Rahimov Zarqum Zafarjonzodaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Mirzacho‘l vohasi bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining biologik holati va ularni baholash (Mirzaobod tumani tuproqlari misolida)”, 03.00.13 - Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/V1529.
Ilmiy rahbar: Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.B/Qx.01.16.
Rasmiy opponentlar: Turdaliev Avazbek Turdalievich, biologiya fanlari doktori, professor; Faxrutdinova Mashkura Fazliddinovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘l vohasining sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarida kompleks mikrobiologik-biokimyoviy yondashuvlar asosida sho‘rlanish jarayonlari ta’sirida mikrobiologik va fermentativ faollikning o‘zgarish qonuniyatlarini aniqlash hamda tuproqlarni biologik holatini integral ko‘rsatkichlar asosida baholashning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
turli darajada sho‘rlangan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarda agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalari bilan bir qatorda mikroorganizm guruhlari va fermentlar faolligining miqdoriy o‘zgarishi kompleks o‘rganish tuproqlarning unumdorlik holatini baholashda diagnostik-indikatsion masalalarni hal qilish imkonini berishi ilmiy asoslangan; 
tuproqlarda gumus parchalovchi mikroorganizmlar miqdori sho‘rlanish darajasiga bog‘liq ravishda kamayishi aniqlanib, organik moddalarning parchalanish tezligi va gumus moddalarining barqarorligi o‘rtasidagi bog‘liqliklarni ifodalashi ilmiy asoslangan; 
kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarda sho‘rlanmagan tuproqlarga nisbatan mineral azotni o‘zlashtiruvchi mikroorganizmlar sonining oshishi ularning nafaqat sho‘rlanish darajasiga, balki tuproqdagi mineral shakldagi azot miqdoriga ham bog‘liqligi ilmiy jihatdan isbotlangan;
tuproqning asosiy xossalari bilan mikroorganizmlar miqdori va fermentlar faolligi o‘rtasida aniqlangan to‘g‘ri chiziqli korrelyativ bog‘liqliklar tuproq unumdorligi va ekologik-biologik holatini baholashda biologik xossalarning eng muhim informativ ko‘rsatkichlar sifatida foydalanish mumkinligi ilmiy asoslangan;
tuproqdagi sho‘rlanish komponentlari bilan mikroorganizmlar soni, shuningdek fermentlari faolligi o‘rtasida teskari (manfiy) korrelyativ bog‘liqliklar aniqlanib, sho‘rlanish darajasining ortishi tuproqning mikrobiologik va fermentativ faolligini cheklovchi asosiy ekologik omil ekanligi ilmiy jihatdan asoslangan;
turli darajada sho‘rlangan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarning mikrobiologik, biokimyoviy, kimyoviy va agrokimyoviy xossalarini aniqlash asosida indikatorlar tizimi ishlab chiqilib, ular asosida tuproqlarning umumiy biologik holati baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mirzacho‘l vohasi bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining biologik holati va ularni baholash (Mirzaobod tumani tuproqlari misolida) bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani “Mustaqillik” nomli massivning sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari uchun 1:10000 masshtabli sho‘rlanish kartogrammasi ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-913-son ma’lumotnomasi). Natijada massivdagi 1731,9 gektar sug‘oriladigan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash va oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilashga xizmat qilgan;
geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda tadqiqot hududi tuproqlarining unumdorlik ko‘rsatkichlarini (gumus, fosfor, kaliy, uglerod ) aks ettiruvchi raqamli xaritalar ishlab chiqilgan va Mirzaobod tumani “Mustaqillik” massivida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-913-son ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlangan tuproqlarning unumdorlik holatini yaxshilash hamda erlardan samarali foydalanish bo‘yicha agrokimyoviy va agromeliorativ tadbirlar belgilashda o‘g‘itlar meyorni belgilashda hamda ta’minlanganlik darajalarini bilishda ilmiy asos sifatida xizmat qilgan;
Mirzaobod tumani “Mustaqillik” massivi tuproqlarining mikrobiologik holatini (ammonifikator) tavsiflovchi raqamli xaritalar yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-913-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqning “sog‘lomligi” va unumdorlik holatiga tuproq mikroflorasi ta’sirini baholash hamda tuproq unumdorligini oshirishning bilologik yo‘llarini ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
Mirzaobod tumani “Mustaqillik” massivi sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining ustki qatlamidagi ureaza fermenti faolligini tavsiflovchi xaritasi ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-913-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqdagi oziq elementlarining aylanishida va tuproqlarning biologik holatini baholashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
tuproqlarning TEBHIK asosida umumiy biologik faolligi darajasini baholash xaritasi ishlab chiqilgan va Mirzaobod tumani “Mustaqillik” massivida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 12-dekabrdagi 05/05-04-913-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqning “sog‘lomligi” va unumdorlik holatiga tuproq mikroflorasi va fermentlar faoliyati ta’sirini baholash hamda tuproq unumdorligini oshirishning bilologik yo‘llarini ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish