Il`yasov Saliy Puxarbaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.  
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Poliz mahsulotlari etishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirish yo‘llari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida)”, 08.00.04 - “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Iqt5663.
Ilmiy rahbar: Inyatov Almaz Reymbaevich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.I.04.12. 
Rasmiy opponentlar: Tashmatov Rustam Xusanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xamraeva Sayyora Nasimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: poliz mahsulotlari etishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirishning tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoraqalpog‘iston sharoitida poliz mahsulotlari etishtirish samaradorligini baholash uslubi agrobiologik omillar, resurslardan foydalanish samaradorligi va bozor kon’yunkturasini o‘zaro bog‘liq holda aks ettiruvchi “agrobiologik-resurs-bozor integral modeli” asosida ishlab chiqarish natijadorligini kompleks baholash orqali takomillashtirilgan;
polizchilik tarmog‘ida qiymat yaratish zanjirini boshqarish mexanizmi ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, logistika va realizatsiya bosqichlarini yagona qiymat zanjiriga birlashtirish hamda ushbu tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga qaratilgan “Qiymat zanjiri-DXSh” modeli orqali takomillashtirilgan;
poliz mahsulotlari etishtiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi subsidiya va kredit resurslarini xo‘jalik sub’ektlarining kreditga layoqatliligi, hosildorlik dinamikasi va hududiy ishlab chiqarish sharoitlariga bog‘liq holda differensial taqsimlashga asoslangan kompleks moliyaviy qo‘llab-quvvatlash modeli orqali takomillashtirilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida poliz mahsulotlari etishtirish hajmiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning logarifmik regressiya va vaqt trendi asosidagi ekonometrik modeli asosida 2030 yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliz mahsulotlari etishtirish samaradorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
Qoraqalpog‘iston sharoitida poliz mahsulotlari etishtirish samaradorligini baholash uslubini agrobiologik omillar, resurslardan foydalanish samaradorligi va bozor kon’yunkturasini o‘zaro bog‘liq holda aks ettiruvchi “agrobiologik-resurs-bozor integral modeli” asosida ishlab chiqarish natijadorligini kompleks baholash orqali takomillashtirish taklifi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatida hududiy agrar siyosat va dasturlar ishlab chiqishda foydalanilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 21 apreldagi 04/06-1668 son ma’lumotnomasi). Ushbu “agrobiologik-resurs-bozor integral modeli”ni amaliyotga qo‘llash natijasida Qoraqalpog‘iston sharoitida polizchilik tarmog‘ini barqarorlik darajasini aniqlash va iqtisodiy jihatdan samarali agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali ilmiy asoslangan boshqariladigan tizimni shakllantirish imkoniyati yuzaga kelgan;
polizchilik tarmog‘ida qiymat yaratish zanjirini boshqarish mexanizmini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, logistika va realizatsiya bosqichlarini yagona qiymat zanjiriga birlashtirish hamda ushbu tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga qaratilgan “Qiymat zanjiri-DXSh” modeli orqali takomillashtirish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 5 apreldagi “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-113-son qaror loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 21 apreldagi 04/06-1668 son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida polizchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat hajmini 20,0-25,0 foizga oshirish, hosildan keyingi yo‘qotishlarni 10,0-12,0 foizgacha kamaytirish, logistika xarajatlarini 10-15% ga qisqartirish, eksport salohiyatini 1,3-1,5 barobarga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini 8-12% ga ko‘paytirish orqali tarmoqning umumiy iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkoniyati yuzaga kelgan;
poliz mahsulotlari etishtiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini subsidiya va kredit resurslarini xo‘jalik sub’ektlarining kreditga layoqatliligi, hosildorlik dinamikasi va hududiy ishlab chiqarish sharoitlariga bog‘liq holda differensial taqsimlashga asoslangan kompleks moliyaviy qo‘llab-quvvatlash modeli orqali takomillashtirish taklifi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Agrosanoat klasterlari faoliyatini tashkil etish”da foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 21 apreldagi 04/06-1668 son ma’lumotnomasi). Mazkur modelni amaliyotga joriy etish natijasida polizchilik tarmog‘ida hosildorlik 13,6% ga, ishlab chiqarish hajmi 16,8% ga, xo‘jaliklar rentabelligi 10,4% ga oshgan, subsidiya va kredit mablag‘laridan foydalanish samaradorligi 18,7% ga yaxshilangan hamda kredit risklari 22,3% ga kamaygan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida poliz mahsulotlari etishtirish hajmiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning logarifmik regressiya va vaqt trendi asosidagi ekonometrik modeli asosida 2030 yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va hududiy rivojlanish dasturlarini shakllantirish”da foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 21 apreldagi 04/06-1668 son ma’lumotnomasi). Mazkur ekonometrik prognoz ko‘rsatkichlaridan foydalanish natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida poliz mahsulotlari etishtirish hajmi 2026-2030 yillarda yiliga o‘rtacha 4-6% ga, umumiy hajm esa 15-18% ga oshishi, tannarx 8-12% ga kamayishi, rentabellik darajasi esa 10-12% ga ortishi kuzatilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish