Tohirov Ulug‘bek Xolmirzaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Konvektiv quyosh quritish qurilmasining samaradorligini oshirish usullarini ishlab chiqish”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.3.PhD.D/T4903
Ilmiy rahbar: Abduraxmanov Kaxar Pattaxovich, fizik-matematika fanlari  doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent  irrigatsiya  va  qishloq  xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD. 03/2025.28.11.T.17.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Sirojiddin Fayozovich, texnika fanlari doktori, professor;  Fayziev To‘lqin Amirovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tabiiy konveksiyali yuqori samarali bilvosita quyosh quritish qurilmasini ishlab chiqish, qurilmaning samaradorligini oshirish va issiqlik-texnik parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
issiqlik to‘plovchi quvurli yaxlit profillangan alyuminiy listdan iborat quyosh kollektori va uning ust qismida o‘rnatilgan havo isitgichdan tashkil topgan takomillashtirilgan tabiiy konveksiyali yuqori samarali bilvosita quyosh quritish qurilmasi  ishlab chiqilgan (№ FAP 01770); 
quyosh nurlanishini integral yutish qobiliyati yuqori (α ≈ 0,92) bo‘lgan, yuqori issiqlik o‘tkazuvchanlikka ega, yaxlit qoraytirilgan profillangan alyuminiy listdan issiqlik yutuvchi element sifatida foydalanish orqali quyosh kollektorining issiqlik yutish va issiqlik uzatish samaradorligini oshirishga erishilgan;
kollektor paneliga parallel zanglamaydigan po‘lat quvurlar o‘rnatilishi orqali yassi quyosh kollektorining solishtirma issiqlik sig‘imini 3 marta oshirishga va kollektor yuzasiga teng havo quvurini o‘rnatish orqali havo isitgichning yuqori samaradorligini oshirishga hamda isitilgan havoning tabiiy konveksiyasini ta’minlanishiga erishilgan;
qavatlarda joylashgan poddonlarning bir-biridan siljitishi hisobiga quritish shkafining nam havosini tortish balandligini kritik o‘lchami 4,5 m ga erishish orqali havo turbulentligini va shkaf ichidagi haroratning bir tekis taqsimlanishini ta’minlaydigan quritish shkafining konstruksiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tabiiy konveksiyali bilvosita turdagi yuqori samarali quyosh quritish qurilmasini ishlab chiqish asosida:
quyosh quritish qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi”dan foydali modelga patent olingan (№ FAR 01770). Natijada, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini quritish imkonini beradigan yaxlit, qoraytirilgan, issiqlik to‘plovchi quvurli profillangan alyuminiy listdan iborat kombinatsiyalashgan quyosh suv qizdirish kollektori va quyosh havo qizdirish kollektorli tabiiy konveksiyali yuqori samarali bilvosita quyosh quritish qurilmasi yaratilgan; 
tabiiy konveksiyali bilvosita yuqori samaradorlikka ega quyosh quritish qurilmasi Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi “Tolli oltin olmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi Vazirligi qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil, 12-dekabrdagi 05/04-04-882-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yuqori samarali tabiiy konveksiyali bilvosita quyosh quritish qurilmasi yordamida yillik 640 kVt·soat elektr energiyasi yoki 241,4 kg shartli yoqilg‘i tejalishiga hamda 127,8 kg CO₂ zararli chiqindilarining atmosferaga chiqarib yuborilishining oldini olishga erishilgan. Fermer xo‘jaligida an’anaviy yoqilg‘i-energiya resurslarining tejalishi hisobiga yillik davomida 20-22% iqtisodiy samaradorlikka erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish