Pulatov Vaxidjon Baxtiyarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “intellektual taqsimlangan boshqaruv tizimlarining elektron qurilmalarini diagnostikalash va parametrik sozlash algoritmlarini ishlab chiqish” 05.01.06 – Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4179.
Ilmiy rahbar: texnika fanlari doktori, professor. Jumaev Odil Abdujalilovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc. 03/2025.27.12.T.02.03.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Maraximov Avazjon Raximovich; texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor Matyokubov Nurbek Rustamovich.
Yetakchi tashkilot: Olmaliq shahridagi Moskva po‘lat va qotishmalar instituti Milliy tadqiqot texnologik universiteti filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: intellektual taqsimlangan boshqarish tizimlarida nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ishdan chiqish oqibatlarini minimallashtirish va tizim parametrlarini avtomatik tarzda optimallashtirish orqali elektron qurilmalarni diagnostika qilish va parametrik sozlash algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adaptiv chiziqlashtirish, kengaytirilgan holatlar fazosi va stoxastik g‘alayonlarni baholash usullari asosida, tarqalgan parametrli real nochiziqli tizimni jamlangan parametrli va chekli o‘lchamli holat parametrlari vektorida adekvat approksimatsiyalaydigan nochiziqli dinamik tizimning holat modeli tenglamalarini olish imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqilgan;
boshqarish tizimlarining birlamchi qurilmalari va kontrollerlaridagi nosozliklarni aniqlash, joyini belgilash va tasniflashni ta’minlash maqsadida qoldiq signallarni tahlil qilish, gipotezalarni statistik tanlash, kovariatsion baholash hamda adaptiv diagnostika mezonlari usullariga asoslangan diagnostika algoritmi ishlab chiqilgan;
tarqalgan tizimlarda ishlaydigan elektron qurilmalarning o‘zaro ta’siri va murakkab bog‘liqliklarini hisobga olgan holda, ulardagi nosozliklarni real vaqtda aniqlaydigan va identifikatsiyalaydigan algoritmlar ishlab chiqilgan;
yuklama, tashqi muhit va tizim holatidagi o‘zgarishlarni hisobga olib, qurilmalarning ishlash parametrlarini real vaqtda dinamik tarzda sozlash uchun adaptiv boshqaruv usullarini mashinaviy o‘qitish bilan integratsiyalovchi algoritmlar ishlab chiqilgan;
noaniq mantiq asosida, bashorat qilinayotgan nosozliklarning joriy holatini inobatga olgan holda, tarqalgan tizimlardagi qurilmalar o‘rtasida hisoblash va energiya resurslarini optimal taqsimlash algoritmlari taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Diagnostika algoritmlarini sintez qilish va intellektual taqsimlangan boshqarish tizimlarining elektron qurilmalarini parametrik sozlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
diagnostika algoritmlari asosida ishlab chiqilgan va ularning o‘zaro ta’siri va murakkab bog‘liqliklarini hisobga olgan holda taqsimlangan tizimlarda ishlaydigan elektron qurilmalardagi nosozliklarni real vaqtda aniqlovchi dasturiy ta’minot 5-gidrometallurgiya zavodida joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2026 yil 16 fevraldagi 02-15-02/1566-son ma’lumotnomasi). Natijada, nosozliklar bo‘lsa ham, ishlashni davom ettirish uchun tizimni avtomatik sozlash ta’minlangan;
diagnostika algoritmlari asosida ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot, yuklama, tashqi muhit va tizim holatidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda real vaqt rejimida qurilmalarning ishlash parametrlarini dinamik ravishda sozlash uchun adaptiv boshqarish usullarini mashinani o‘rganish bilan birlashtirgan holda 5-gidrometallurgiya zavodida joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2026 yil 16 fevraldagi 02-15-02/1566-son ma’lumotnomasi). Natijada, intellektual boshqarish tizimining elektron komponentlarining diagnostika ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish