Mirzaxalilov Mirzabbos Mirzakarim o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shahrixonsoy ixtiofaunasi (tur tarkibi, morfobiologiyasi)” 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1031.
Ilmiy rahbar: Nazarov Muxammadrasul Sharapovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Umarov Farrux Ulug‘bekovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Shahrixonsoy daryosida uchrovchi baliqlar faunasi taksonomik tarkibini aniqlash, havza baliqlarining morfometrik hamda biologik xususiyatlarini ochib berish, identifikatsiyaning umumiy morfologik tahlilini hamda qo‘shni suv havzalari ixtiofaunasi bilan o‘zaro qiyoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shahrixonsoy ixtiofaunasi ilk marta tadqiq etilib, uning tarkibi 7 turkum 13 oila 20 urug‘ga mansub 21 ta turdan iboratligi aniqlangan;
Shahrixonsoyda uchrovchi baliq turlarining morfometrik xususiyatlari ochib berilgan hamda baliqlarni identifikatsiya qilishga doir umummorfologik tahlil ishlab chiqilgan;
Sirdaryo yuqori oqimi havzasi uchun shu vaqtgacha faqat Norin daryosidan qayd etilgan Salmo oxianus ning Shahrixonsoyda uchrashi morfobiologik dalillar bilan asoslangan;
Ilk bor Shahrixonsoyda tarqalgan Rhodeus ocellatus, Triplophysa strauchii, Schizothorax eurystomus, Gobio lepidolaemus, Carassius gibelio kabi turlarning reproduktiv va o‘sish xususiyatlari ochib berilgan;
Shahrixonsoyda uchrovchi Alburnus taeniatus Farg‘ona vodiysida ilk bor genetik identifikatsiya qilingan;
Shahrixonsoy ixtiofaunasi qo‘shni suv havzalari ixtiofaunasi bilan qiyosiy tahlili o‘tkazilgan va unga ko‘ra Shoximardonsoy-Marg‘ilonsoy ixtiofaunasi bilan 73%, Qoradaryo va Norin daryosi ixtiofaunasi bilan 69%, Sirdaryo ixtiofaunasi bilan 59%, So‘x ixtiofaunasi bilan 50% va Isfayramsoy ixtiofaunasi bilan 48% o‘xshashligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shahrixonsoy baliqlar faunasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Shahrixonsoy baliqlari tur tarkibi va morfobiologiyasiga oid tadqiqot natijalari asosida “Baliqchilik” nomli darslik (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 25-iyundagi 218-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan 218-548-sonli guvohnoma) nashr etilgan bo‘lib, “60830100 - Suv bioresurslari va akvakultura” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining malaka talabi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining №02/01-01-85-son ma’lumotnomasi). Natijada, Oliy ta’lim muassasalarida “60830100 - Suv bioresurslari va akvakultura” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish imkonini bergan;
Alburnus taeniatus ning COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBank bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, PZ477601 inventar raqami olingan va u xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan.