Kurbonova Komila Shuxrat qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Androgen alopesiya hujayra terapiyasini ishlab chiqish”, 14.00.11 – Dermatologiya va venerologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2022.1.PhD/Tib2455.
Ilmiy maslahatchi: Azimova Fotima Vaxidovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/28.02.2023.Tib.158.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaeva Nigora Baxramovna, tibbiyot fanlari doktori; Mavlyanova Nigora Narimanovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat tibbiyot universtiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: androgenetik alopesiyada soch follikulasi siklini boshqarishda ishtirok etuvchi mezenximal-epitelial o‘zaro ta’sir mediatorlarini o‘rganish hamda mazkur kasallikning patogenetik terapiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor androgenetik alopesiyali bemorlarda videotrixodermatoskopiya ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi kasallikning og‘irlik darajasi va davomiyligi ortishi bilan parallel ravishda kuchayib borishi aniqlanib, mazkur usul bosh terisi va soch follikullaridagi morfofunksional o‘zgarishlarni erta baholash hamda davolash samaradorligini monitoring qilishda yuqori diagnostik ahamiyatga ega ekani isbotlangan;
ilk bor androgenetik alopesiyada CD117 va CD34 mezenximal o‘zak hujayralari markerlarining ishonchli darajada pasayishi (r<0,001) kasallik og‘irligi, davomiyligi va bemor yoshi ortishi bilan uzviy bog‘liq ekani hamda bu holat soch follikullarining regenerativ salohiyati susayishi va adipotsitlardan kelib chiqqan mezenximal o‘zak hujayralarining (ADMSC) differensiatsiyalanish qobiliyati pasayishiga olib kelishi isbotlangan;
ilk bor androgenetik alopesiyada dermal so‘rg‘ich va soch follikulasi hujayralarining proliferativ faolligi susayishi HGF (r<0,01) va PDGF (r<0,05) o‘sish omillari miqdorining kamayishi hamda PGE2 prostaglandini muvozanatining buzilishi (r<0,001) bilan bog‘liq ekani aniqlanib, ushbu o‘zgarishlar kasallik patogenezining muhim molekulyar mexanizmlari ekani isbotlangan;
ilk bor androgenetik alopesiyali bemorlarda PGE2 darajasining pasayish darajasi bemor yoshi va kasallik og‘irligi ortishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning eng past ko‘rsatkichlari 40 yoshdan yuqori bemorlarda kuzatilishi aniqlangan hamda mazkur mediator soch follikullari mikroatrofiyasi va o‘sish siklining buzilishini baholovchi muhim biomarker ekani isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Androgenetik alopesiya patogenezining klinik, biokimyoviy va immunoferment ko‘rsatkichlari asosida klinik kechishini prognozlash va davolash strategiyasiga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
birinchi ilmiy yangilik: ilk bor androgenetik alopesiyali bemorlarda videotrixodermatoskopiya ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi kasallikning og‘irlik darajasi va davomiyligi ortishi bilan parallel ravishda kuchayib borishi aniqlanib, mazkur usul bosh terisi va soch follikullaridagi morfofunksional o‘zgarishlarni erta baholash hamda davolash samaradorligini monitoring qilishda yuqori diagnostik ahamiyatga ega ekani isbotlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahri 3-son tumanlararo teri-tanosil kasalliklari dispanserida (№ 17 sonli buyruk 11 – iyul` 2025 - y.) hamda O‘zR RIDVKIATM Samarqand filiali (№ 15 - sonli buyrug‘i 9 – iyul` 2025 - y.) klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi videotrixodermatoskopiya ma’lumotlari asosida miniatyurizatsiyalangan sochlar va soch follikullari atrofiyasi darajasini aniqlash, kasallik og‘irligini baholash hamda androgenetik alopesiyani erta bosqichlarda tashxislash imkoniyati bilan izohlanadi. Bu esa o‘z vaqtida terapiya, jumladan monoterapiyani tayinlash orqali kasallikni samarali davolash imkonini yaratadi. Iqtisodiy samaradorligi maqsadli diagnostika usulini qo‘llash natijasida davolash sifati oshishi va moliyaviy xarajatlar qisqarishi bilan asoslanadi. An’anaviy terapiyada bir bemorni ambulator davolash xarajati 55100000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, maqsadli diagnostika asosida davolash taktikasi optimallashtirilishi hisobiga ushbu ko‘rsatkich 39820000 so‘mgacha kamaygan. Xulosa: ambulator davolashda byudjet mablag‘lari hisobidan sarf-xarajatlar 15280000 so‘mga qisqargan.
ikkinchi ilmiy yangilik: ilk bor androgenetik alopesiyada CD117 va CD34 mezenximal o‘zak hujayralari markerlarining ishonchli darajada pasayishi (r<0,001) kasallik og‘irligi, davomiyligi va bemor yoshi ortishi bilan uzviy bog‘liq ekani hamda bu holat soch follikullarining regenerativ salohiyati susayishi va adipotsitlardan kelib chiqqan mezenximal o‘zak hujayralarining (ADMSC) differensiatsiyalanish qobiliyati pasayishiga olib kelishi isbotlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahri 3-son tumanlararo teri-tanosil kasalliklari dispanserida (№ 17 sonli buyruk 11 – iyul` 2025 - y.) hamda O‘zR RIDVKIATM Samarqand filiali (№ 15 - sonli buyrug‘i 9 – iyul` 2025 - y.) klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi CD117 va CD34 markerlarining adipotsit hujayralari ekspressiyasiga bog‘liq holda soch follikulasi regeneratsiyasidagi patogenetik ahamiyatini aniqlash imkonini berganligi bilan belgilanadi. Bu esa davolash samaradorligini oshirish va bemorlar hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Iqtisodiy samaradorligi androgenetik alopesiyani o‘z vaqtida korreksiyalangan terapiya bilan davolash natijasida ta’minlangan. Bir bemorning bir yillik ambulator davolash xarajati 55100000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, taklif etilgan yangi terapiya usuli qo‘llanilganda mazkur ko‘rsatkich 30820000 so‘mni tashkil etgan. Xulosa: CD117 va CD34 markerlarini baholash hamda yangi diagnostika va terapiya usullarini qo‘llash orqali kasallik qaytalanishining kamayishi ta’minlanib, ambulator davolashda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar sarfi 1,8 martaga qisqartirilgan.
uchinchi ilmiy yangilik: ilk bor androgenetik alopesiyada dermal so‘rg‘ich va soch follikulasi hujayralarining proliferativ faolligi susayishi HGF (r<0,01) va PDGF (r<0,05) o‘sish omillari miqdorining kamayishi hamda PGE2 prostaglandini muvozanatining buzilishi (r<0,001) bilan bog‘liq ekani aniqlanib, ushbu o‘zgarishlar kasallik patogenezining muhim molekulyar mexanizmlari ekani isbotlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahri 3-son tumanlararo teri-tanosil kasalliklari dispanserida (№ 17 sonli buyruk 11 – iyul` 2025 - y.) hamda O‘zR RIDVKIATM Samarqand filiali (№ 15 - sonli buyrug‘i 9 – iyul` 2025 - y.) klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi shundaki, tadqiqot natijalari asosida kasallik rivojlanishining yangi patogenetik mexanizmlari aniqlangan. Xususan, PGE2 darajasining pasayishi ayollarda follikullar miniatyurizatsiyasi mexanizmining gender xususiyatlari sababli nisbatan kamroq ifodalanishi, 40 yoshdan katta bemorlarda esa bosh terisidagi yallig‘lanish va fibroz jarayonlarining kuchayishi natijasida yanada sezilarli darajada pasayishi aniqlangan. Shuningdek, HGF va PDGF darajalarining kamayishi soch regeneratsiyasining susayishiga olib kelishi isbotlangan, chunki ushbu omillar soch follikullarining dermal so‘rg‘ich fibroblastlarida lokalizatsiyalangan asosiy regenerator mediatorlar hisoblanadi. Iqtisodiy samaradorligi shundaki, patogenetik terapiyani qo‘llash androgenetik alopesiyani davolash samaradorligini oshirish va kasallik residivlarini kamaytirish imkonini bergan. Yangi tashxis va terapiya usuli qo‘llanilganda bir bemorning yillik ambulator davolash xarajatlari 31680000 so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu an’anaviy terapiyadagi 55100000 so‘mlik xarajatlarga nisbatan ancha kam hisoblanadi. Xulosa: androgenetik alopesiyada soch follikullari regeneratsiyasi markerlari — HGF, PDGF va PGE2 darajalarini aniqlash hamda ular asosida yangi tashxis va terapiya usullarini qo‘llash ambulator sharoitda davolash xarajatlarini 23420000 so‘mga qisqartirish, davolash samaradorligini oshirish va mablag‘lardan oqilona foydalanish imkonini bergan.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: ilk bor androgenetik alopesiyali bemorlarda PGE2 darajasining pasayish darajasi bemor yoshi va kasallik og‘irligi ortishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning eng past ko‘rsatkichlari 40 yoshdan yuqori bemorlarda kuzatilishi aniqlangan hamda mazkur mediator soch follikullari mikroatrofiyasi va o‘sish siklining buzilishini baholovchi muhim biomarker ekani isbotlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahri 3-son tumanlararo teri-tanosil kasalliklari dispanserida (№ 17 sonli buyruk 11 – iyul` 2025 - y.) hamda O‘zR RIDVKIATM Samarqand filiali (№ 15 - sonli buyrug‘i 9 – iyul` 2025 - y.) klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi shundaki, «Vitten Hair RX» preparati bilan olib borilgan patogenetik terapiyaning ambulator sharoitdagi samaradorligi an’anaviy terapiyaga nisbatan yuqori ekanligi tasdiqlangan hamda bemorlar hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilgan. Iqtisodiy samaradorligi shundaki, videotrixodermatoskopiya orqali anagen fazasidagi sochlar sonining 17,1 foizga va soch diametrining 3,2 marta oshganligi ob’ektiv ravishda tasdiqlangan. An’anaviy terapiyada bir bemorning yillik ambulator davolash xarajatlari 55100000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, patogenetik terapiya qo‘llanilgan guruhda mazkur ko‘rsatkich 28700000 so‘mni tashkil etgan, ya’ni xarajatlar an’anaviy terapiyaga nisbatan 1,8 marta kam bo‘lgan. Xulosa: androgenetik alopesiyali bemorlarda bosh terisiga «Vitten Hair RX» o‘simlik kelib chiqishli o‘sish omillarini intradermal kiritish orqali patogenetik terapiyani qo‘llash an’anaviy terapiyaga nisbatan 1,8 marta kam xarajat bilan davolash samaradorligini ikki barobar oshirish imkonini bergan.