Abdunazarov Elbek Elmurodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Anor tuplarini ko‘madigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/T762.
Ilmiy maslahatchi: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.T.13.01.
Rasmiy opponentlar: Tolibaev Alpisbay Erjanbaevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Musurmanov Azzam Turdievich, texnika fanlari doktori, professor; Xudoyarov Anvar Nazirjonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi anor tuplarini ko‘madigan mashina ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy muammoni echish yo‘li bilan uning ish ko‘rsatkichlari va samaradorligini oshirish hamda harajatlar sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
anor tuplarini ko‘madigan mashinaning konstruksiyasi u ish jarayonida anor tuplarini egishi, uyumlashi, bir tekis yotqizishi hamda belgilangan talablar darajasida ko‘mishni ta’minlashini hisobga olingan holda ishlab chiqilgan;
anor tuplarini ko‘madigan mashina uyumlagichi parametrlarining o‘zgarish chegaralari anor tuplari arxitektonikasi va agregat harakat tezligini hisobga olgan holda keltirib chiqarilgan analitik bog‘lanishlar asosida aniqlangan;
mashina ish organlari(uyumlagichi, nov shaklidagi uzatgichi, tup yotqizgichi, ko‘muvchi korpuslari va shibbalagichi)ning parametrlari anor tuplarini ko‘milish va shikastlanish darajalari belgilangan me’yorlarga mos hamda mashinaning tortishga qarshiligi minimal bo‘lishini hisobga olgan holda aniqlangan;
mashina tayanch tekisligidan osish qurilmasining pastki taqish nuqtasigacha bo‘lgan tik masofa uning korpuslari belgilangan chuqurlikka botishi, shu chuqurlikda barqaror ishlashi hamda talab etilgan transport tirqishi ta’minlanishini hisobga olgan holda asoslangan;
anor tuplarini ko‘madigan mashina ish organlarining parametrlari va ramada joylashishini maqbul qiymatlari agrotexnik va energetik mezonlar bo‘yicha asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Anor tuplarini ko‘madigan mashina ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
anor tuplarini ko‘mishda ularni kam shikastlaydigan va resurstejamkor mashinaga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intelektual mulk markazining foydali modeliga patent olingan (“Anor tuplarini ko‘madigan mashina”, № FAP 01609). Natijada yuqori quvvatli g‘ildirakli traktorlar bilan agregatlanadigan ish unumi 2,22 marta yuqori bo‘lgan anor tuplarini ko‘madigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
anor tuplarini ko‘madigan mashinaning tajriba nusxasi Sirdaryo viloyati Boyovut hamda Mirzaobod tumanlari fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/01-05/04-03-224-son ma’lumotnomasi). Natijada anor tuplarini ko‘mishda mehnat sarfi 96,3 foizga, ekspluatatsiya xarajatlar 20,9 foizga kamaygan;
anor tuplarini ko‘madigan mashinaning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar va texnik topshiriqlar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 30-maydagi 05/01-05/04-03-224-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan anor tuplarini ko‘madigan mashinani sanoat usulda ishlab chiqish va bitta mashinadan yiliga 36562038,9 UZS iqtisodiy samara olingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish