Ibodullaev Sayidkomil Bekpo‘lat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Implementatsiya mejdunarodnix standartov v oblasti yadernoy energetiki v zakonodatel`stvo Respubliki Uzbekistan” 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.4.PhD/Yu2206.
Ilmiy rahbar: Rustambekov Islambek Rustambekovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.01.
Rasmiy opponentlar: Bobokulov Inomjon Ibragimovich yuridik fanlar doktori, professor, Gulimov Amanliq Bazarbaevich yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi MAGATE standartlarini “3S” tizimi, ya’ni yadro va radiatsiya xavfsizligi, jismoniy yadro himoyasi hamda kafolatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishning xalqaro-huquqiy asoslari va mexanizmlarini kompleks ilmiy-nazariy tahlil qilishdan iborat. Tadqiqot amaldagi tartibga solish tizimi va huquqni qo‘llash amaliyotidagi bo‘shliqlar, kolliziyalar hamda institutsional cheklovlarni aniqlashga, shuningdek, O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanishni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat nazorati va tekshiruvi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish, nazorat subektlarini aniq belgilash, ularning vakolatlarini chegaralash, shuningdek, inspeksiyalar predmetini, jumladan majburiy talablar, lisenziya shartlari va atom energiyasidan foydalanish obektlari xavfsizligi normalariga rioya etilishini qamrab olishi lozimligi asoslab berilgan;
fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari atom energetikasini tartibga solish jarayonida ishtirok etishi zarurligi isbotlangan. Bunday ishtirok AES hayotiy siklining barcha bosqichlari bo‘yicha dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish, ekspertizalarda qatnashish uchun vakillarni ilgari surish, mas’ul shaxslardan axborot olish, belgilangan tartibda yadro qurilmalariga tashrif buyurish hamda nurlanish dozalari haqidagi ma’lumotlardan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim;
milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasining yadro xavfsizligi sohasidagi asosiy xalqaro konvensiyalarga qo‘shilishi yoki ularning qoidalarini implementatsiya qilishi, xalqaro majburiyatlarni hisobga olgan holda milliy normalar va qoidalarni qabul qilishi, MAGATE standartlariga rioya etishi, xalqaro xavfsizlik sharhlarida ishtirok etishi, shuningdek, AESni loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan standartlar, reglamentlar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishi hamda moslashtirishi orqali amalga oshirilishi lozimligi asoslab berilgan;
Atom energiyasi agentligining asosiy faoliyat yo‘nalishlari normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, atom energiyasidan foydalanish obektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlashni o‘z ichiga olishi lozimligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya tadqiqoti davomida olingan ilmiy xulosalar quyidagilarda o‘z aksini topgan.
Atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat nazorati va tekshiruvini takomillashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 9-sentyabrdagi O‘RQ-565-son “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni 23-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur takliflar davlat nazorati va tekshiruvining mazmunini belgilash, jumladan huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish, nazorat subektlarini aniqlash, ularning vakolatlarini chegaralash, shuningdek, inspeksiyalar predmetini aniqlashtirish — majburiy talablar, lisenziya shartlariga rioya etilishi hamda obektlarning belgilangan xavfsizlik normalari va qoidalariga muvofiqligini tekshirish masalalariga taalluqli bo‘lgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2024-yil 16-fevraldagi 9-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliy ahamiyati huquqni qo‘llash jarayonida aniqlik va oldindan prognoz qilinadigan yondashuvni kuchaytirishda namoyon bo‘ladi. Tekshiruv predmetining mustahkamlanishi va vakolatlarning chegaralanishi funksiyalar takrorlanishi xavfini kamaytirish, inspeksiyalarni yagona yondashuv asosida o‘tkazish, shaffof chek-listlar va unifikatsiyalashgan nazorat tartib-taomillarini qo‘llash uchun asos yaratishga, shuningdek, obektlarni raqamli hisobga olish, nazorat organlari o‘rtasida ma’lumot almashish hamda inspeksiya xodimlarini maqsadli tayyorlashga xizmat qilgan;
Atom energiyasidan foydalanish sohasida fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirokini kengaytirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 9-sentyabrdagi O‘RQ-565-son “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni 24-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur takliflar jamoatchilikning AES hayotiy siklining barcha bosqichlarida dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda ishtirok etish, ekspertizalarda qatnashish uchun o‘z vakillarini tavsiya etish, mas’ul shaxslardan axborot so‘rash, belgilangan tartibda yadro qurilmalariga tashrif buyurish, shuningdek, nurlanish dozasi to‘g‘risidagi hujjatlarni olish huquqlarini nazarda tutgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2024-yil 16-fevraldagi 9-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliy ahamiyati yadro dasturining shaffofligi va hisobdorligini oshirishda namoyon bo‘ladi. Jamoatchilik ishtiroki tartib-taomillarining mustahkamlanishi ommaviy muhokamalar muddatlari va shakllarini standartlashtirishga, bildirilgan takliflar reestrini yuritish hamda ularga asoslantirilgan javoblar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga, shikoyat qilish kanallarini yaratishga va qabul qilinayotgan dasturlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar sifatini oshirishga xizmat qilgan;
Milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi PQ-4165-son “2019–2029-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 13-band “a” va 13-band “b” kichik bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasining yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro konvensiyalarga qo‘shilishi yoki ularning qoidalarini implementatsiya qilishi, xalqaro shartnomalarni hisobga olgan holda milliy normalar va qoidalarni qabul qilishi, MAGATE standartlariga rioya etishi, xalqaro xavfsizlik sharhlarida ishtirok etishi, shuningdek, AESni loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan standartlar, reglamentlar, yo‘riqnomalar hamda boshqa hujjatlarni ishlab chiqishi masalalariga taalluqli bo‘lgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2025-yil 8-oktyabrdagi 8/0015/23-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliy ahamiyati shundaki, u milliy yadro infratuzilmasini xalqaro konvensiyalar va MAGATE standartlari bilan bosqichma-bosqich uyg‘unlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Bu AES hayotiy siklining asosiy bosqichlari — maydon tanlash va loyihalashtirishdan boshlab, qurish, foydalanishga topshirish va keyingi ekspluatatsiya jarayonlarigacha — tarmoq standartlari, idoraviy reglamentlar, lisenziya talablari va inspeksiya tartib-taomillarini ishlab chiqishga oid yondashuvlarni shakllantirish imkonini bergan. Mazkur yondashuv idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirishga, amalga oshirish ko‘rsatkichlari monitoringini yo‘lga qo‘yishga, xalqaro xavfsizlik sharhlariga tayyorgarlikni oshirishga hamda investorlar va pudratchilar uchun tartibga solishning oldindan prognoz qilinadiganligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa IAEA Milestones metodologiyasiga mos keladi va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini mustahkamlashga xizmat qilgan;
Atom energiyasi agentligining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilashga oid muallif takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-188-son “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 1-ilovani ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur takliflar Agentlikning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini ta’minlashiga taalluqli bo‘lgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2025-yil 8-oktyabrdagi 8/0015/23-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliy ahamiyati Agentlik vakolatlarini aniq institutsionallashtirishda namoyon bo‘ladi. Ko‘rsatilgan yo‘nalishlarning PQ-188-son qarorga 1-ilovada mustahkamlanishi Agentlik funksiyalarini boshqa organlar vakolatlaridan chegaralash, takrorlanish xavfini bartaraf etish, shuningdek, kadrlarni tizimli tayyorlash, norma ijodkorligi ishlarini rejalashtirish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston Respublikasining yadro sohasidagi shartnomaviy majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish uchun zarur asos yaratishga xizmat qilgan.