Djumayuev Sindor Ne’matovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Detallarga yuqori aniqlikda mexanik ishlov berish texnologik tizimlarini raqamli modellari va boshqarish algoritmlari”, 05.01.02 – “Tizimli tahlil, boshqaruv va axborotni qayta ishlash” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5062.
Ilmiy rahbar: Sulyukova Larisa Faritovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.T.09.06 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Sabir Xalmuradovich, texnika fanlari doktori, professor.
Muxamedieva Dilnoz Tulkunovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti
II. Tadqiqotning maqsadi: optimal boshqaruv usullari asosida ishlov berish aniqligi, barqarorligi va sifatini oshirishni ta’minlaydigan, detallarga yuqori aniqlikda mexanik ishlov berish texnologik tizimlarini boshqarishning raqamli modellari va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishlov berish aniqligini boshqarishni ta’minlaydigan faol boshqariladigan o‘zgaruvchi sifatida o‘q bo‘ylab cho‘zuvchi kuchni hisobga olgan holda, kesish parametrlari va elastik deformatsiyalar holatlarini fazoda formallashtirish asosida qattiq bo‘lmagan vallarga tokarlik ishlov berish texnologik tizimining matematik modeli ishlab chiqilgan;
detal sirtining shakli va sifatini yuqori aniqlikda ta’minlash maqsadida integral kvadratik baholash mezoni va chiziqli-kvadratik rostlash (LQR) usuli asosida dinamik ishlov berish tizimini boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
qattiq bo‘lmagan detallarga ishlov berishning tebranishga bardoshligi va aniqligini oshirishni ta’minlash maqsadida, parametrlarni minimallashtirishning ko‘p mezonli maqsadli funksiyasi asosida texnologik tizim parametrlarini optimal boshqarish algoritmi ishlab chiqilgan;
ishlab chiqarishning moddiy-energetik resurslarini tejash va detallarning yuqori aniqligini ta’minlash maqsadida, raqamli loyihalash bosqichlari asosida tokarlik ishlov berish texnologik tizimining raqamli modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dissertatsiya tadqiqotlari doirasida ishlab chiqilgan optimal boshqarish algoritmlari va qattiq bo‘lmagan detallarga yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish TT (texnologik tizim) modellarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlov berish aniqligini boshqarishni ta’minlaydigan faol boshqariladigan o‘zgaruvchi sifatida o‘q bo‘ylab cho‘zuvchi kuchni hisobga olgan holda, kesish parametrlari va elastik deformatsiyalar holatlarini fazoda formallashtirish asosida qattiq bo‘lmagan vallarga tokarlik ishlov berish texnologik tizimining matematik modeli, detal sirtining shakli va sifatini yuqori aniqlikda ta’minlash maqsadida integral kvadratik baholash mezoni va chiziqli-kvadratik rostlash (LQR) usuli asosidagi dinamik tizimni boshqarish algoritmi hamda detallarga yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish jarayonlarini raqamli loyihalashning dasturiy majmuasi “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi”ning amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 17-noyabrdagi 34-8/8423-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuqori aniqlikdagi detallarni loyihalash samaradorligini 30% ga oshirish imkonini bergan;
qattiq bo‘lmagan detallarga ishlov berishning tebranishga bardoshligi va aniqligini oshirishni ta’minlash maqsadida, parametrlarni minimallashtirishning ko‘p mezonli maqsadli funksiyasi asosida texnologik tizim parametrlarini optimal boshqarish algoritmi asosidagi dasturiy vositasi “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” MChJda joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 17-noyabrdagi 34-8/8423-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi 3-5% dan ko‘p bo‘lmagan qayta sozlash bilan 1,6 soniya ichida ishlov berishning optimal rejimini o‘rnatishni ta’minladi, kesish rejimlarini optimallashtirish va ishlov berish operatsiyalarini istisno qilish hisobiga rotorning bitta valiga ishlov berish vaqtini 16,7% ga kamaytirish va asbobning chidamliligini 12-15% ga oshirish imkonini bergan;
ishlab chiqarishning moddiy-energetik resurslarini tejash va detallarning yuqori aniqligini ta’minlash maqsadida, raqamli loyihalash bosqichlari asosida tokarlik ishlov berish texnologik tizimining raqamli modellari hamda kesish rejimlarini aniqlashga mo‘ljallangan dasturiy majmua, shuningdek, qattiq bo‘lmagan vallarga ishlov berishning barqaror jarayonini ta’minlash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar Samarqand viloyati kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazida joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 17-noyabrdagi 34-8/8423-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur joriy etish natijalari ishlov berish aniqligini 15–20 foizga oshirish imkonini bergan.