Qudratov Afzalxo‘ja Rustamjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kichik quvvatli tarmoq fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligini baholash usuli”, 05.05.06 – “Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3957.
Ilmiy rahbar: Shog‘o‘chqorov Sanjar Qodir o‘g‘li, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.28.11.T.02.01.
Rasmiy opponentlar: Mirzabaev Akrom Mahkamovich, texnika fanlari doktori, professor; Rahimov Ergashali Yuldashevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligi va mavjudligini baholash, sabab-tashxislash hamda ishonchliligini oshirish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quyoshli vaqtda fotoelektr stansiyalarining ishga yaroqlilik holatini tavsiflovchi KEB integral ko‘rsatkichi asosida kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligini baholashning hisobiy-eksperimental metodikasi ekspluatatsion mavjud emaslikning differensial tarkibini hisobga olgan holda taklif etilgan.
FusionSolar/SCADA monitoring ma’lumotlari asosida potensial generatsiya yo‘qotishlarining tarmoq ta’siriga, uskunaga hamda iqlim omillariga bog‘liq noaniq tarkibiy qismlarini alohida baholash imkonini beruvchi kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion mavjudligini differensial baholash ko‘rsatkichlari taklif etilgan;
kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarida tarmoq ta’siriga bog‘liq ekspluatatsion mavjud emaslikning D(t) holat indikatori, kuchlanish parametrlari, invertor ish rejimlari, lokal yuklama va himoya sozlamalarining o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda fizik-statistik model ishlab chiqilgan;
bir xil turdagi ob’ektlarni guruhli skrining qilish hamda IN indeksi qiymatlarini hisobga olish asosida kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarini ekspluatatsion xavf darajasi bo‘yicha sabab-tashxislashga mo‘ljallangan ikki pog‘onali saralash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kichik quvvatli tarmoq quyosh fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligini baholash uslubiyatini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligini baholashning hisobiy-eksperimental metodikasi “Solar Nature” MChJga joriy qilingan (Energetika vazirligining 2025 yil 22 dekabrdagi №04-13-7149-son ma’lumotnomasi). Natijada, fotoelektr stansiyalarining ekspluatatsion barqarorligini birinchi marta miqdoriy baholash hamda optimal ekspluatatsiya sharoitida ushbu ko‘rsatkichni 99,7 % gacha, noqulay tarmoq va iqlim sharoitlarida esa 78,9 % gacha o‘zgarishini aniqlash imkoniyati yaratilgan;
kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarini ekspluatatsion xavf darajasi bo‘yicha sabab-tashxislashga mo‘ljallangan ikki pog‘onali saralash usuli «Solar Nature» MChJga joriy qilingan (Energetika vazirligining 2025 yil 22 dekabrdagi №04-13-7149-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekspluatatsion xavf darajasi yuqori bo‘lgan 613 ta ekspluatatsion hodisaning sababi tahlili asosida ularning 433 tasi (70,6 %) tarmoq kuchlanishining oshishi, 105 tasi (17,1%) tarmoq o‘chishi va 75 tasi (12,2%) kuchlanish pasayishi bilan bog‘liqligini aniqlash imkoniyati yaratilgan.