Muxitdinova Nozimaxon Faxriddin qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent vohasi isimonlari (Canidae) gelmintofaunasi va ularning zoonozlar tarqalishidagi ahamiyati”, 03.00.06 – Zoologiya (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2025.2.PhD/V169
Ilmiy rahbar: Safarov Alisher Abduqahor o‘g‘li, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomiSamarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.08/2025.27.12.V.11.01.
Rasmiy opponentlar: Taylakov Tolib Isoqulovich, veterinariya fanlari doktori, dotsent; Hakimov Boliqul Narzullaevich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent vohasida tarqalgan isimonlar (Canidae)da uchraydigan gelmintlarning tur tarkibini aniqlash, ular orasida keng tarqalgan gelmintozlarning epizootologik xususiyatlarini o‘rganish, zoonoz ahamiyatga ega parazit turlarini molekulyar-genetik jihatdan identifikatsiya qilish hamda gelmintozlarga qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati biogeotsenozlarida isimonlar (Canidae) gelmintlari faunasining tur-tarkibi o‘rganilgan hamda Cestoda, Trematoda, Acanthocephala va Nematoda sinflariga mansub 26 turdagi parazitlardan iboratligi aniqlangan;
epizootologik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra isimonlarning gelmintlar bilan umumiy zararlanish darajasi 81,4% ni tashkil etishi aniqlangan;
Toshkent viloyati biotsenozlarida tarqalgan uy itlari populyasiyasida aniqlangan gelmint turlari xilma-xilligi jihatdan eng yuqori ko‘rsatgichni (25 tur) tashkil etishi aniqlangan;
Toxascaris leonina parazit turining mtDNK COX1 sohasi nukleotidlar ketma-ketligi o‘rganilgan va filogenetik munosabatlari tahlil qilinib, identifikatsiya raqamlari olingan hamda xalqaro GenBank bazasida saqlash uchun joylashtirilgan;
uy itlarida Dracocephalum komarovii mahalliy o‘simlik ekstraktining parazitologik va klinik sinovi o‘tkazilgan va 93,5% samaradorlik ko‘rsatgichi aniqlangan;
Toshkent vohasida o‘rganilgan isimonlarning aksariyat holatlarda gelmintlar bilan aralash zararlanishi aniqlangan. Jumladan, parazitlar assotsiatsiyasi it va chiyabo‘rilarning 85-90 foizida uchrashligi va 3 tadan 7 tagacha turdagi assotsiatsiyalar bilan ifodalanishi ochib berilgan;
isimonlar gelmintofaunasining shakllanishi parazitar tizim komponentlari o‘rtasidagi biotsenotik munosabatlar bilan bog‘liqligi asoslangan hamda Toshkent viloyatidagi uy itlarida gelmintozlarning epizootologik xususiyatlariga ko‘ra sog‘lom va nosog‘lom hududlar ro‘yxati ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Toshkent vohasi isimonlari (Canidae) gelmintofaunasi va ularning zoonozlar tarqalishidagi ahamiyati” mavzusi doirasida olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan “Mehr” hayvonlarni vaqtincha saqlash markazi, shuningdek Ohangaron, Nurafshon va Zangiota tumanlarida aholi xonadonlarida saqlanayotgan uy itlarida parazitar zoonoz va antropozoonoz kasalliklarning oldini olish, itlar gelmintozlarini innovatsion tashxis usullari yordamida aniqlash va davolash bo‘yicha takomillashtirilgan kompleks profilaktik va terapevtik tavsiyalar veterinariya amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2026-yil 2-martdagi №02/23-191-son ma’lumotnomasi). Natijada uy itlarida gelmintozlar bilan zararlanish darajasi keskin pasayishiga, tadqiqot o‘tkazilgan hududlarda dirofilyariozning oldi olinishiga hamda Piskent tumanida joylashgan “Mehr” hayvonlarni vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan daydi itlarda gelmintozlarni samarali davolanishiga va parazitar kasalliklarning oldini olishga erishilgan.
Uy itlari askaridozining qo‘zg‘atuvchilari - Toxascaris leonina va Toxocara canis nematodalarining mitoxondrial DNK COX1 sohasi nukleotidlar ketma-ketliklari xalqaro Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) GenBank ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2026-yil 2-martdagi №02/23-191-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ma’lumotlar asosida Toxascaris leonina turi uchun identifikatsiya raqamlari (PV082439; PP865013; PV125711; PV125712; PV125713; PV125714) olingan va ular nematodalarning tur darajasida aniq identifikatsiya qilinishi hamda filogenetik baholanishini xalqaro darajada ta’minlash imkoniyatini bergan.
Dracocephalum komarovii mahalliy o‘simligining er ustki qismlaridan olingan efir moyi ekstrakti uy itlari gelmintozlariga qarshi og‘iz orqali suspenziya shaklida 10 mg/kg dozada, kuniga 1 marta, 5 kun davomida qo‘llash sxemasi Toshkent viloyati va Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi veterinariya amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2026-yil 2-martdagi №02/23-191-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Dracocephalum komarovii ekstraktining amaliyotda qo‘llanishi samarali va xavfsiz ekanligini tasdiqlagan hamda uning dorivor shaklini standartlashtirish, optimal dozalashni belgilash va keng ko‘lamli klinik sinovlarni o‘tkazish uchun tavsiya etilgan.