Usmanova Dilafruz Karshievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Sovershenstvovanie metodologii povisheniya konkurentosposobnosti sferi turicskix uslug v usloviyax innovatsionnoy ekonomiki” 08.00.05 - Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/Iqt1033
Ilmiy maslahatchi: Pardaev Mamayunus Qarshibaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSc.03/2025.27.12.I.27.01
Rasmiy opponentlar: Tuxliev Iskandar Suyunovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; To‘xliev Nurislom, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Eshtaev Alisher Abduganievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turizm sohasi raqobatbardoshligini oshirishning metodologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
asosiy turistik obektlarga tushayotgan ortiqcha yuklama va gavjumlikni kamaytirish maqsadida turistlarni qishloq hududlariga faol jalb etishga qaratilgan “Borough tourism” (shahar atrofi turizmi) tamoyilini samarali amalga oshirish natijasida “Samarkand Riviera” infratuzilmaviy loyihasida turistik kod modelini amaliy qo‘llashning asosiy afzalliklari ilmiy jihatdan asoslab berilgan;
alohida hududlarning raqobat ustunliklariga tayangan holda turistik mahallalarni rivojlantirish asosida turistik mahsulotlarni vertikal diversifikatsiya qilish zarurligi, shuningdek, iste’molchilarning turistik xizmatlar qiymatini yaratish zanjiridagi bevosita ishtirokini ta’minlashning ahamiyati asoslab berilgan;
Delfi usuli va prognozlash texnologiyalarini kompleks qo‘llash asosida ichki turizm hamda personalizatsiyalashgan turizm rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda milliy turizm raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan
turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish jarayonida turistlarning individual ehtiyojlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda, mamlakatga takroriy tashriflarni rag‘batlantirish hamda turistik yo‘nalishlar va obektlarning jozibadorligini oshirish maqsadida xorijiy turistlar uchun “Smart Tourism Hub” platformasi ishlab chiqilgan;
milliy turizm raqobatbardoshligiga ta’sir etuvchi asosiy omillarning tizimli tahlili asosida 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun turistik oqimlar rivojlanishining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Innovatsion iqtisodiyot sharoitida turistik xizmatlar sohasi raqobatbardoshligini oshirish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
asosiy turistik obektlardagi ortiqcha yuklama va gavjumlikni kamaytirish maqsadida turistlarni qishloq hududlariga faol jalb etishga qaratilgan “Borough tourism” (shahar atrofi turizmi) tamoyilini samarali amalga oshirish natijasida “Samarkand Riviera” infratuzilmaviy loyihasida turistik kod modelini amaliy qo‘llash afzalliklarini asoslashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ–20-son qarori bilan tasdiqlangan “2024-yilda muzeylar va konsert-tomosha obektlarida to‘siqsiz turistik infratuzilmani rivojlantirish” maqsadli dasturiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3702-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida shahar atrofi hududlariga turistlar oqimini 12 foizga oshirish hamda mavsumiylikning turistik oqimga ta’sirini 3 foizga kamaytirishga erishilgan;
alohida hududlarning raqobat ustunliklariga tayangan holda turistik mahallalarni rivojlantirish asosida turistik mahsulotlarni vertikal diversifikatsiya qilish hamda iste’molchilarning turistik xizmatlar qiymatini yaratish zanjiridagi bevosita ishtirokini ta’minlash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturiga hamda “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyat farovonligini oshirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturi loyihasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3702-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida ijtimoiy sheriklik asosidagi vertikal diversifikatsiya mexanizmlaridan foydalanish turistik tashkilotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda mahalla byudjeti tushumlarini 10 foizga ko‘paytirish imkonini bergan;
Delfi usuli va prognozlash texnologiyalarini kompleks qo‘llash asosida ichki hamda personalizatsiyalashgan turizm rivojlanishi tendensiyalarini hisobga oluvchi milliy turizm raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF–87-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish, turistik infratuzilmani takomillashtirish hamda targ‘ibot faoliyatini kengaytirish” bo‘yicha Yo‘l xaritasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3702-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning hududiy turizm boshqaruvi organlari faoliyatiga joriy etilishi natijasida kirish turizmi ko‘rsatkichlarini 16 foizga oshirish imkoniyati yaratilgan;
turistlarning individual ehtiyoj va qiziqishlarini hisobga olgan holda turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, mamlakatga takroriy tashriflarni rag‘batlantirish hamda turistik yo‘nalishlar va obektlar jozibadorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “Smart Tourism Hub” platformasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF–87-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish, turistik infratuzilmani takomillashtirish hamda targ‘ibot faoliyatini kengaytirish” bo‘yicha Yo‘l xaritasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3702-son ma’lumotnomasi). Mazkur brend-platformaning ishga tushirilishi turistlarning sodiqlik darajasini oshirish hamda turistlarning turistik mahsulotni shakllantirishdagi bevosita ishtiroki hisobiga mamlakatga takroriy tashriflar sonini 15 foizga ko‘paytirish imkonini beradi;
milliy turizm raqobatbardoshligini oshirishga ta’sir etuvchi omillar tahlili asosida 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun ishlab chiqilgan turistik oqim prognoz ko‘rsatkichlariga doir amaliy tavsiyalar Turizm qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “2025–2030-yillarda hududlarning turistik salohiyatini izchil o‘rganish natijalari asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar dasturi” hamda tegishli “Yo‘l xaritalari”ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2026-yil 9-apreldagi 02-17/3702-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi milliy turizm raqobatbardoshligini oshirish hisobiga turistlar sonini 30 foizga ko‘paytirish imkoniyatini asoslab bergan.