Normatov Abduraxim Eminovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumot. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi): “Eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) yuksak suv o‘simligi yordamida neft va neft mahsulotlari bilan ifloslangan oqova suvlarni tozalash biotexnologiyasi (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi misolida)”, 03.00.12 – Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2025.3.PhD/V1581.
Ilmiy rahbar: Yuldoshov Laziz Tolibovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.08.09.
Rasmiy opponentlar: Tashmuxamedova Shoxista Sabirovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xo‘jjiev Sodiq Oltievich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish jarayonlarida ifloslangan oqava suvlarni birinchi va ikkinchi aylanma suv ta’minoti qurilmalari hamda tozalash inshootida biologik usulda tozalash jarayonlarida eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) makrofitidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi ahamiyatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish jarayonlarida ifloslangan oqava suvlarni eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) makrofit o‘simligi ta’sirida umumiy azotli birikmalar miqdori, suvning hidi, rangi, ishqorlik va kislotalik muhitlari me’yorlashgani hamda tozalanish darajasi o‘rtacha 89,8-94,6 % gacha etganligi aniqlangan;
o‘simliklar umumiy quruq biomassasi tarkibida makro va mikroelementlar o‘rganilib, shundan umumiy makroelementlar 52,10 mg/g ni tashkil qilib, K 71,09 % ni, P 12,2 % ni, Ca 10,89 % ni, Na 3,15 % ni, Mg 2,14 % ni va S 0,53 % darajasida aniqlangan, o‘rganilgan 20 ta mikroelementlardan, 16 ta elementning miqdori aniqlangan hamda mikroelementlar tarkibini Si, Sr, Fe, Mn, Zn, Al, B, Li, Ni va V elementlari 97,14 % ni hamda qolganlari - Ba, Cu, Cr, Co, Se, Mo elementlari 2,86 % ni tashkil etganligi aniqlangan;
eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) makrofiti umumiy biomassasi tarkibida 16 ta aminokislota o‘rganilib, 14 ta aminokislota miqdori aniqlandi va eng ko‘p prolin, eng kam miqdorda alanin aminokislotasi mavjudligi qayd etildi hamda o‘simlik tarkibidagi prolin, gistidin, glutamat va asparagin umumiy aminokislotalar miqdorini 51,54 % ni tashkil etishi isbotlangan;
o‘simlik biomassasida kaliyning yuqori akkumulyativ ulushi 71,09 % hamda fosfor va azotning agronomik me’yorlarda mavjudligi ushbu eyxorniyaning bioresurs sifatida ahamiyatini ko‘rsatib, to‘shamali chorva mollar go‘ngiga o‘simlik biomassasidan 6:1 nisbatda aralashtirilib tayyorlangan kompostda umumiy azot 1,2 %, fosfor 1,14 % va kaliy 1,37 % konsentratsiyalari an’anaviy usulda tayyorlangan kompostga nisbatan ustun ekanligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) makrofiti yordamida neft va neft mahsulotlari bilan ifloslangan oqava suvlarni tozalash texnologiyasi bo‘yicha bajarilgan ilmiy natijalar asosida:
neft va neft mahsulotlari bilan ifloslangan oqava suvlar tarkibini eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) yuksak suv o‘simligi yordamida tozalash biotexnologiyasi “Farg‘ona NQIZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 7 avgusdagi 03-03/1-03/3-7789-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqava suvlari tarkibidagi suvda erigan kislorod 92 % ga oshganligi va ayni paytda muallaq moddalar 91 %, kislorodning biokimyoviy sarflanishi 94 %, nitratlar 92-95 % ga kamayishiga erishilgan, hamda neft va neft mahsulotlari miqdorini an’anaviy usulda tozalashda - 83-85 % hamda joriy etilgan usulda esa - 89,8-94,6 % gacha kamaytirish imkonini bergan;
Eyxorniya (Eichhornia crassipes Solms.) yuksak suv o‘simligi tozalash inshooti hovuzlarida jadallik bilan o‘sib, ko‘payishi natijasida hosil qilgan biomassasidan hududdagi bog‘lar va daraxtlar hamda issiqxonalardagi ekinlarga bioo‘g‘it (organik o‘g‘it) qo‘llash amalyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 7 avgusdagi 03-03/1-03/3-7789-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘simlik biomassasidan 6:1 nisbatda aralashtirib tayyorgangan kompostni umumiy tarkibidagi azotlar an’anaviy usulda tayyorlangan kompost tarkibidagi azotlar miqdoridan o‘rtacha 0,3 %, va fosforlar o‘rtacha 0,25 %, hamda kaliy miqdori o‘rtacha 0,27 % ga ortiq bo‘lishi bilan sifatli kompost tayyorlash imkonini bergan.