Nasirov Mardonbek Xaldarbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘tish metallari dixalkogenidlarining monomolekulyar qatlamlarida qutblangan yorugʻlikning yutilishi va o‘lchamli kvantlashish nazariyasi”, 01.04.10 – Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1217.
Ilmiy rahbar: Rasulov Vahob Rustamovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.03/2025.27.12.FM/T.01.06.
Rasmiy opponentlar: Gafur Gulyamov, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Imamov Erkin Zunnunovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; 
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: MoS₂, MoSe₂ va ReS₂ o‘tish metallari dixalkogenidlarining monomolekulyar qatlamlarida chiziqli hamda sirkulyar qutblangan yorug‘likning bir-, ikki- va uch-fotonli zonalararo yutilish koeffitsientlarini chastota, qutblanish holati, yorug‘lik intensivligi va temperatura bo‘yicha mikroskopik nazariya asosida hisoblash hamda ushbu materiallar asosidagi past o‘lchamli tuzilmalarda o‘lchamli kvantlashish qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
chiziqli va sirkulyar qutblangan yorug‘likning zonalararo ikki fotonli yutilish koeffitsienti uchun kogerent to‘yinish hisobga olinmagan sharoitda foton energiyasi ortishi bilan chiziqli qutblangan yorug‘lik yutilish koeffitsienti E_g=0,3eV da ℏω=0,65 eV va E_g=1,5eV da ℏω=0,90 eV qiymatlarda, sirkulyar qutblangan yorug‘lik yutilish koeffitsienti esa mos ravishda ℏω=0,63 eV va ℏω=0,85 eV qiymatlarda maksimumga erishishi, shuningdek, chastotaning belgilangan qiymatida ushbu koeffitsientlarning 100–500 K harorat oralig‘ida ekstremumsiz monoton ortishi aniqlangan;
chastotaning belgilangan qiymatida zonalararo uch fotonli yutilish koeffitsientining harorat ortishi bilan monoton ortishi hamda hisoblashlarda tanlangan parametrlar oralig‘ida ushbu temperaturaviy bog‘lanish xarakterining yorug‘lik qutblanish holati va materialning taqiqlangan zona kengligiga bog‘liq emasligi aniqlangan;
zonalararo uch fotonli yutilish koeffitsientining belgilangan haroratda yorug‘lik qutblanish holatidan qat’i nazar, foton chastotasi ortishi bilan maksimum orqali o‘tib kamayishi hamda taqiqlangan zona kengligi ortishi bilan uning maksimal qiymati miqdoran oshishi aniqlangan;
o‘tish metallari dixalkogenidlarining monomolekulyar qatlamlari asosida o‘stirilgan o‘lchamli kvantlashgan nuqtalarda zaryad tashuvchilarning energetik dispersiyasi diskret kvantlangan energetik sathlar to‘plamidan iborat bo‘lishi, ularning qiymatlari materialning zonaviy parametrlari, strukturaning geometrik o‘lchamlari va kvantlangan sathlarning tartib raqamiga bog‘liqligi, shuningdek, struktura o‘lchamlari kamayishi bilan qo‘shni energetik sathlar orasidagi masofa ortishi aniqlangan;
1560 nm to‘lqin uzunlikli lazer bilan yoritilgan ReS₂ monoqatlamida chiziqli qutblangan yorugʻlikning bir fotonli yutilish koeffitsientining burchakka bogʻliqligi bo‘yicha olingan tajriba natijalari nazariy jihatdan 15% xatolik doirasida tushuntirildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘tish metallari dixalkogenidlarining monomolekulyar qatlamlarida qutblangan yorug‘lik yutilishi va o‘lchamli kvantlashish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘tish metallari dixalkogenidlarining monomolekulyar qatlamlarida yorug‘likning nochiziqli ko‘p fotonli yutilishi natijasida yuzaga keladigan qutblanishga bog‘liq optik effektlarni hisoblash bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan “Foton” AJda optik axborotni yozish tizimlari, optoelektron qurilmalar va fotodetektorlarning optik xarakteristikalarini optimallashtirishda foydalanilgan (“Foton” AJning 2025-yil 19-dekabrdagi 473-son ma’lumotnomasi). Natijalardan foydalanish mazkur tizim va qurilmalarning optik javobini yorug‘lik chastotasi, intensivligi, temperaturasi va qutblanish holatiga bog‘liq holda nazariy baholash, shuningdek, fotodetektorlarning spektral va qutblanishga sezgir xarakteristikalarini hamda optik axborotni yozish va saqlash tizimlari uchun zarur bo‘lgan material parametrlarini aniqlash imkonini bergan;
MoS₂, MoSe₂ va ReS₂ monomolekulyar qatlamlarida chiziqli hamda sirkulyar qutblangan yorug‘likning bir-, ikki- va uch-fotonli yutilish koeffitsientlarini hisoblash uchun ishlab chiqilgan nazariy modellar, kvant nuqtalar va nanoiplardagi o‘lchamli kvantlashish formalizmi hamda ReS₂ monomolekulyar qatlamida kogerent to‘yinish sharoitida yutilish koeffitsientining spektral-burchak bog‘lanishini modellashtirish yondashuvlaridan Malayziya Xalqaro Islom Universitetida bajarilgan FRGS19–039–0647 amaliy tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (Malayziya Xalqaro Islom Universitetining 2025-yil 18-dekabrdagi 035-KOE-25-son ma’lumotnomasi). Natijada 1560 nm lazer bilan yoritilganda fotodetektor javobini tajribaviy talqin qilish, past o‘lchamli optoelektron strukturalarda tashuvchilar dispersiyasini muhandislik qilish va “yorug‘lik–modda” o‘zaro ta’sirini modellashtirish imkoniyatlari kengaytirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish