Juraeva Hurmatoy Rafiqjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘chat usulida sholi etishtirish omillarini takomillashtirishning hosildorlikka ta’siri (Andijon viloyati sharoitida)», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx418.
Ilmiy rahbar: Tellyaev Rixsivoy Shomaxamadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xudoyqulov Jonibek Bozarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sholichilikda qishloq ho‘jaligini aniq yuritish tizimini rivojlantirish maqsadida kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida sholining “Guljaxon” va “Iskandar” navlarini ko‘chat usulida etishtirishda aniq ekish muddati, sxemasi, ko‘chat sonining o‘simliklar o‘sishi, rivojlanishi, biometrik ko‘rsatkichlari, hosildorlik va don sifatiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Andijon viloyatining o‘tloqi-botqoq tuproqlari sharoitida kuzgi boshoqli don ekinlaridan keyin takroriy ekin sifatida sholining “Guljaxon” va “Iskandar” navlarini ko‘chat usulida aniq dehqonchilik yuritish tizimida etishtirishning eng maqbul ekish muddati, sxemasi va ko‘chat soni aniqlangan;
tadqiq qilingan omillarning rivojlanish bosqichlarida olingan foydali harorat yig‘indisiga ko‘ra quruq massa to‘plashi, barg sathi o‘zgarishi, fotosintez sof mahsuldorligi hamda hosildorlikning asosiy biometrik ko‘rsatkichlari, hosildorlik va donning texnologik sifatiga ta’siri aniqlangan;
sholining “Guljaxon” va “Iskandar” navlarini etishtirish texnologiyasi elementlari takomillashtirilgan, ularning umumiy foydali harorat yig‘indisi, o‘suv davri davomiyligi rivojlanish bosqichlari bo‘yicha aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sholining “Guljaxon” va “Iskandar” navlarini takroriy ko‘chat usulida etishtirishda ekish muddati, sxemasi va ko‘chat sonini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
“Iskandar” navini ko‘chat usulda etishtirish bo‘yicha “Andijon viloyati sharoitida takroriy ko‘chat usulida sholi etishtirish omillarini takomillashtirishning hosildorlikka ta’siri bo‘yicha tavsiyanoma” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq ho‘jaligi vazirligining 2019 yil 13 noyabrdagi 02/021-3633-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan qo‘llanma sifatida keng foydalanib kelinmoqda;
sholining “Iskandar” navi Izboskan tumanida joylashgan “Moygir Ro‘zibek” fermer xo‘jaligida 21 gektar, “Moygir Usmonjon” fermer xo‘jaligida 18 gektar, “Moygir Shuxratbek” fermer xo‘jaligida 20 gektar, jami 59 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 13 noyabrdagi 02/021-3633-son ma’lumotnomasi). Natijada nazoratga nisbatan har gektardan 2,5–3,0 sentner qo‘shimcha hosil olingan;
sholining “Iskandar” navini ko‘chat usulida takroriy ekish texnologiyasi elementlari Paxtaobod tumanidagi “Muhammadrizo oltin tolasi” fermer xo‘jaligida 18 gektar, “Karim Sayyod” fermer xo‘jaligida 43 gektar, “Umid Razzoq” fermer xo‘jaligida 33 gektar, “Kelajak” fermer xo‘jaligida 20 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 13 noyabrdagi 02/021-3633-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida “Iskandar” navi o‘simliklarining “Guljaxon” naviga nisbatan o‘suv davri davomiyligi va hosil elementlari soni ortganligi natijasida 1,5–3,1 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
Paxtaobod tumanining nisbatan yuqori hosilli xududida “Iskandar” navini etishtirishdagi takomillashtirilgan texnologiya elementlari “Mohi Xusni” fermer xo‘jaligida 26,6 gektar, “Mirxomidboy” fermer xo‘jaligida 28,0 gektar, “Shoyatbek ota” fermer xo‘jaligi 20,6 gektar, “Jiyanbek Tojiboy” fermer xo‘jaligi 21,8 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 13 noyabrdagi 02/021-3633-son ma’lumotnomasi). Natijada, amal davridagi umumiy suv sarfi ko‘chat etishtirish hisobiga 15–20% ga tejalgan, hosildorlik o‘rtacha 62,3–74,5 s/ga ni tashkil etib, 13,7–18,2 mln. so‘m sof foyda olishga erishilgan, rentabellik darajasi 23–56 foizni tashkil etgan.