Alimaxamatova Shaxnoza Orifjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qishloq xo‘jaligi erlarini shamol eroziyasidan himoya qilishda er tuzishni loyihalash usulini takomillashtirish”, 06.01.10 - Er tuzish, kadastr va yer monitoringi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Qx1933
Ilmiy rahbar: Inamov Bekzod Nizamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “O‘zdaverloyiha” davlat-ilmiy loyihalash instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Avezbaev Sadulla, iqtisod fanlari doktori, professor; Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qishloq xo‘jaligi erlarini shamol eroziyasidan himoya qilishda er tuzishni loyihalash usulini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Bekobod tumani qishloq xo‘jaligi erlarida shamol eroziyasi salbiy ta’sirini inobatga olib ihota daraxtzorlarini barpo etish va ularni rekonstruksiya qilishning asosiy prinsiplari hamda shamol eroziyasiga qarshi qabul qilingan shartlarga asosan er resurslaridan samarali foydalanish hamda erlarni muhofaza qilish bosh chizmasi va er toifalari modelini qurish metodikasi ishlab chiqilgan;
erlarning unumdor qatlamlari xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni shamol eroziyasiga chidamliligini guruhlash jadvali va shamol eroziyasini qishloq xo‘jaligiga keltiradigan zararlari sxemasi asosida shamol eroziyasiga qarshi kurashish va uni oldini olish usullari asoslab berilgan;
shamol eroziyasini oldini olish uchun dalalarni to‘liq ihota qiluvchi ko‘p qatorli, turli xil daraxt va butalardan iborat ihota to‘sig‘i, shamolni sustlashtirish, namlikni saqlash va hosildorlikni oshirish maqsadida ihotazorlarni “Yopiq panjara” loyihasi asosida amalga oshirish usuli takomillashtirilgan;
tadqiqot hududidagi shamol tezligi, er relefi, iqlim ko‘rsatkichlariga oid vektor qatlamlari asosida qishloq xo‘jaligi er maydonlaridagi shamol eroziyasiga uchragan va uchrash xavfi bor bo‘lgan hududlarni geovizuallashtiruvchi “WindShield” nomli platformasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qishloq xo‘jaligi erlarini shamol eroziyasidan himoya qilishda er tuzishni loyihalash usulini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
er resurslaridan samarali foydalanish hamda erlarni muhofaza qilish bosh chizmasi va er toifalari modelini qurish metodikasi Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi Bekobod tumani bo‘limida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-653-son ma’lumotnomasi). Natijada, erdan foydalanishni nazorat qiluvchi rejalashtirilgan bosh chizmalar orqali Er resurslaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
shamol eroziyasiga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha tavsiyanoma va ihota polosalarini “Yopiq panjara” loyihasi asosida amalga oshirish usuli “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti Toshkent bo‘linmasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-653-son ma’lumotnomasi). Natijada, ihotazorlarni iqlim sharoiti, tuproqlarning mexanik tarkibi kabi mezonlar asosida loyihalash masalalariga echim berilgan hamda tumanda iqlim barqarorligi va ekotizimni tartibga solish orqali atmosfera havosini yaxshilashga erishish imkoniyati yaratilgan.
qishloq xo‘jaligi er maydonlaridagi shamol eroziyasiga uchragan va uchrash xavfi bor bo‘lgan hududlarni geovizuallashtiruvchi “WindShield” nomli platforma Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-653-son ma’lumotnomasi). Natijada, masofadan turib shamol eroziyasi ta’siridagi hududlarni aniqlash, ularda shamol eroziyasiga qarshi himoya choralarini belgilash va monitoring qilish imkoniyatlari yaratilgan.