiriddinovich kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi etilendiamintetraatsetat ligandi asosida yangi aralash metall-natriy koordinatsion polimerlarini sintez qilish va ularning kristall, elektron tuzilishi, fizik-kimyoviy hamda funksional xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
etilendiamintetraatsetat ligandi asosida uchta nikel-natriy, to‘rtta kobalt-natriy va bitta temir-natriy koordinatsion polimerlari sintez qilingan va ularning kristall tuzilishini aniqlash natijalari asosida kristallografik ma’lumotlari bazasidan depozitlar olingan;
rentgen tuzilish tahlili (RTT) natijalari asosida EDTA va H-EDTA ligandlarining koordinatsiyalanish xususiyatlariga bog‘liq holda bir, ikki va uch o‘lchamli koordinatsion polimerlarning hosil bo‘lish qonuniyatlari aniqlangan;
NP-1, NP-2, CP-1 va CP-2 koordinatsion polimer koordinatsion birikmalarning Hirshfeld sirt tahlili va DFT hisoblashlari asosida molekulalararo o‘zaro ta’sirlar, elektron zichlik taqsimoti, HOMO-LUMO energiyalari hamda kristall va elektron tuzilish o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan;
sintez qilingan koordinatsion polimer birikmalarning IQ, UV-Vis, TG-DTA va Babko usuli natijalari asosida termik barqarorligi va barqarorlik doimiyliklari aniqlangan hamda koordinatsion birikmalarning termodinamik barqarorligi Fe < Co < Ni tartibida ortishi Irving-Williams qonuniyatiga mosligi isbotlangan;
birinchi marta sintez qilingan EDTA asosidagi koordinatsion polimerlarning elektron almashinish tezligining koordinatsion muhitga bog‘liqligi hamda redoks jarayonlarining Randles-Shevchik qonuniga muvofiq diffuziya nazoratida kechishi siklik voltammetriya usuli yordamida isbotlangan;
sintez qilingan koordinatsion polimerlardan NP-2 kompleksi eng yuqori dielektrik samaradorlikka va CP-2 kompleksining esa yuqori qutblanish qobiliyatiga ega ekanligi aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Etilendiamintetraatsetat ligandi asosidagi aralash metall-natriy koordinatsion polimerlarining sintezi, kristall tuzilishi va funksional xossalarini aniqlash boʻyicha olingan natijalar asosida:
[Na2Ni(EDTA)(H2O)]n, [Na2Ni(EDTA)(H2O)4]n, [NiNa(H-EDTA)(H2O)]n·nH2O va [FeNa(EDTA)(H2O)2]n·nH2O kompleks birikmalarining kristall ma’lumotlari Kembridj kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (Cambridge Crystallographic Data Center: CCDC 2493627, 2493628, 2542544 va 2515422). Natijada, bazaga kiritilgan ma’lumotlar o‘xshash polimer koordinatsion birikmalarni xossalarini o‘rganishda ushbu ma’lumotlardan foydalanish imkonini bergan;
[CoNa(EDTA)(H2O)3]n, [CoNa2(EDTA)(H2O)2]n, [CoNa(EDTA)(H2O)2]n va [CoNa(EDTA)(H2O)2]n kompleks birikmalarining kristall ma’lumotlari ham Kembridj kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (Cambridge Crystallographic Data Center: CCDC 2541283, 2502375, 2515362 va 2502330). Natijada, bazaga kiritilgan ushbu ma’lumotlar o‘xshash aralash metall-natriy koordinatsion polimerlarning kristall tuzilishi va funksional xossalarini qiyosiy tahlil qilish hamda yangi koordinatsion birikmalarni loyihalashda ishonchli ilmiy manba sifatida foydalanish imkonini yaratgan.