Bozorov Obidjon Norqobilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Konfidensial axborotlarni chiqib ketishini bashoratlash va bartaraf qilish mexanizmlarini ishlab chiqish” mavzusidagi 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot va kiberxavfsizlik (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/FM389.
Ilmiy rahbar: Juraev Gayrat Umarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.FM.01.03 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Tuychiev G‘ulom Numonovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; G‘ulomov Sherzod Rajabboevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi konfidensial axborotlarni ruxsatsiz chiqib ketishini bashoratlash hamda ularni bartaraf qilishning samarali usullari, algoritmlari va vositalarini ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
axborot tizimlarida harakatlanayotgan matnlarning o‘zbek tiliga mansublik darajasini tezkor aniqlash hamda axborotlarni filtrlash aniqligini oshirish imkonini beruvchi harflar va maxsus belgilar chastotasiga asoslangan matnlarning moslik indeksini hisoblash modeli ishlab chiqilgan;
konfidensial ma’lumotlarni ruxsatsiz yashirin ravishda olib chiqish maqsadida matn tarkibidagi belgilar va so‘zlar o‘rnini qasddan almashtirish orqali amalga oshiriladigan insayderlik hujumlarini aniqlash imkonini beruvchi TF-IDF usuli va moslik indeksiga asoslangan semantik tahlil algoritmi takomillashtirilgan;
katta hajmdagi axborot oqimida konfidensial matnlarni real vaqt rejimida inson omilisiz avtomatik aniqlash va konfidensiallik darajasi bo‘yicha toifalash imkonini beruvchi Baes modeli, chuqur o‘rganish (BERT) hamda nomlangan obektlarni aniqlash (NER) algoritmlariga asoslangan intellektual tasniflash mexanizmi ishlab chiqilgan;
tashqi axborot tashuvchi qurilmalar ulanishlarini dinamik boshqarish hamda ruxsatsiz fayl nusxalanishini nazorat qilish imkonini beruvchi qurilmalarning ishonchlilik darajasini avtomatik baholashga asoslangan tizim arxitekturasi ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Konfidensial axborotlarni chiqib ketishini bashoratlash va bartaraf qilish mexanizmlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar amaliyotda quyidagi yo‘nalishlarda joriy etilgan:
o‘zbek tilidagi matnlarning moslik indeksini hisoblash orqali axborot tizimlarida mavjud matnlarning o‘zbek tiliga oidligini avtomatik aniqlash hamda konfidensial axborotlarni kiberhujumchi tomonidan matndagi so‘zlar yoki belgilarning o‘rnini almashtirish orqali ruxsatsiz olib chiqib ketilishining oldini olishga xizmat qiluvchi algoritmdan OT-Atex-2018-486 raqamli “Mantiqiy boshqaruv va axborot xavfsizligi tizimlarini dasturlashtirilgan mantiqiy kontrollerlar va ularni loyihalovchi avtomatlashtirilgan CAD mantiqiy tizimi asosida amalga oshirish” loyihasida ma’lumotlarni tasniflashda va ruxsatsiz chiqib ketishini aniqlashda foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2022-yil 17-maydagi 04/11-2806-son ma’lumotnomasi). Natijada, dastlabki qayta ishlash jarayonida suvli belgilar, regulyar ifodalar hamda statik so‘rovlar yordamida qidirish imkoniyatlaridan foydalanish tasniflash aniqligini oshirish imkonini bergan;
konfidensial axborotlarni ruxsatsiz chiqib ketishini aniqlash va bartaraf qilishning statistik hamda intellektual usullari, o‘zbek tilidagi matnlarning moslik indeksini hisoblash algoritmi va TF–IDF statistik tahlil mexanizmidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlarida ma’lumotlarni tasniflash va ularning ruxsatsiz chiqib ketishini aniqlashda foydalanilgan (Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2023-yil 30-martdagi 6/05-23-00108-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek tilidagi matnlar uchun moslik indeksi algoritmi yordamida ma’lumotlarni tasniflashning aniqlik ko‘rsatkichini 92-96 foizgacha oshirish imkonini bergan;
tashqi axborot tashuvchilarni nazorat qilish moduli, o‘zbek tilidagi matnlarning moslik indeksini hisoblash algoritmi, TF–IDF statistik tahlil usuli hamda intellektual tasniflash algoritmlaridan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa institutining axborot tizimida konfidensial matnlarni tasniflash, tashqi qurilmalar orqali uzatilishini nazorat qilish va ularning ruxsatsiz chiqib ketishini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa institutining 2025-yil 23-maydagi 1027-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan tizim USB va boshqa portativ qurilmalar orqali konfidensial ma’lumotlarning ruxsatsiz chiqib ketishini 95% aniqlikda aniqlash va bloklash imkonini bergan;
TF–IDF statistik tahlil usuli va Baes klassifikatori asosida ishlab chiqilgan konfidensial hujjatlarni tasniflash algoritmlari, tashqi axborot tashuvchi vositalarga nusxalashga ruxsatlarni boshqarish moduli hamda “KARChKOOT” DLP tizimidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kriptografik vositalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun lisenziyaga ega sinov laboratoriyasida konfidensial axborotlarni real vaqt rejimida monitoring qilish, aniqlash, tasniflash va bloklashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 27-maydagi 295-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan tizim konfidensial hujjatlarni avtomatik aniqlash va tasniflash jarayonini 3-4 marta tezlashtirgan, konfidensial ma’lumotlarni ruxsatsiz chiqib ketishini 92.1% aniqlikda bartaraf eta olgan, bu esa xodimlarning qo‘lda tahlil qilish vaqtini kamaytirib, ish samaradorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish