Mardonova Feruza Baxronovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek xalqining hozirgi zamon ijtimoiy-ma’naviy hayotida millatlararo tolerantlik (ijtimoiy-falsafiy tahlil)”, 09.00.04–Ijtimoiy falsafa.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fal252.
Ilmiy rahbar: Safarova Nigora Olimovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Xudoyberdiev Ismatullo Egamberdievich, falsafa fanlari doktori, professor; Xaydarov Komil Donaboevich, falsafa fanlari  nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek xalqining hozirgi zamon ijtimoiy-ma’naviy hayotida millatlararo tolerantlikning konseptual-metodologik asoslarini takomillashtirishdan iborat.
    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“tolerantlik” kategoriyasining insonparvarlik, adolat, hamkorlik, saxovat singari gumanistik xususiyatlari milliy va umuminsoniy manfaatlarni  muvofiqlashtiruvchi, birlashtiruvchi, murosaga keltiruvchi, barqarorlashtiruvchi funksiyalari vositasida takomillashtirilgan;
o‘zbek xalqining millatlararo tolerantligida “manfaatlar uyg‘unligi”, “muqobillik”, “tenglik”, “jamoaviylik”, “ijtimoiy adolat” singari konstruktiv (birlashtiruvchi, etaklovchi va uyushtiruvchi) tamoyillari mamlakat barqaror taraqqiyotini ta’minlash omili ekanligi milliy qadriyatlar rakursida asoslangan;
o‘zbek xalqining millatlararo tolerantligida “muvofiqlashtiruvchi”, “sistemalashtiruvchi”, “tartibga soluvchi” va “integratsiyalovchi” funksiyalari hozirgi zamon yoshlarining ijtimoiy-axloqiy xususiyatlarini rivojlantirishda muhim tarbiyaviy omil ekanligi shaxsning immanent xususiyatlaridagi (dunyoqarashi, qadriyat mo‘ljallari, ideallari) o‘zgarishlar asosida isbotlangan;
globallashuv sharoitida millatlararo va konfessiyalararo tolerantlikni yuksaltirishda milliy va umuminsoniy xususiyatlarga xos murosa, xalqaro hamkorlik, ijtimoiy sheriklik kabi belgilarining konstruktivistik (davlat imkoniyatlaridan foydalanishga urg‘u berish), oykumenistik (turkiy xalqlarni yagona informatsion maydonga birlashtirish) singari substansional mohiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek xalqining hozirgi zamon ijtimoiy-ma’naviy hayotida millatlararo tolerantlikning ahamiyati bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiya va takliflar asosida:
“tolerantlik” kategoriyasining klassik, noklassik va postnoklassik fanlardagi gumanistik xususiyatlari (insoniylik, birdamlik) “bag‘rikenglik”, “hamjihatlik”, “millatlararo totuvlik” tushunchalari kontekstida ochib berilganligiga oid nazariy g‘oya va amaliy ahamiyatga ega taklif-tavsiyalaridan O‘zbekiston Milliy universitetda 2015–2017 yillarda bajarilgan “Demokratik islohotlarda o‘zbek modelining konseptual masalalari tahlili va izchil rivojlanishning nazariy-metodologik asoslari” mavzusidagi A-1-163 raqamli grant loyihasining uchinchi bosqichi “Taraqqiyot modeli – rivojlanish va islohotlar jarayonining asosi” deb nomlangan bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3500-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakatimiz aholisi o‘rtasida o‘zaro yordam, hamjihatlik, Vatanga muhabbat singari tuyg‘ularning yanada oshishiga va millatlararo tolerantlikni ta’minlash  orqali sohada olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning salohiyatini oshishiga xizmat qilgan;
o‘zbek xalqining millatlararo tolerantligida “manfaatlar uyg‘unligi”, “muqobillik”, “tenglik”, “jamoaviylik”, “ijtimoiy adolat” singari konstruktiv (birlashtiruvchi, etaklovchi va uyushtiruvchi) tamoyillari mamlakatimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlashning muhim omili ekanligi, milliy qadriyatlar orqali asoslab berilganligiga oid fikr-mulohazalar va taklif-tavsiyalardan  “Bedorlik”, “Millat va ma’naviyat” nomli maxsus eshittirishlarning ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 8 oktyabrdagi OEIR-S-175-son ma’lumotnomasi). Natijada, millatlararo tolerantlikni rivojlantirishga doir ilmiy, amaliy va metodologik g‘oyalar keng jamoatchilikka transformatsiyalash maqsad qilib olingan va bu maqsadga erishilgan;
o‘zbek xalqining millatlararo tolerantligida “muvofiqlashtiruvchi”, “sistemalashtiruvchi”, “tartibga soluvchi” va “integratsiyalovchi” funksiyalarining sifatiy o‘zgarishi yoshlarni ijtimoiy-axloqiy xususiyatlarini rivojlantirish omili ekanligi davrning immanent xususiyatlari (dunyoqarashi, qadriyat mo‘ljallari, ideallari) asosida isbotlab berilganligiga oid ilmiy-nazariy g‘oyalari, taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan 2019 yil mart-iyun` oylarida Respublika miqyosida o‘tkazilgan “O‘zbekiston–millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti» mavzusidagi dastur ssenariysini tayyorlashda va uning ijrosini ta’minlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 16 sentyabrdagi 04-13/4225-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy hayotida millatlararo tolerantlikni his qilishga, bag‘rikenglik kayfiyatini oshirishga va do‘stlikning musaffoligiga to‘g‘ri yondasha oladigan chinakam sodiq yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilgan;
globallashuv sharoitida millatlararo va konfessiyalararo tolerantlikni yuksaltirishda milliy va umuminsoniy xususiyatlarga xos murosa, xalqaro hamkorlik, ijtimoiy sheriklik kabi belgilarning substansional mohiyatiga oid konstruktiv g‘oyalari va ilmiy xulosalaridan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqasi  qo‘mitasi tomonidan 2019 yil 26 sentyabrda o‘tkazilgan “Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘tkazilgan konferensiya  ssenariysini tayyorlashda va uning ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqasi qo‘mitasining  2019 yil 10 oktyabrdagi 01-09-1764-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘p millatli respublikamiz aholisining madaniyatlararo aloqasini kuchaytirish, o‘zaro hamjihatligini ta’minlash va millatlararo totuvlikni yanada yuksaltirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish